Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va tengdirlar
Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va tengdirlar

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ilk moddasi hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar, degan so‘zlar bilan boshlanadi. Bu bejiz emas. Chunki inson huquqlari — bu har bir kishining tug‘ilishi bilan beriladigan va hech kimdan tortib olinmaydigan asosiy huquqlardir.

Ko‘p asrlik tarixiy tajriba mahsuli bo‘lgan ushbu universal hujjat 1948-yil 10-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida qabul qilingan. 1950-yildan boshlab, deklaratsiya qabul qilingan sanani Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlash BMT tomonidan joriy etilgan. Mana necha yildirki, har yili ushbu sana butun dunyoda keng nishonlanib kelinadi.

Darhaqiqat, 30 moddadan iborat ushbu hujjat xalqaro va milliy darajada inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining shakllanishi va rivojlantirilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur hujjat asosida va undagi qoidalarning universal va mintaqaviy darajadagi rivoji sifatida BMT tomonidan 70 ga yaqin, Yevropa Kengashi Bosh Assambleyasi tomonidan 160 dan ziyod, YUNESKO tomonidan 70 dan, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan esa 30 dan ortiq xalqaro normativ hujjatlar qabul qilingan.

Shu kungacha dunyoning 500 dan ortiq tiliga tarjima qilingan Deklaratsiya insoniyatga tegishli barcha huquqlarni o‘z ichiga olishi bilan ham nihoyatda ahamiyatlidir.

Alohida qayd etish joiz, mustaqil O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib e’tirof etgan xalqaro hujjat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi sanaladi. Davlatimiz 1991 yil 30 sentyabrda ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilib, uning ustuvor talabalarini qabul qildi.

E’tiborlisi shundaki, ushbu hujjatda belgilangan inson huquqlari va erkinliklari Konstitutsiyamizda to‘liq o‘z ifodasini topganidir. Ayniqsa, 2023-yil 30-aprelda referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda inson huquqlariga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayganini ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, unda inson huquqlariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar 3 baravardan ortiq ko‘paydi. Ya’ni inson huquqlariga taalluqli moddalardagi normalar 37 dan 98 taga ortdi. Asosiy Qonunimiz inson huquqlari borasidagi yangi normalar bilan boyitildi. Masalan, dasturilamal hujjatimizda xalqaro miqyosda tan olingan huquq institutlari bo‘lmish “Miranda qoidalari”, “Xabeas korpus” institutlari o‘z aksini topdi.

Umuman aytganda, inson huquqlari — qonun ustuvorligi amalda bo‘lgan barcha davlatlar qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy tamoyildir. Mamlakatimizda ham ushbu tamoyilga qat’iy rioya qilinadi. Shunday ekan, bu oliy qadriyatni qaror toptirishga barchamiz mas’ullik bilan yondashishimiz maqsadga muvofiqdir.

 

Ulug‘bek SHЕRMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish