Jahon siyosati tarixida qonunlar xalqning vijdonini ifodalashi kerakligi haqida ko‘p hikmatli fikrlar aytilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislarida milliy parlamentimizning qonun ijodkorligini kuchaytirish bo‘yicha bildirilgan taklif-tashabbuslar shunday hikmatlarga monand bo‘ldi.
Mohiyatiga ko‘ra, Oliy Majlis va xalqimizga davlatimiz rahbarining navbatdagi Murojaatnomasi sifatida qabul qilingan chiqishlarda qonun ijodkorligi borasida milliy tajriba hamda dunyodagi ilg‘or tendensiyalarga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining takliflari parlamentimiz faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini ifodalab bermoqda.
Parlamentimiz faoliyatidagi yutuqlar bilan birga, e’tibordan chetda qolgan masalalar, foydalanilmagan imkoniyatlar avvalo, qonun loyihalarining sifati bo‘yicha e’tirozlar borligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Albatta, biz xalq vakillari qonun loyihalarining ilmiy asoslanganligiga chuqur e’tibor qaratishimiz darkor. Buning uchun Parlament tadqiqotlari instituti hamda mamlakatimizdagi ilmiy institutlar, “aql markazlari” bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, ularning imkoniyatlaridan to‘laligicha foydalanish lozim bo‘ladi.
Hayotga, odamlarga yaqin
Qonun ijodkorligi jarayoni, avvalo, jamiyatimizdagi dolzarb muammolar yechimiga, xalqimizning og‘irini yengil qilishga qaratilishi kerakli ta’kidlandi.
Jumladan, eskirgan uylar o‘rnida zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya to‘g‘risida”gi hamda fuqarolarning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish taklif qilindi.
Saylovoldi uchrashuvlarda, muloqotlar va murojaatlarni o‘rganish jarayonlarida ayni shu masalalar bugun qanchalik dolzarb ekaniga bevosita guvoh bo‘ldik. Respublikamizning barcha hududlarida, tuman-shaharlarda yangi uy-joylar qurilyapti, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yangi va yosh oilalar ularni yaxshi niyatlar bilan xarid qilyapti. Lekin huquqiy asoslarning to‘liq emasligi ayrim holatlarda jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Oqibatda oilalar jabr ko‘ryapti. Davlatimiz rahbari ayni shu masalani hal qilish bo‘yicha taklif bergani xalqimiz tomonidan ham faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Hozir raqamlashtirish hayotiy faoliyatimizning asosiy jihatlaridan biriga aylanib ulgurdi. Sun’iy intellekt hayotimizga kirib kelmoqda. Uning asosiy maqsadi insonning qobiliyatlari va imkoniyatlarining chegaralarini kengaytirish hisoblanadi. Uning qamrovi kundan-kun kengaymoqda. Demak, bu masala ham parlament e’tibor markaziga chiqishi ya’ni, sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish muhim.
Qonun ijodkorligini kuchaytirishimiz zarur bo‘lgan soha va munosabatlar ko‘p. Masalan, majburiy tibbiy sug‘urta tizimini qonun bilan mustahkamlash, franchayzing, kapital bozori, startaplar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish oldimizda turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Biz nafaqat muammolarni hal etish uchun va albatta zamonaviy sohalarda imkoniyatlarni kengaytirish uchun ham qonunchiligimizni takomillashtirishimiz zarur.
Tashqi va ichki muloqot
O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatini izchil amalga oshirish hamda belgilangan strategik rejalarning jadal ijrosini ta’minlash, davlatimizning xalqaro imiji va nufuzini yanada mustahkamlash eng muhim masalalardan biri. Shu nuqtai nazardan, Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilishni bugungi davr taqozo etmoqda.
Dunyo, mamlakatlarning bir-biriga munosabati, xalqaro tashkilotlarning ahamiyati keyingi yillarda ancha o‘zgarmoqda. O‘zbekiston dunyoga ochilib, faol va tashabbuskor siyosat yuritayotgan davrda Tashqi siyosat konsepsiyamiz jahondagi chaqiriqlarga tayyor bo‘lishi muhim hisoblanadi.
Ushbu hujjatning yangi tahrirda qabul qilinishi mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borishga, do‘st va hamkorlarimiz doirasini kengaytirishga, yaqin qo‘shnilarimiz bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishni yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qiladi, albatta.
Yana bir e’tiborimni tortgan jihat – Qonunchilik palatasi qo‘mitalari faoliyatida fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish taklifi bo‘ldi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda har tomonlama va jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda ilk bor yaqin va o‘rta muddatga qaratilgan istiqbollarini belgilab olish maqsadida 2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish vazifalari belgilab olindi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mazkur institutga alohida bob ajratilib, konstitutsiyaviy maqom berildi. Qolaversa, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirishga hamda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan to‘laqonli foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shularga muvofiq ravishda keyingi yillarda Qonunchilik palatasi faoliyatida jamoatchilik ishtiroki yanada kuchaymoqda. Davlatimiz rahbari taklifi asosida Qonunchilik palatasidagi har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishini parlamentimiz tarixidagi yangi bir sahifa, deb tushunaman. Buni bir qancha jihatlari mavjud,
birinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining qonun ijodkorligi jarayonida ishtiroki kengayadi, jamoatchilik uchun yanada keng yo‘l ochiladi;
ikkinchidan, Quyi palata bilan ijtimoiy sheriklik yanada mustahkamlanadi;
uchinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlari qonun hujjatlarida ifoda etilishi kuchayadi.
Eng muhimi, bular fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Bularning barchasi ham tashqi muloqot, ham mamlakatimizdagi ichki muloqot jarayonlarida parlamentimizning asosiy demokratik maydon vazifasini bajarishiga xizmat qiladi.
Ma’lumki, yangilangan Konstitutsiyamizda 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar o‘z takliflarini quyi palataga kiritish huquqiga ega ekani kafolatlandi. Endi quyi palatada bu borada yangi tizim yaratiladigan bo‘ldi. Fuqarolarning tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qonunchilik palatasi huzurida Jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha parlament komissiyasi tashkil etiladi.
Qonunlar ijrosini doimiy baholab borish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Asosiy maqsad, qabul qilingan qonunning amaliyotda ishlashi, odamlar hayotida sezilishi lozim. Bu jihatning yanada samarali ishlashi uchun bundan buyon qonunlar ijrosi Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitasi va mas’ul ijro etuvchi organ bilan birgalikda o‘rganib boriladi. Buning uchun Hukumat bilan Qonunchilik palatasi o‘rtasida yanada samarali hamkorlik olib borilishi muhim ahamiyatga ega.
Zero, bularning barchasi, pirovardida davrning o‘tkir talablariga javob beradigan, sifatli, amaliyotda samarali ishlaydigan qonunlar qabul qilinishiga muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Firdavs Sharipov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.