Ijtimoiy adolat va iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi mexanizmlar
Ijtimoiy adolat va iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi mexanizmlar

 

Kecha Prezident raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Avvalo aytish kerakki, unda belgilangan vazifalar mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi. Xalq demokratik partiyasi bu tashabbuslarni ijtimoiy adolatni ta’minlashning muhim elementi sifatida baholaydi.

Ta’kidlanganidek, tumanlarda yaratilayotgan kooperatsiyalar aholining tadbirkorlik qobiliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Baliqchilik, quyonchilik va asalarichilik kabi sohalarda kooperatsiyalarning tashkil etilishi 500 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Bu Xalq demokratik partiyasining har bir insonga mehnat qilish imkoniyati yaratish tamoyiliga mos keladi.

Shu bilan birga, kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha maxsus mexanizmlar ishlab chiqilishi Xalq demokratik partiyasining adolatli taqsimot va aholini daromadli qilish maqsadlari bilan uyg‘unlashadi. Mahalla bankirlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi aholining iqtisodiy savodxonligini oshirishga va ularni moliyaviy jarayonlarga jalb etishga xizmat qiladi.

O‘ylaymizki, bunday tashabbuslar xalqning o‘z tashabbuslarini amalga oshirishga ishonchini mustahkamlaydi. Shu bois banklarning moliyaviy xizmatlarini kambag‘allikdan chiqish uchun asosiy vosita sifatida kengaytirish zarur.

Yana bir narsani alohida ta’kidlash o‘rinlidir 2025-yil uchun rejalashtirilgan 5 million aholini daromadli qilish maqsadi partiyaning asosiy maqsadlari bilan to‘liq uyg‘un. Xalq demokratik partiyasi, har bir fuqaro o‘z imkoniyatlarini rivojlantirishi uchun teng shart-sharoit yaratilishi tarafdori. Shundan kelib chiqib, partiya bu yo‘nalishda davlat bilan birgalikda ish olib borishga tayyor. Har bir fuqaroning iqtisodiy farovonligi bizning asosiy maqsadlarimizdan biridir.

 

Sirojiddin Shonazarov,

O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish