Tahlilchilar har mavsumda 1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad olsa bo‘lishiga ishontirishmoqda. Ularning fikricha, o‘rtacha 20 sotix tomorqada 3 marta hosil olish orqali, yiliga 50-60 million so‘m daromad topish mumkin.
Keyingi vaqtlarda Sayxunobod tajribasi haqida ko‘p gapirilmoqda. Joriy yilning boshida davlatimiz rahbari Sirdaryoga tashrifi davomida Sayxunobod tumani «Ittifoq» mahallasida bo‘lib, tomorqa va uy xo‘jaliklari bilan tanishish asnosida «1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad» mezoni asosida biznes reja ishlab chiqishga doir tavsiyalar bergan edi.
Aholining bo'sh turgan tomorqasida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish, daromadini oshirish, eng asosiysi, yerdan samarali foydalanish, dehqonlar uchun bozor topishga ko‘maklash, tadbirkorlarni sifatli urug‘ va dori vositalari bilan ta’minlash, tadbirkorlarning eksportiga amaliy yordam berish, yer munosabatlarini kuchaytirish borasida Sayxunobod tajribasini yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Anvarxon TEMIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O'zXDP fraksiyasi a'zosi:
– Bu tajriba haqida mutaxassislar ham, xalqimiz ham yaxshi fikrlarni aytayapti, ko'pchilik bundan xursand. Bu, ayniqsa, vaqtinchalik ishsiz, kam daromadli kishilar hayotini yaxshilash, oilalar farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki, e’tibor va imkoniyatlar tufayli qishloqlarda tomorqachilik yanada rivojlandi, bo'sh turgan yerlariga foydali ekin turlarini ekkan, chorvachilik, asalarichilik, parrandachilik, quyonchilik yo‘nalishida ish boshlagan, issiqxona xo‘jaligini tashkil etgan, hunarmandchilik, tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, juda ko‘p bo‘lmasa-da, daromad topib, farovonchilikka erishayotganlar ko‘p bo‘ldi. Umuman, tomorqa xo‘jaligidan oqilona foydalanish, uni daromad manbaiga aylantirish aholi bandligini ta’minlashning muhim omili ekanligi amalda o‘zini to‘la oqladi.
Tajriba faqat shu hudud bilan cheklanib qolmadi, bu yerdagi amaliyot bora-bora boshqa hududlarga ham keng tatbiq qilindi. Masalan, «Sayxunobod» va «Uychi» tajribalari asosida aholi bandligini ta'minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha 9 445 ta mahallada uch tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolangan. Ya’ni, bu hokimlik, bank filiali rahbari, mahalla raisi bilan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, shu yilning 10 oyi davomida amalda 4,1 mln nafar aholi bandligi ta’minlandi hamda 2,4 mln nafar aholi biznesga jalb qilindi.
Sayxunobod tajribasi, avvalo, aholini ish bilan ta’minlash maqsadini ko‘zlaydi. Bu odamlarga tomorqasidan unumli foydalanib, o‘z ijtimoiy ahvolini yaxshilashni o‘rgatadigan tajriba. Yerdan unumli foydalanib, eksportbop va serdaromad ekinlar ekib, pul topishni o‘rganish va oilalarning moliyaviy ahvolini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Keling, natijalar bilan fikrimizni izohlaymiz.
Xususan, «Sayxunobod tajribasi»ni joriy etish orqali asosan oktabr oyida amalda 380,0 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi, shundan 255 ming nafar aholi biznesga jalb qilindi. Har bir mahallada kichik ishlab chiqarish, xizmat va savdo obyektlarini tashkil etish uchun 40,6 mingta mikroloyihaga 928 mlrd so‘mlik kredit ajratilib, 65,8 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi.
Yer aslida xazina. Undan oqilona foydalanish, uni daromad manbaiga aylantirish aholi bandligini ta’minlashning muhim omili ekanligi Sayxunobod tajribasi misolida o‘zini amalda to‘la oqladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joylarda kambag‘al oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun 50 ming gektar yer ajratish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar ishlab chiqildi. Bundan tashqari, 9 ta tijorat banklari har bir hududda 1 tadan jami 14 ta «super loyiha»ni amalga oshirdi. Ushbu loyihalar uchun 718 nafar aholiga ijaraga berilgan 222 gektar yer maydonlari tanlab olinib, 14 ta agregatorlar biriktirilgan va mahsulotlarni sotib olish bo‘yicha yer egalari bilan agregatorlar o‘rtasida fyuchers shartnomalari imzolangan.
Bilamizki, bu yil Sayxunobodda ilk bor yangi tajriba qilinib, 19 ta mahallaning har biriga 1 tadan mini-traktor, 4 tadan motokultivator olib berildi. Ushbu texnikalar tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Xullas, ish qizg‘in.
Tahlillarning ko‘rsatishicha, har bir xonadonda tabiiy isitiladigan kichik issiqxonalar barpo etish yo‘lga qo‘yildi. Bu issiqxonalar turli xil erta pishar ko‘chatlar bilan ta’minlandi. Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun ham imkoniyatiga qarab sug‘oriladigan ekin maydonlaridan yerlar ajratib berildi. Yana bir muhim jihat, aholining tomorqadan unumli foydalanishi uchun mahallalarga banklar biriktirildi. Ushbu banklar odamlarning dehqonchilik, chorvachilik, tadbirkorlik kabi yo‘nalishlardagi biznes loyihalarini moliyalashtirishga ko‘mak berib kelmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun sayxunobodliklar yangi tajriba va yangi o‘zgarishlar ruhi bilan yashamoqda, ertangi kunga mehnatga ishtiyoq bilan, katta shijoat va g‘ayrat bilan qadam qo‘ymoqda.
Yusuf MIRZAYEV,
dehqon:
– Tomorqamda to'rt sotix maydonga issiqxona qurgandim. Oila a'zolarim bilan erta pishar pomidor ko'chati ekdik. Uch marta hosilini yig‘ishtirib olganimdan so'ng issiqxona uchun sarflagan mablag‘im qoplandi. Yerni boqsang, yer seni boqadi deyishadiku. Yerga mehr berib, qaradik, mana endi samarasini ko'ryapmiz. Hali yana ikki marta hosil yig'ishtirib olish imkoniyatimiz bor. Mehnatimiz natijasini ko'rib, yerning har qarichidan foydalanishga harakat qilyapmiz. Bo'sh qolgan joylarga bolgar qalampiri, garmdori, baqlajon ham ekkanmiz. Ularni ham peshma-pesh yig'ishtirib, bozorga chiqarayapmiz.
Xullas, hammamiz, butun oilamiz bilan oila budjetiga, daromadiga hissa qo‘shish uchun harakat qilyapmiz. O‘tirgandan, bekorchilikdan nima foyda.
Tomorqamning har qarich yeri men uchun oltinga teng, uning har qarichini yaxshi ko‘raman. Shunday paytda ishlagan sari ishlaging keladi-da...
Bugun bunday iliq gaplarni nafaqat sayxunobodliklar, balki boshqa ko‘plab yurtdoshlarimizdan eshitish mumkin. Natija bo‘layotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Laziza SHEROVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 25.12.2024, №52