Islohotlar taqdiri hududlarda hal bo‘ladi
Islohotlar taqdiri hududlarda hal bo‘ladi

 

Yurtimiz aholisi 2024-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, 37,4 million nafarga yetgan va bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 2,1 foizga oshgan. E’tiborli jihati, 19 milliondan ziyod kishi shaharlarda, qolgani esa qishloqlarda istiqomat qilmoqda. Shaharda yashovchilarning soni ortishi odamlarning turmush tarzi o‘zgarayotgani, sharoitlari yaxshilanayotgani va farovonlikdan dalolat beradi, albatta.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chuqur o‘ylangan va tahlillar asosida amaliyotga tatbiq etilayotgan dasturlar ijrosi hamyurtlarimiz hayotida yaxshi o‘zgarishlarga xizmat qilmoqda. Joylardagi muammolar bosqichma-bosqich yechim topmoqda.

Xususan, mamlakatda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish, aholi bilan muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar olib borilmoqda. Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish masalasi ham kun tartibidan tushmay kelyapti.

Mamlakat taraqqiyoti hududlarning real holati, rivojlanish darajasi bilan bevosita bog‘liq. Shundan kelib chiqib, 2020-yilda hududlarni barqaror rivojlantirish uchun ularning kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashning yagona tizimini joriy etish maqsadida Prezident qarori qabul qilingan edi. Unda tabiiy xom ashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini, hududlarning boshqa qiyosiy ustunliklarini aniqlash mexanizmi ham nazarda tutilgan. Qarorga ko‘ra, statistik ko‘rsatkichlar va so‘rovnomalar natijalari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy etildi. Bu esa hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarini tahlil qilish borasidagi muammolarning amaliy yechimiga xizmat qilmoqda.

 

“O‘ziniki o‘ziga” tamoyili

Yaqinda davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida aholi farovonligini oshirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishda parlamentning faol ishtirok etishi muhim ekanini ta’kidladi. Prezident investitsiya dasturlarini tayyorlashda deputatlar ham albatta ishtirok etadigan, ularning fikri inobatga olinadigan tizim yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Shu bilan birga, tuman va shaharlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida kelgusi yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning o‘zida qoldirish taklif etildi. Bundan ko‘rinadiki, 4 yil oldin hududlarni rivojlantirishga oid boshlangan yangicha islohotlar yondashuvning naqadar to‘g‘ri bo‘lganini isbotladi. Ayna paytda yana bir muhim qadam tashlanishiga zamin yaratdi.

Avval qanaqa edi? Masalan, O‘zbekistonni katta bir oila deb oladigan bo‘lsak, unda ishlab topilgan daromad bir qozonga tushgan. Mehnat qilgan ham, ishlamagan ham umumiy jamg‘armadan bahramand bo‘lgan. Ammo achchiq bir haqiqat bor, ya’ni, har kim o‘z “aravasini” o‘zi tortishi kerak. Endi ishlagan ham, ishlamagan ham teng bo‘lmaydi. Ya’ni, qaysi hududda hunarmandlar, biznes egalari ko‘p bo‘lsa, qaysi bir tuman imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan bo‘lsa, uning puli ham ko‘p bo‘lishi kerak. Chunki u boshqalarga qaraganda ko‘proq soliq to‘layapti.

Soddaroq aytganda, endi, har bir hududning o‘z “cho‘ntagi” bo‘ladi. Ko‘p daromad topayotgan tuman yoki shahar o‘ziga yanada ko‘proq investitsiya qiladi va tezroq rivojlanadi. Yangi ish o‘rinlari tashkil qilinadi, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma muammolari hal etiladi. Jamiyat hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan ijtimoiy masalalarni aylanma tizim orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududning o‘zida hal etish imkoni yuzaga keladi. Taqsimotdagi murakkabliklar barham topib, ijtimoiy obyektlarning holati yanada yaxshilanadi.

Hududlarda tushumlarning ko‘payishi, daromad solig‘ining ortishi qonunlar ishlayotganini, odamlar mehnatiga yarasha daromad topayotganini, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish rivojlanayotganini bildiradi. Rahbarlar fuqarolar murojaat qilib kelganda, qo‘rqmasdan, aniq va’da bera oladi. Hududlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yuzaga keladi. Ko‘rsatkichlari orqada qolayotgan tuman-shaharlar ham yaxshiroq ishlashga intiladi. Iqtisodiy-moliyaviy sog‘lom muhit, mustaqillik, erkinlik paydo bo‘ladi.

Aksincha, qayerdaki daromad kam, hudud dotatsiyada o‘tirgan bo‘lsa, o‘sha yerda qonunlar, qaror hamda farmonlar to‘g‘ri va to‘liq ijro etilmayotgani oydinlashadi.

Hududlar ravnaq topsa, mamlakat chin ma’noda taraqqiy etadi.

 

Hamma bor imkoniyatini ishga solsa...

Bilamizki, yurtimizda nafaqat shahar va tumanlar, hattoki mahallalar ham ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, odamlarining tutumlariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari alohida yondashuvni talab etadi. Bu borada barcha darajadagi rahbarlar va, shubhasiz, deputatlar ham tashabbuskor bo‘lishi talab etiladi. Chunki deputatlar xalq orasida va ularning ehtiyojini ham, imkoniyatini ham biladi.

Respublikada hududlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida 2025-yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning o‘zida qoldirish rejalashtirilgan. Natijada yangi yilda tuman va shaharlar budjetlari daromadi 9,4 trln so‘mga yoki 47 foizga oshishi kutilmoqda. Mahalliy Kengashlarning mahalliy budjet mablag‘larini boshqarishdagi ishtiroki faollashuvi esa hududiy masalalarni respublika darajasigacha olib kelinishiga hojat qoldirmaydi. Har bir muammo joyida hal etiladi.

Qolaversa, reyting baholash tizimi asosida hududlarning o‘ziga xosligi o‘rganib borilishi maqsadga muvofiqdir. Masalan, har bir tumanning iqtisodiy, geografik, ijtimoiy xususiyatlari, mehnat va tabiiy resurslarini inobatga olgan holda ularda tadbirkorlikni rivojlantirishning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish mumkin. Tizimli muammolarni aniqlashda, tuman-shaharlarning real iqtisodiy salohiyatini baholashda, aholi turmush darajasi va daromadlarini tahlil qilishda ham bu amaliyot asqatadi. O‘z o‘rnida, hududiy rahbarlar faoliyati ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini o‘rnatish, kim nima bilan band ekani to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish imkonini oshiradi.

 

Harakatlar strategiyasi – amalda

2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining 5-maqsadi ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilishga qaratilgan.

Bugun guvohi bo‘lmoqdamizki, bu borada avvallari mutlaqo bo‘lmagan tizim yaratilmoqda. Markazlashgan boshqaruvga barham berilyapti. Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni hal qilishda barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalari ishni samarali tashkil etishga intilmoqda.

Hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish choralari izchil yo‘lga qo‘yildi. Tumanlar aniq mahsulot turi yetishtirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilyapti. Xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida salmoqli ish o‘rinlari yaratilyapti. Shahar va tumanlar markazlarida aholining kundalik ehtiyoji yuqori bo‘lgan maishiy va kommunal xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha pullik santexnika, elektrik, uy jihozlarini ta’mirlash, keytering kabi xizmatlarni ko‘rsatish punktlarini kengaytirish yo‘lga qo‘yildi.

To‘g‘ri, ayrim qishloq va mahallalarda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va servis turlari bugungi kun talabi darajasida emasdir, lekin bu vaziyat shunday qoladi degani emas. Agar davlat rahbari bildirgan taklif amalga oshsa, har bir hudud o‘z budjetiga ega bo‘lsa, shu kungacha “uyqu”da yotganlar ham sergak tortadi. Yon qo‘shnisining ko‘chasi asfalt bo‘lgani, mahallasi obodonlashayotgani, odamlarning kayfiyatini ko‘rgan har qanday odam unga tenglashishga, hatto undan o‘zishga harakat qiladi.

Sog‘lom raqobat muhiti hamisha taraqqiyotga xizmat qiladi. Umuman, hamma ham barcha infratuzilma va qulaylik bilan ta’minlangan hayotda yashashni istaydi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lidagi sobitqadamlik xalqimiz uchun mana shunday obod va farovon hayotni kafolatlaydi.

 

Imomnazar TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 25.12.2024, №52

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish