Bugungi kunda iqtisodiy barqarorliksiz kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya yo‘nalishida natijaga erishib bo‘lmaydi. Davlat iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ish haqining munosib darajasini ta’minlashning barcha chorasi ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbari alohida e’tibor qaratayotgan ushbu omillar, albatta, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, kambag‘allikni qisqartirish va kuchli ijtimoiy himoyaning mukammal tizimini yaratish Yangi O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylangan.
Muhimi, barcha islohotlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar – “Inson qadri uchun”, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, “Davlat – inson uchun”, “Inson – jamiyat – davlat” degan xalqchil tamoyillar asosida olib borilmoqda. Buni so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos yangi tizimi yaratilganida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi aynan shu maqsadlar uchun joriy etildi. Shu orqali xotin-qizlar, yoshlar, umuman, ijtimoiy yordamga muhtojlarning muammo va kamchiliklari manzilli o‘rganilib, o‘z vaqtida va samarali hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbari videoselektor majlisidagi o‘z nutqida yangi ijtimoiy himoya tizimni tashkil etishda joriy yilda 102 ta ijtimoiy xizmatni mahalla darajasiga tushirilganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Masalan, oldin odamlar protez uchun har xil komissiyalar va poliklinikada ikki oy sarson bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu masala ikki haftada mahallada hal bo‘lmoqda. Nogironligi bor bolalarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilib, murojaatlar mahallada qabul qilinmoqda. Bu 700 nafar ota-onani ishlashiga sharoit yaratdi. Harakatlana olmaydigan 4 ming nafar yolg‘iz keksa aniqlanib, ularga uyini o‘zida qarab turish yo‘lga qo‘yildi. Albatta, bularning barchasi mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilib, ijtimoiy xizmat turlari va ko‘lami kengaytirilishi bilan amalga oshirilmoqda.
Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11 foizdan 7 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Asosiy maqsad ham ijtimoiy himoya bilan bandlik xizmatlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda oilalar bilan ishlab, ularni manzilli, aniq rejalar asosida kambag‘allikdan chiqarishdan iborat.
Davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Kelasi yil 1 million 200 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
Muxtasar aytganda, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslar mamlakatimizda ijtimoiy adolat va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlarning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Xalilla Yeshimbetov,
O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari.