Yagona elektron platforma
Yagona elektron platforma

 

Darhaqiqat, 2024-yilda yurtimizda nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Umuman, 2 millionga yaqin inson ijtimoiy yordam va ko‘makdan bahramand bo‘ldi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalar uchun yangi uy-joylar qurish, tibbiy xizmatlarni kengaytirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlari amaliyotga tatbiq qilindi.

Bu ishlar partiyamizning ijtimoiy adolat tamoyillariga to‘la mos keladi. Bizning dasturimizda nogironlar va ehtiyojmandlar uchun qo‘llab-quvvatlov tizimini yanada mustahkamlash muhim o‘rin egallaydi.

Prezident ijtimoiy himoya sohasini tubdan takomillashtirish maqsadida “ijtimoiy karta” tizimi joriy etilishini ma’lum qildi. Ushbu tashabbus nafaqat aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, balki davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirishga yo‘naltirilgan.

Ijtimoiy karta tizimi orqali 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordamlar va 200 ga yaqin imtiyozlar yagona elektron platformaga integratsiya qilinadi. Bu orqali qog‘oz hujjatlardan voz kechilishiga, vaqt va mablag‘ tejalishi hamda xizmat ko‘rsatish jarayonlari avtomatlashtirilishiga erishiladi. Tizim, shuningdek, fuqarolarning ehtiyojlari va imkoniyatlarini aks ettiruvchi raqamli pasport yaratishni ham o‘z ichiga olishi esa mutlaqo yangicha usul va zamonaviy qulaylik demakdir.

Ijtimoiy karta ayni paytda to‘lov vositasi va ehtiyojmandlikni tasdiqlovchi hujjat sifatida ham xizmat qiladi. Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanidan boshlab, keyinchalik butun respublika bo‘ylab joriy etiladigan bu tizim ehtiyojmand fuqarolarga individual yondashuv imkonini beradi.

Xorijiy tajribalarga nazar solsak, ijtimoiy kartalar ko‘plab rivojlangan davlatlarda ijtimoiy adolatni ta’minlash va davlat xizmatlarini shaffoflashtirishda asosiy vosita bo‘lib kelmoqda. Masalan, Germaniya va Singapurda shunday kartalar orqali barcha ijtimoiy xizmatlar bir tizimga birlashtirilgan.

Umuman, ushbu tizim orqali kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash osonlashadi, hukumat va fuqarolar o‘rtasida ishonch mustahkamlanadi.

 

Nigora ESHMETOVA,

O‘zbekiston XDP Toshkent shahar Kengashi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 18.12.2024, №51

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish