Banklar qo‘llab-quvvatlasa, xayrli tashabbuslarimiz ko‘p
Banklar qo‘llab-quvvatlasa, xayrli tashabbuslarimiz ko‘p

 

Biror bir soha yo‘qki, davlat rahbarining e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsin. Har bir masalada tahlil qilingan, puxta o‘ylangan vazifalar ilgari suriladi, chora-tadbirlar belgilanadi. Xususan, Prezident raisligida banklar ishtirokida bo‘lib o‘tgan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi ham ana shulardan biri bo‘ldi.

Mazkur yig‘ilishda belgilangan vazifalar tom ma’noda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish uchun qo‘yilgan zalvorli qadam, deb aytish mumkin. Zero, kambag‘al oilalarning nochor ahvolga tushishi baribir moddiy taqchillikka borib taqaladi.

Albatta moddiy taqchillikni bir-ikki marta moddiy yordam berish bilan bartaraf etib, kambag‘allikka barham berishning imkoni yo‘q. Hamma gap kambag‘al oilalarning tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishga borib taqaladi.

Oqoltin tumani agrar tuman hisoblanadi. Kam ta’minlangan oilalar, yoshlarga dehqonchilik qilish uchun yer maydonlari tender asosida ajratib berilayapti. Qishloq xo‘jaligi yilini sarhisob qiladigan bo‘lsak, natijalar unchalik quvonarli emasligi ham dilni xira qiluvchi haqiqat. Yer olishda chaqqon bo‘lganlar, ekishda, ekin parvarishida va hosil yig‘im-terimida sustlashib qolganini ko‘ramiz. Birlari ajratilgan yerlar unumdor emas, sho‘rxok ekanligini, boshqalari esa texnika va suvdan qiynalganini, hosil yig‘imida esa ob-havo seryog‘in kelganini ro‘kach qilishdan nariga o‘tmaydi. Albatta, tuproqqa urug‘ qadab qo‘yib, kuzga borib, mo‘l hosil kutish, “holva degan bilan og‘iz chuchimaydi”, degan maqolni eslatadi.

Mahallalardagi kambag‘al oilalar shart-sharoitini o‘rganishga borganimizda, yana bir holat tashvishlanarli. 30 yoshga borib qolgan yigit-qizlar bilan suhbatlashib, qanday kasbi borligini so‘raganimizda, aksariyati kollejni tugatganini, avtotransport, hisobchilik, tarbiyachilik yo‘nalishlarida tahsil olganini aytadi. Lekin ko‘pchiligi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashmaydi. Sababi ish o‘rni yo‘q. Borlari ham oylik maoshi qanoatlantirmaydi.

Hozirgi kunda talabgor bo‘lgan kasblar – payvandchi, g‘isht teruvchi, kompyuter mutaxassislarini mahallamizda chiroq yoqib ham topib bo‘lmaydi.

Tuman Kengashi deputati, tuman mahallalar uyushmasi mutaxassisi sifatida tumandagi kambag‘al oilalarning moddiy farovonligini oshirish, oddiy aytganda “usti but, qorni to‘q” bo‘lishi uchun nima qilish kerak, degan savol ko‘p o‘ylantiradi. Yig‘ilishdan so‘ng ularga qanday yordam berishim mumkin, degan savolimga javob topgandek bo‘ldim.

Endilikda mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganadi, odamlarning g‘oyalari va qobiliyatini loyihalarga aylantiradi. Aholiga moliyaviy tartiblarni, mahsulot va xizmatlarini sotishni o‘rgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.

Men deputat etib saylangan “Ko‘rkam diyor” mahallasida ham “Sayxunobod tajribasi” asosida issiqxonalar tashkil etilib, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish kerak. Mahallamizda yetishmayotgan mutaxassisliklar bo‘yicha yoshlarni qayta o‘qitish yuzasidan ham reja dastur ishlab chiqamiz. Umid qilamanki, banklar xayrli tashabbuslarimizga bosh qo‘shadi. Yangi yildagi eng oliy maqsadlarimdan biri sifatida mahalladoshlarimga ayni shu masalalarda ko‘mak berishni belgiladim.

 

Komila HAKIMOVA,

Oqoltin tumanidagi 4-Gulchambar saylov okrugi deputati.

 

 

 

 

 


 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish