Dunyodagi ilg‘or davlatchilik tajribalaridan ma’lumki, davlat boshqaruvini isloh etish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirishda jamiyatdagi turli qatlamlarning manfaati, xohish-irodasini inobatga olish, ularni ro‘yobga chiqarish uchun yo‘l ochish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda ijtimoiy sohaga muhim e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Aslida ijtimoiy himoya keng tushuncha, uning ichida hal etilishi kerak bo‘lgan ko‘p masalalar ham bor. Ijtimoiy himoya, avvalo, huquqlar va imkoniyatlar tengligi masalasi, har bir inson insondek muomalaga loyiq degani hamdir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikka asoslangan xalqparvar siyosat olib borilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat aholi turmush darajasini yuksaltirish, daromadlar va yashash tarzida keskin tafovutlarning, tengsizlikning oldini olish, har bir inson davlatning e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmasligini kafolatlash maqsadlarini izchil ro‘yobga chiqarmoqda. Ijtimoiy himoya masalasiga jamiyatda barqarorlik va adolatni ta’minlashning muhim asosida, deb qaralmoqda. Odamlarning umumkayfiyatiga ta’sir etuvchi muammolarni aniqlash va hal etish, ijtimoiy kafolatlarni, aholini har tomonlama himoyalash choralarini ko‘rish davlatimizning ustuvor vazifalaridan bo‘lib kelayotgani barchamizni ruhlantirmoqda.
Kecha davlatimiz rahbari raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yig‘ilishida qayd etilgan fakt va dalillar, belgilab berilgan vazifalar sohaga e’tibor yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishini yaqqol ko‘rsatdi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, mahalladagi ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda bo‘lmagan yana 95 ming muhtoj odamga yordam ko‘rsatdi. 51 ming odamga nogironlik belgilandi, 26 mingi protez oldi, nogironligi bor 5 ming bola bog‘cha-maktabga joylashdi. Bundan tashqari, muhtoj bo‘lmaganlarga asossiz nafaqa to‘lashning oldi olindi, qisqargan xarajatlar budjetda qoldirildi.
Uch oy oldin viloyat va tumandagi 14 ming rahbar 75 ming kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yildi. Natijada, shu kunga qadar kambag‘al oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi, 30 ming bola bog‘cha, to‘garak va kasbga o‘qitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Bular kichkina raqamlar emas. Buning ortida ming-minglab odamlar manfaati turibdi. Bu islohotlar qanchadan-qancha odamlarning turmushida o‘zgarish yasagan, ularning hayotga qarashini, ishonch va umidini yuksaklarga ko‘targanini isbotlashga hojat yo‘q, nazarimizda. Eng muhimi, bu yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratilgani natijasidir.
Mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi salmoqli o‘zgarishlar haqida so‘z yuritganda, kambag‘allik darajasini qisqartirish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tish joiz, albatta. Respublikamizda barqaror va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanishi kambag‘allik darajasini 2019-yildagi 23 foizdan 2023-yilda 11 foizga qisqartirishga imkon yaratdi. 2025-yil yakuni bilan kambag‘allikni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilindi.
Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etildi. Bu haqda gap ketganda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni, ularga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari ham bu masalaga alohida e’tibor berdi. Prezident bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
Kambag‘allikka tushib qolish xavfi mavjud qatlamlar - yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Xususan, kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Mutasaddilarga 1 martgacha to‘garaklar ochib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlarni o‘qitishni boshlash topshirildi. Kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025-yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Oson bo‘lmagan, qat’iy qo‘yilgan vazifalar nafaqat shu kunlarga, xalqimiz kelajagiga qaratilganini yaxshiroq tushunish uchun murakkab vaziyatdan chiqib ketayotgan oiladagi muhitni, kayfiyatni yaqindan bilish yetarli bo‘ladi. Yillar mobaynida tayinli bir yumush tutib, ro‘zg‘origa yaxshi yegulik kirita olmagan otaning o‘z ishini yo‘lga qo‘yayotgani, daromad ko‘rayotgani, ayoli, farzandlaridan ortib, qo‘ni-qo‘shnilarga qo‘shilib, mahallada ko‘rinish berayotganida qancha fikr, qancha xulosa, qancha ibrat va shukronalik bor?!
Prezidentimiz belgilab bergan vazifalardan ma’lum bo‘ladiki, mamlakatimizda ijtimoiy sohaning barcha yo‘nalishida shaxdam o‘sish tendensiyasi kuzatiladi. Har bir quvonchli o‘zgarish, yangilik esa minglab, millionlab odamlarning ruhiyatini ko‘taradi, yuksalishga ilhomlantiradi. Rejalar ulkan, tizimda yaxshi yangiliklar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Vazirlik-idoralar, hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar zimmasidagi mas’uliyat katta. Xalqimiz belgilangan vazifalar ijrosini aniq natijalarda kutadi.
Xalq demokratik partiyasi bu islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash, daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga qattiq kirishadi. Prezidentimiz butun davlat va jamiyat boshqaruvi tizimi imkoniyatlarini mana shu ezgu maqsadga katta kuch hamda ishtiyoq bilan safarbar etmoqdalar. Bu tamoyil nafaqat joylardagi ijtimoiy muammolarni tizimli hal etishga, eng asosiysi, huquqlar va imkoniyatlar tengligiga real sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Muqaddas O‘razaliyeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.