Inson va uning qobiliyatlari, bilim, malakasi har qanday jamiyat farovonligi va davlat iqtisodiy taraqqiyotining asosiy omiliga aylangan bugungi kunda O‘zbekistonda ham inson kapitali, shubhasiz, ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bog‘liq. Shu bois so‘nggi yillarda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchilar mavqeini yuksaltirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Endi mamlakatimiz yangi davrda yashamoqda. Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy himoya sohasida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.
Ayni vaqtda tizimdagi mavjud 10 mingdan ortiq maktab va 38 mingdan ortiq maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 700 ming nafarga yaqin pedagoglar 8,7 mln nafarga yaqin tarbiyalanuvchi va o‘quvchilarga ta’lim va tarbiya berib kelmoqda. Joriy yilda 4644 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida bolalarni maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 76,0 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov qamrovi 96 foizga yetkazildi.
Yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 1500 taga (2023-yil – 500 ta) yetkazildi. Bunda o‘tgan yilgi baholashda ishtirok etgan 500 ta maktab ichida jarayonlarni samarali yo‘lga qo‘ygan maktab jamoalariga 40 foizgacha ustama to‘lab kelinmoqda. O‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilarning o‘rtacha o‘zlashtirish darajasi 6 foizga oshgan. Xususan, joriy o‘quv yilining birinchi chorak natijalarini o‘tgan o‘quv yilining xuddi shu davri bilan solishtirilganda, o‘quvchilarning bilim olish darajasi 4 foizga oshganligini ko‘rsatmoqda.
O‘z navbatida, to‘plangan bilim, ko‘nikma va qobiliyat zaxirasining maqsadga muvofiq ishlatilishi esa faoliyatning yuqori unumdorligida xodimning ish haqi (daromadi) o‘sishiga olib kelib, yangi bilim va ko‘nikmalar zaxirasini to‘plab kelajakda unumli qo‘llashga xizmat qiladi.
Mutaxassislarining fikriga ko‘ra, ilk bolalikda investitsiya kiritish boshqa dasturlarga qaraganda eng samaralidir. Chunki inson kapitalining rivojlanish jarayonining boshlanishi maktabgacha va maktab ta’limi davriga to‘g‘ri keladi va ushbu nuqtadan boshlab bola kelajakda o‘z taqdirini o‘zi belgilash va o‘zini namoyon qilish qobiliyatiga ega bo‘la boshlaydi, mehnat bozorida o‘z qobiliyatiga murojaat qilishga o‘rganadi.
Akmal ISMAILOV,
Xalq deputatlari G‘allaorol tuman Kengashi deputati.