“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi. Ushbu masala bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Shuningdek, fraksiya a’zolari bir qator qonun loyihalarini birinchi va ikkinchi o‘qishda muhokama qilib, fraksiya faoliyatiga oid tashkiliy masalalarni ko‘rib chiqdi.
Qonun loyihasining qabul qilish zarurati haqida so‘z borganda hozirgi kunda fuqarolar tomonidan transport vositalarini boshqarish jarayonida yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasdan, velosiped yo‘laklari, trotuarlar hamda yashil hudud maydonlaridan harakatlanish holatlari uchrayotganini alohida qayd etish lozim. Bu esa bevosita piyodalar, ya’ni insonlar hayotiga turli darajada xavf solmoqda. Vaholanki, bugun biz uchun yangilik sifatida qonunga taklif etilayotgan me’yor xorijiy mamlakatlarda allaqachon kuchga kirgan.
Qayd etildiki, yo‘llardagi harakat xavfsizligiga ta’sir qiluvchi boshqa omillar ham mavjud. Shulardan biri noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish va yo‘lni to‘sib qo‘yish holatlari hisoblanadi.
Fuqarolar o‘z yashash hududlaridagi ko‘chalarda noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatishi, yo‘lni to‘sib qo‘yish orqali harakatlanishni cheklagan holda transport vositalari haydovchilari va boshqa fuqarolarga, ayniqsa, aholiga shoshilinch xizmat ko‘rsatuvchi hamda maxsus transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilmoqda. Shu va shu kabi beboshliklar sabab yuzaga kelayotgan noqulayliklar qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etyapti.
Loyiha bilan haydovchilarning transport vositalarini trotuardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil hudud maydonlaridan yurgizgani uchun javobgarlik belgilanadi. Shuningdek, yo‘lovchilarga loyqa sachratish, yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazgan shaxslar ham qonuniy jazodan bebahra qolmaydi. Yo‘l qoplamasini ifloslantirish, noqonuniy to‘siqlar o‘rnatish yoki to‘sib qo‘yish yo‘li bilan xalal berganlar, avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazib, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratganlar, yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa qurilmalarni o‘rnatganlar ham javobgarlikka tortilishi nazarda tutilmoqda.
Deputatlar bu jihatlarni ma’qullagan holda, yo‘llarni harakat uchun qulaylashtirish, sifatli hamda xavfsiz holatga keltirish ham muhim ekanini ta’kidladi. Xususan, XDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov qonun loyihasining mazmuni uning zaruratini ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Biroq undan oldin amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar borligiga e’tibor qaratdi. Buning uchun birinchi navbatda piyoda hamda velosiped yo‘laklarini, trotuarlarni belgilash va tartibini aniqlab olish lozimligi qayd etildi. Masalan, Toshkent shahrida velosiped yo‘laklari trotuarlarda bo‘lsa, Farg‘ona viloyatida katta qatnov yo‘lining chet qismida ajratilgan.
Shuningdek, hozir qurilayotgan ko‘p qavatli uylar yoki boshqa obyektlar oldida avtoturargoh bo‘lishi mumkin. Ammo aksariyat binolarga kirib chiqish uchun haydovchi avtomobilini majburan yo‘l chetlariga, piyodalar yo‘lagi yoki belgilanmagan boshqa joylarga qo‘yishga majbur bo‘ladi. Bu kabi noqulayliklar bor ekan, jarimaga tortish bilan masalaga yechim topib bo‘lmasligi bildirildi. Aholi orasida noroziliklar keltirib chiqarmaslik uchun har bitta masala aniq belgilanishi, mas’ul vazirliklar tomonidan avval imkoniyat va qulayliklar ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi. Palata majlisida yoki keyingi muhokamalarda Transport vazirligining ishtirokini ta’minlash taklif etildi.
Mazkur qonunga hamohang yana bir loyiha “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi masala ham deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.
Sir emaski, so‘nggi yillarda mamlakatimiz, ayniqsa, poytaxt yo‘llarida tirbandliklarni kamaytirish hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berish yo‘nalishida amaliy choralar ko‘rilmoqda. Biroq qonunchilikdagi bo‘shliqlar jamoat transportidan foydalanishning samaradorligiga jiddiy ta’sir qilmoqda.
Jumladan, bugungi kunda qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan. Natijada, yengil transport vositalari mazkur yo‘laklarda bemalol harakatlanib, jamoat transportining harakatiga to‘sqinlik qilmoqda. Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda kiritilib, qoidabuzarlarga javobgarlik belgilash taklif etilyapti.
Deputatlar loyihada keltirilgan takliflar bo‘yicha bir qator savollar bilan murojaat qildi. Istisno qilish mumkin bo‘lgan holatlar yuzasidan takliflarini bildirdi.
Har ikkala loyiha birinchi o‘qishda ma’qullandi.