Xabaringiz bor, 2024-yilda dunyoning eng ruhlantiruvchi 100 ayoli ro‘yxatiga kirgan surxondaryolik Dilorom Yo‘ldoshevaning matonati va ishbilarmonlik fazilatlari yuqori darajada e’tirof etilib, davlat rahbari tomonidan “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi. Jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramay, oilada va jamiyatda o‘z o‘rnini topib, 40 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlangan bu ayol timsolida hayot sinovlari oldida bosh egmay, irodasi toblangan hazrati insonni ko‘ramiz.
Keyingi yillardagi qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat Dilorom opa singari yuzlab, minglab hamyurtlarimizning orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarmoqda. Bugun yurtimizning har bir nuqtasida nogironligi bor esa-da, muqim daromad manbaini topib, boshqalarga ham yordam qo‘lini cho‘zayotganlarni uchratamiz.
Xalqaro mehnat bozoridagi vaziyat
Hozir Yer yuzida 1 milliarddan oshiq inson, ya’ni, dunyo nufusining 15 foizida nogironlikning u yoki bu turi mavjud hamda ularning 80 foizi rivojlanayotgan davlatlarda yashaydi. Shu yilning iyun oyida BMTning nogironlar huquqlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan global forumida xalqaro tashkilot Bosh kotibi birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad aholining ushbu ehtiyojmand qatlami ish ta’minoti masalasida hali ham qiyinchiliklarga duch kelayotganini ta’kidladi. “Jahon miqyosida nogironlar soni va nogironlar bandligi o'rtasidagi tafovut deyarli 30 foiz punktni tashkil etadi, bu 2018-yildagi ko‘rsatkich bilan bir xil, vaziyat o'zgarmagan”, dedi BMT vakili.
O'zbekiston tajribasi
Statistikada keltirilishicha, hozirda yurtimizda rasmiy ro'yxatdan o'tgan nogironligi bo'lgan shaxslarning umumiy soni 967 ming 925 nafarni tashkil etmoqda. Ularning huquq va erkinliklari qator qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda aks ettirilgan. Xususan, 2024-yilda «Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida»gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. 2021-yili mamlakat BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Yangilangan Konstitutsiyamizda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari alohida belgilandi.
Og'ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan, nogironlikning u yoki bu turi mavjud fuqarolarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ayniqsa, ularning bandligini ta'minlash borasida O'zbekiston tarixan qisqa vaqt ichida umume'tirofga loyiq tajriba to'pladi, deb ikkilanmay aytish mumkin.
Misol uchun. Hozirgi kunda rasmiy band nogironligi bo'lgan shaxslarning soni 82,5 ming nafarga yetib, yil boshiga nisbatan 8 ming nafarga oshdi. Ishlash istagida bo'lgan 3,3 ming nafar nogironligi bo'lgan shaxs ochiq tanlov orqali davlat tashkilotlaridagi bo'sh ish o'rinlariga joylashtirildi. Ushbu raqamlar yurtimizda nogironlarni ish bilan ta'minlash ko'rsatkichi yildan-yilga oshayotganini isbotlaydi.
Ijtimoiy islohotlarni mahalla darajasigacha, ya'ni, manzilli tashkil etish, ijtimoiy daftarlarni yuritish orqali ehtiyojmand insonlar, jumladan, nogironligi bor hamyurtlarimizning turmush sharoitini o'nglash, buning uchun esa ularni ijtimoiy-iqtisodiy faol hayot bilan qamrab olish yo'lida barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Boshqacha aytganda, O'zbekiston ijtimoiy davlatga xos konstitutsiyaviy majburiyatlarini, har qancha qiyin bo'lmasin, muvaffaqiyatli uddalashga intilmoqda.
Reabilitatsiya qamrovi qanday?
Aholini ijtimoiy himoya qilish yagona markazlashgan tizim sifatida shakllantirilgach, ijtimoiy yordamlar qamrovi karrasiga oshdi. Barcha hududlarda “Inson” markazlari ochilib, 102 ta ijtimoiy xizmat mahallalarda yo‘lga qo‘yildi. Odamlarning daromadlari va yashash tarzida keskin tafovutlarning, tengsizlikning oldini olish, har bir inson davlatning e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmasligini kafolatlash maqsadlari real hayotiy natijalarda namoyon bo‘la boshladi. Nogironligi bor shaxslar uchun ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va boshqa sohalarda teng imkoniyatlarni yaratish, ularni jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi deb tan oluvchi ijtimoiy nor mani barcha jabhaga chuqur singdirish qamrovi kengaydi.
Mamlakatda inklyuzivlikni qaror toptirish, nogironligi bor insonlarni qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z borganda, tabiiyki, ularni reabilitatsiya qilish masalalarini ham tilga olmaslikning iloji yo‘q. Binobarin, shu yil 13-dekabr kuni davlat rahbari ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida mazkur jihatga ham alohida to‘xtaldi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘maklashish, ularni jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash tizimi takomillashtirildi. Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18 tadan 30 taga, qoplab beriladigan mablag‘lar miqdori o‘rtacha 10 baravargacha oshirildi.
Eslasangiz, yaqin davrgacha nogironligi bo‘lgan shaxslarni maxsus aravacha yoki qo‘ltiqtayoq bilan ta’minlashda ham qancha muammolar kuzatilardi. Muhtoj insonlar nogironlik aravachasi olish uchun oylab navbatda turgan kunlar ko‘pchilikning yodidan chiqmagandir. Hozir esa nogironligi bor har bir shaxs o‘ziga zarur moslamani xarid qilish uchun tanlov erkinligiga ega. Bu jarayon elektron tarzda shaffof va ochiq tus olgan.
Quvonarlisi, endilikda nogironligi borlarni reabilitatsiya qilish ko‘lami yanada kengayadigan bo‘ldi. Yuqorida aytib o‘tganimiz videoselektor yig‘ilishida har bir viloyat va tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi galdagi muhim vazifalar sirasiga kiritildi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshirilishi kutilmoqda.
Nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari turi yana 7 taga ko‘payishi, bu orqali 2025-yilning o‘zida 80 ming muhtoj odamga zarur protez vositalari yetkazib berilishi ayni muddaodir.
Yana bir yaxshi gap. Qonun doirasida berilgan imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga, 2024-yili yurtimiz tadbirkorlari nogironligi bor 40 ming fuqaroni ishga olgan. Buni yanada kengaytirish uchun yangi yilning 1-yanvaridan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilangani, bunday odamlar ni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 million so‘mgacha grant berilishi, pirovardida esa yana 80 ming nogironligi bor odam ish bilan ta’minlanishi ijtimoiy himoya va insonparvarlikka uyg‘un strategik islohotlarning bardavomligini kafolatlaydi.
Farida MAHKAMOVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 25.12.2024, №52