Ijtimoiy davlat tamoyili hayotga tatbiq etilmoqda
Ijtimoiy davlat tamoyili hayotga tatbiq etilmoqda

 

Ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbari bildirgan taklif va tashabbuslar yangi Konstitutsiyamizda ifoda etilgan “ijtimoiy davlat” tamoyilining yorqin ifodasi bo‘ldi. Avvalo ijtimoiy himoya sohaga davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar va ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lishga arziydi.

Qoraqalpog‘iston misolida aytadigan bo‘lsak, birgina “Ayollar daftari” doirasida qariyb 8,7 mingta oilaga 8,1 milliard so‘mlik davlat ko‘magi ko‘rsatilgan. Xususan, boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 7427 nafariga 8,9 milliard, ijtimoiy yordamga muhtoj birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lganlarning 9756 nafariga 11, 7 milliard, qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan xotin-qizlarning 3069 nafariga 3, 9 mlrd so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. Og‘ir turmush sharoitida yashovchi 1116 nafar xotin-qizning uy-joylari ta’mirlanib, ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 32 820 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi.

Shahar va tumanlar, ovul va qishloqlarga kirib borsangiz bunday yordam va ko‘makning ehtiyojmand ayollar, onalar va bolalar, oilalar hayotida qanday o‘zgarishlar yasaganini ko‘rasiz. Ularning o‘z hayoti va kelajagiga umidi ortganiga guvoh bo‘lasiz. Chunki nafaqat moddiy yordam va ko‘mak berish balki, aholini ishli qilib daromadini ko‘paytirish masalasiga ham e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning ayniqsa, 2025-yilda kambag‘allik yuqori bo‘lgan 1 mingta mahallada yana bittadan oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinishi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab berilishi xususidagi takliflari ehtiyojmand oilalar uchun juda katta imkoniyatdir. Saylovchilarimiz orasida bo‘lganimizda elektoratimiz vakillari tomonidan farzandlarini bog‘chaga joylashtirish va ota-onalar to‘lovlari borasidagi muammolar yuzasidan murojaatlar bo‘lardi. Masalaning bu tarzda hal etilishi, ayniqsa bizning partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qiladi.

Yana bir masala — ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechilib, ularga o‘zini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat berilishi va xarajati qoplab berilishidir. Bu esa ularning yaqin qarindoshlari bilan, odatiy yashash sharoitidan uzoqlashmagan holda turmush kechirishlari uchun imkoniyat yaratadi. Bu milliy va oilaviy urf-odatlar, qadriyatlar va qarindoshlik munosabatlarining bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar, Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy himoya sohasida ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatida dunyoda o‘zini namoyon etib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, partiyamizning Saylovoldi dasturida ifoda etilgan, elektoratimiz manfaatlariga daxldor bo‘lgan, o‘z navbatida yechimini kutayotgan qator ijtimoiy masalalarning hal etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Nazira Matyaqubova,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish