Zo‘ravonlikka uchragan ayol zo‘ravonning uyida qolishga majbur bo‘lmaydi
Zo‘ravonlikka uchragan ayol zo‘ravonning uyida qolishga majbur bo‘lmaydi

 

Oliy sudning matbuot xizmati yil boshida bergan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda 203 nafar shaxs oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha Jinoyat kodeksiga muvofiq sudlangan. Ularning 59 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lib, 144 kishi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni olgan. Shuningdek, 8928 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

To‘g‘ri, ayollar himoya orderi berish tizimi ishga tushdi va bu ko‘plab opa-singillarimiz salomatligi va hayotini himoyalashga xizmat qilmoqda. Biroq borarga joyi yo‘q bo‘lgan ayollar zo‘ravonning uyida qolishga majbur bo‘lmoqda. Afsuski, bir marta ko‘tarilgan qo‘l yana shu ishni qilmaslikka, xotiniga zug‘um qilgan shaxs birgina order bilan uni tinch qo‘yishiga kafolat yo‘q.

Bundan ko‘rinadiki, oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish choralari yanada takomillashtirish hamda kuchsizlarni muhofazalashni kuchaytirishga ehtiyoj bor.

Palata majlisida ushbu masala, ya’ni oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, Oila kodeksining 41-moddasiga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan yer yoki xotinning talabiga ko‘ra, sud tomonidan ishni ko‘rishda yarashish uchun muhlat tayinlanmasdan qaror chiqarilishi ko‘zda tutilgan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan norma taklif etilmoqda.

Shuningdek, Uy-joy kodeksiga sud turar joyga majburiy tartibda kiritish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqishda, qarzdor (mulk egasi bo‘lgan er yoki xotin)ning tashabbusiga asosan ushbu turar joyni munosib sharoitga ega bo‘lgan boshqa turar joyga almashtirishi mumkin. Yoki taraflarning kelishuviga asosan ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini qarzdorga yuklash bo‘yicha me’yor kiritilmoqda.

Soddaroq qilib aytganda, endi zo‘ravonlikka uchragan shaxs, ko‘p hollarda boshpanasiz qolishdan qo‘rqqan ayol, zo‘ravonning yonida, u bilan bir uyda qolishga majbur bo‘lmaydi. Taraflar kelishgan holda boshqa joyda yashashi ham mumkin.

Qonun loyihasining qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jabrlanuvchilari huquqlarini, oilaviy munosabatlar ishtirokchilarining o‘z huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytiradi. Shu jumladan uy-joy nizolarini ko‘rib chiqishda mulkdorning manfaatlarini inobatga olish bilan bir qatorda xotin-qizlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish hamda oila va xotin-qizlar boshqaruvi tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari loyiha yuzasidan fikr-mulohzalarini bildirdi. Uni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi. Muhokmalar yakunida qonun loyihasi konseptual qo‘llab-quvvatlandi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish