O‘tgan yili Prezident farmoni bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash chog‘ida ayblanuvchi va sudlanuvchini hibsxonaga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonalarining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish joriy etilishi belgilangan edi. Shundan kelib chiqib, qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida qator qonun loyihalari bilan birga mazkur masalani o‘z ichiga olgan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi loyiha ham muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin unda qiynoqqa solish yoki boshqa holatlar natijasida olingan jarohatlarni, shikastlanishlarni va yaralarni aniqlash maqsadida tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilanmoqda. E’tiborlisi, bu jarayonda advokatning ishtiroki ta’minlanadi va ko‘rik zamonaviy apparatlar yordamida olib boriladi.
Yana bir jihati, bu bosqichda tezkor chora ko‘rish maqsad qilingan. Ya’ni, tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun vaqt belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingandan boshlab bir soat ichida tibbiy xodim tomonidan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin.
Biroq fraksiya a’zosi Zuhra Shodiyeva loyihada ko‘rsatilgan bir soat ayrim jarohatlar, masalan, bosh chayqalishi yoki ichki organlardagi o‘zgarishlarni aniqlash uchun kamlik qilishini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, vaqt masalasini qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bundan tashqari, tibbiy ko‘rik xulosasini qamoqqa olinganning advokati talabiga asosan taqdim etilishiga oid me’yor bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Mas’ullar navbatdagi o‘qishga qadar mutaxassislar bilan kelishib, taklifni inobatga oladigan bo‘ldi.
Qayd etilishicha, rasmiylashtirilgan tibbiy xulosaning birinchi nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan qamoqqa olinganga tanishtirilib, uning yig‘majildiga tikilishi, ikkinchi nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan qamoqqa olinganni olib kelgan xodimlarga berilishi belgilanmoqda.
Agar qamoqqa olingan shaxsning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqida qamoqqa olinganga ma’lum qilinishi va zudlik bilan prokurorga xabar berilishi mumkin.
Loyiha yana boshqa me’yorlar ham o‘rin olgan bo‘lib, barchasi inson muhofazasi, uning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Fraksiya a’zolari loyihani konseptual jihatdan ma’qulladi.