Saylovchilarning yaqinda saylangan deputatlardan umidi katta. Ular katta mas’uliyatga qanday amaliy ishlar, qanday hayotiy natijalar bilan javob beradi? Bu muhim savol. Unga har bir deputatning o‘zi ishonadigan javobi bo‘lishi zarur, albatta.
Shuning uchun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi hududlarda deputatlar uchun jonli muloqot, taklif-mulohazalarni eshitib, reja belgilashga asoslangan maxsus o‘quv-seminarlar o‘tkazmoqda.
Birinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘quvlar keyinchalik tuman-shahar darajasida ham davom ettiriladi.
Toshkent shahridagi yig‘inda Toshkent shahar hamda tuman Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari, mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova partiya guruhlarining g‘oyaviy-siyosiy o‘ziga xosligini namoyon etish, deputatlik nazoratini samarali tashkil qilish, so‘rovlarning manzilliligi va natijadorligiga erishish bo‘yicha qonunchilik va amaliyotdan kelib chiqib, taklif-tavsiyalarini berdi. Partiyamiz Saylovoldi dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etish, bu borada deputatlar zimmasida turgan eng muhim vazifalar haqida ko‘rgazmali vositalar yordamida so‘z yuritdi.
Shahzoda QURBONOVA,
Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:
— Prezidentimizning Qonunchilik palatasi birinchi majlisidagi nutqida ta’kidlangan vazifalar asosida mahalliy darajadagi masalalarni hal qilishda faollikni kuchaytirishimiz zarurligi tushuntirildi.
Jumladan, “oila – mahalla – xalq deputatlari Kengashi – parlament” tamoyili asosida ishlarni tashkil etish masalasi juda o‘rinli va aniqligi bilan menga yoqdi. Bu bizga aholi muammolarini tizimli ravishda o‘rganish va yechim topish uchun yangi imkoniyat yaratadi. Shuningdek, deputatlik nazoratini haqiqiy natija beruvchi mexanizmga aylantirish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalar ham alohida ahamiyatga ega. Biz faqat nazorat qilish bilan cheklanmay, amaliy yechimlar taqdim etishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Eng avvalo, har bir mahallada aholi bilan muntazam muloqotda bo‘lib, ularning asosiy muammolarini o‘rganishni maqsad qilganman. Shuningdek, deputat sifatida yangi tashabbuslar bilan chiqishni rejalashtiryapman. Bizga berilgan vakolatlardan samarali foydalanib, partiyamiz dasturiy maqsadlarini amalga oshirishda faollik ko‘rsatishga harakat qilaman.
Sanjar SOBIRJONOV,
Yunusobod tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:
— Deputat deputatdan fikr va kuch olishi kerak, deb o‘ylayman. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kutib o‘tirmasdan, odamlarning og‘irini yengil qilish uchun o‘zimiz tashabbus ko‘rsatishimiz zarur.
Seminarda aytilgan bir fikr esimda qoldi. “Joylardagi ijtimoiy masalalar bo‘yicha deputatlik nazoratini kuchaytirish odamlarning davlat hokimiyati idoralariga ishonchini mustahkamlaydi”. Haqiqatdan ham shunday, biz deputatlar ishonch ko‘prigiga aylanishimiz kerak.
O‘zimga reja qilib olyapman. Avvalo, murojaatlarni muntazam o‘rganib, ularga yechim topishda mahalliy idora-tashkilotlar bilan hamjihatlikda ishlayman. Mahalliy Kengashni haqiqiy nazorat va tashabbus markaziga aylantirish uchun o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.