Maqsad – ezgu, vazifalar – qat’iy!
Maqsad – ezgu, vazifalar – qat’iy!

 

Har bir insonning barqaror faoliyat va daromad manbaiga ega bo‘lishi mamlakat barqarorligi uchun ham muhim. Kambag‘allikni qisqartirish shu ma’noda natijasi uzoq yillarga xizmat qiladigan, kam daromadli oilalarning hayoti va tasavvurini butunlay o‘zgartirib yuboradigan keng ko‘lamli siyosatdir.

Prezident huzurida o‘tgan, mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025-yil uchun ustuvorliklarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu hayotiy masala yana bir bor tanqidiy tahlil qilinib, oldinda turgan qat’iy vazifalar aniq ko‘rsatib o‘tildi.

Aytish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mahallalar va oilalargacha yetib boradigan, o‘rgatish, ishontirish va qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan, aytish mumkinki, dunyoda o‘xshashi yo‘q tizim yaratildi.

Birgina joriy yil boshidan 4 ta tajriba doirasida 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega bo‘lgani qayd etildi. Bu qanchadan-qancha oilalarning hayoti o‘zgarganini anglatadigan muhim raqamlar.

Yig‘ilishda Davlat rahbari ishlar hamma joyda ham birdek samarali tashkil etilmayotganini tanqid qildi. Mahallaga tushib, odamlar muammosiga befarq qaramaslik zarurligi, hamma o‘zgarishi shartligi qat’iy uqtirildi. Har bir oila tinch va farovon bo‘lishi bilan bog‘liq masalada o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

2025-yilda 5 milliondan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish mahallabay hisob-kitob qilingani aytildi. Mutasaddilarga qator vazifalar yuklatildi. Xususan, kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalarni ko‘paytirish topshirildi, bunga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Kooperatsiyalar nisbatan faol, lekin hamkorlik, hamjihatlik va boshqa masalalarda imkoniyatlar topa olmayotgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga, mahallalarda intiluvchanlik va manfaatdorlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Oilalarning nafaqat huquqiy, balki moliyaviy xabardorligini oshirish uchun ham chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Ularning ijrosi bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borish muhim.

Raqamlarga ko‘ra, o‘tgan 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘lgan. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochgan. Shu ikki misol ham doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish yo‘lida yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash naqadar hayotiy samaralar berishini ko‘rsatib turibdi. O‘ylab ko‘raylik, bugun oilaviy ish yuritayotgan oilalarning aksariyati 5-6 yil avval kambag‘allik chegarasida yashardi. Bugun ular boshqalarga madad bo‘lmoqda.

Partiyamiz faollari, deputatlik birlashmalari bilan kambag‘allikni qisqartirishga doir har bir dastur va me’yoriy hujjat, har bir vazifaning bajarilishi bo‘yicha jamoatchilik va deputatlik nazorati ta’sirchanligini oshirishimiz zarur. Kelgusi yil uchun Harakat dasturimizda, doimiy rejalarimizda bu masalani kun tartibidan tushirmaymiz.

Hududlardagi faollarimiz joylardagi targ‘ibot uchrashuvlarida elektoratimiz vakillarini yangi tashabbuslarga rag‘batlantirish, huquqiy ko‘mak berish choralarini kuchaytiradi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish