Parlament Qonunchilik palatasining yangi tarkibi qonun ijodkorligi jarayoniga qizg‘in kirishib ketdi. Ayrim loyihalar uzoq va keng qamrovli muhokama qilinyapti, foydali bahs-munozaralar avjiga chiqyapti.
Kecha palata majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Tan olish kerak, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lashga hammamiz ham, har doim ham hafsala qilmaymiz. To‘lovsiz esa tizim to‘g‘ri ishlashi qiyin, debitor qarzdorlik keskin oshib ketishi turli muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan, to‘lov intizomining pastligi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, asosiy fondlarni yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Birinchi o‘qishda deputatlar loyihani konseptual jihatdan ma’qullagan bo‘lsa-da, o‘z e’tirozlarini ham bayon qilgan edi. Unga ko‘ra, ikkinchi o‘qishgacha bo‘lgan davrda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq me’yorlar mustahkamlandi.
Loyihaning asosiy me’yorlaridan biri maishiy chiqindi tashish xizmatidan qarzdorlik uchun iste’molchini elektr energiyasidan vaqtincha uzib qo‘yish bilan bog‘liqdir. Bu bir qarashda qo‘polroq normadek tuyulishi mumkin, lekin xizmatga haq to‘lash, tozalik zarurati tomondan qaralsa, hammasi tushunarli bo‘ladi.
Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qarzni so‘ndirmagan iste’molchini elektr energiyasidan uzib qo‘yish ortidan kelgan zarar uchun iste’molchini javobgar qilish me’yorlari olib tashlangan. Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan tashkilotlar to‘lovlarning haqqoniy va to‘g‘ri hisoblanishi uchun javobgarligi, mazkur talablar buzilgan hollarda iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplanishi belgilab qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston XDPning fraksiyasi yig‘ilishida ham mazkur masala ko‘rib chiqilgan edi. Deputat Sharofiddin Nazarov chiqindilardan qarzdorlik aniqlangan taqdirda, iste’molchini elektr tarmog‘idan uzilishi borasida mutasaddi tashkilot vakillariga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
Deputatga ko‘ra, birinchi o‘qishdagi muhokamada daxldor tashkilot vakillari to‘lovlar yangi qonun kuchga kirgandan so‘ng amal qilishi boshlanishini aytgan. Shunga asosan loyihada ushbu tartib aynan qaysi muddatdan boshlanishi haqida me’yor yo‘qligi qayd etildi. Agar aniq muddat belgilanmasa, tushunmovchiliklar yuzaga kelishi ehtimoli eslatib o‘tildi.
Fraksiya a’zolari fikricha, har bir o‘zgartirish va qo‘shimchalar avvalo odamlarga tushunarli tarzda bayon etilishi zarur. Misol uchun, chiqindi olib chiqib ketuvchilar ko‘rsatgan xizmati uchun to‘lov majburiyatlari haqida ogohlantiruvchi SMS xabar yo‘llash amaliyoti joriy etilishi belgilanmoqda. Ushbu me’yorga ko‘ra, qarzdorlik 5 kun muddat ichida bartaraf etilmagan taqdirda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashga qaratilgan huquqiy me’yorlar tatbiq etiladi. Odamlarni boshqa bir yo‘nalishdagi qarzdorligi uchun elektr ta’minotisiz qoldirish jiddiy masala ekanini inobatga olib, targ‘ibot va tushuntirish ishlariga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
Muhimi, javobgarlikni belgilash emas, qarzdorlikni vaqtida qoplash ekanini unutmaslik kerakligiga urg‘u berildi. Bildirilgan taklif, fikr va mulohazalardan so‘ng loyiha ma’qullandi.
Qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
Prezidentning tegishli farmoni bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash chog‘ida ayblanuvchi va sudlanuvchini hibsxonaga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonalarining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish joriy etilishi belgilangan edi. Shundan kelib chiqib, qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Palata majlisida hamda avvalroq bo‘lib o‘tgan fraksiya yig‘ilishida qator qonun loyihalari bilan birga mazkur masalani o‘z ichiga olgan «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida»gi loyiha ham muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin qiynoqqa solish yoki boshqa holatlar natijasida olingan jarohatlar, shikastlanishlar va yaralarni aniqlash maqsadida tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilanmoqda. E’tiborlisi, bu jarayonda advokatning ishtiroki ta’minlanadi va ko‘rik zamonaviy apparatlar yordamida olib boriladi.
Yana bir jihati, bu bosqichda tezkor chora ko‘rish maqsad qilingan. Ya’ni, tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun vaqt belgilash taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingandan boshlab bir soat ichida tibbiy xodim tomonidan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin.
Biroq fraksiya a’zosi Zuhra Shodiyeva loyihada ko‘rsatilgan bir soat ayrim jarohatlar, masalan, bosh chayqalishi yoki ichki organlardagi o‘zgarishlarni aniqlash uchun kamlik qilishini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, vaqt masalasini qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bundan tashqari, tibbiy ko‘rik xulosasini qamoqqa olinganning advokati talabiga asosan taqdim etilishiga oid me’yor bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Mas’ullar navbatdagi o‘qishga qadar mutaxassislar bilan kelishib, taklifni inobatga oladigan bo‘ldi.
Qayd etilishicha, rasmiylashtirilgan tibbiy xulosaning birinchi nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan qamoqqa olinganga tanishtirilib, uning yig‘ma jildiga tikilishi, ikkinchi nusxasi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan qamoqqa olinganni olib kelgan xodimlarga berilishi belgilanmoqda.
Agar qamoqqa olingan shaxsning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqida qamoqqa olinganga ma’lum qilinishi va zudlik bilan prokurorga xabar berilishi mumkin.
Loyihada yana boshqa me’yorlar ham o‘rin olgan bo‘lib, barchasi inson muhofazasi, uning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgani bildirildi.
Soliq tizimi takomillashtiriladi
Tadbirkor, avvalo o‘zi va yaqinlarini, yirikroq biznes egalari esa boshqalarni ham ish bilan ta’minlovchi shaxsdir. Xalq demokratik partiyasining dasturiy g‘oyalaridan biri aholi bandligining yuqori darajasiga erishishdir. Fraksiya a’zolari quyi palataga kiritilgan navbatdagi qonun loyihasini ana shu nuqtai nazardan muhokama qildi.
Loyiha soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik choralarini, moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy jarimalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, javobgarlik choralarini adolatlilik tamoyili asosida belgilashga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirkorlik subyektlari aynan bir huquqbuzarlik uchun bir necha marta javobgarlikka tortilishining oldini olish muhim. Deputatlar bu kabi o‘zgartirishlar tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, mamlakatimizda ishchanlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilishini e’tirof etdi. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi konseptual jihatdan ma’qullandi.
Zo‘ravonning uyida qolishga majbur emas
Oliy sudning matbuot xizmati yil boshida bergan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda 203 nafar shaxs oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha Jinoyat kodeksiga muvofiq sudlangan. Ularning 59 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lib, 144 kishi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni olgan. Shuningdek, 8928 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
To‘g‘ri, ayollarga himoya orderi berish tizimi ishga tushdi va bu ko‘plab opa-singillarimiz salomatligi va hayotini himoyalashga xizmat qilmoqda. Biroq borarga joyi yo‘q bo‘lgan ayollar zo‘ravonning uyida qolishga majbur bo‘lmoqda. Afsuski, bir marta ko‘tarilgan qo‘l yana shu ishni qilmaslikka, xotiniga zug‘um qilgan shaxs birgina order bilan uni tinch qo‘yishiga kafolat yo‘q. Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish choralarini yanada takomillashtirish hamda kuchsizlarni muhofazalashni kuchaytirishga ehtiyoj bor.
Palata majlisida ushbu masala, ya’ni, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, Oila kodeksining 41-moddasiga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan er yoki xotinning talabiga ko‘ra, sud tomonidan ishni ko‘rishda yarashish uchun muhlat tayinlanmasdan qaror chiqarilishi ko‘zda tutilgan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan norma taklif etilmoqda.
Shuningdek, Uy-joy kodeksiga turar joyga majburiy tartibda kiritish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqishda, qarzdor (mulk egasi bo‘lgan er yoki xotin)ning tashabbusiga asosan ushbu turar joyni munosib sharoitga ega bo‘lgan boshqa turar joyga almashtirish mumkinligi yoki taraflarning kelishuviga asosan ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini qarzdorga yuklash bo‘yicha me’yor kiritilmoqda.
Soddaroq aytganda, endi zo‘ravonlikka uchragan shaxs, ko‘p hollarda boshpanasiz qolishdan qo‘rqqan ayol, zo‘ravonning yonida, u bilan bir uyda qolishga majbur bo‘lmaydi. Taraflar kelishgan holda boshqa joyda yashashi ham mumkin.
Deputatlar o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi, puxta ko‘rib chiqishni so‘ragan holda, loyihani konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 25.12.2024, №52