Keyingi besh yilda O‘zbekistonda oliy ta’limda muhit va kayfiyat butunlay o‘zgarib ketdi. Yildan-yilga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan yoshlarning soni o‘sib bormoqda.
2017-yilda OTM soni 77 ta bo‘lib, oliy ta’limda tahsil olish istagida bo‘lganlar soni bir necha barobar ko‘p edi. Bugunga kelib, 210 ta oliygohda turli soha mutaxassislari yetishib chiqmoqda. Natijada qabul kvotalari 4 barobarga oshdi. Shuningdek, o‘tgan yili OTMlarga 1 milliondan ortiq abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, 300 mingdan ziyodi o‘qishga qabul qilindi. Demak, avvalgidek har 10-11-emas, har uchinchi abituriyentda talaba bo‘lish imkoni yuzaga keldi.
Kvotalar sonigina emas, ta’lim standartlari ham o‘zgardi. Mazmun jihatidan yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari 40 foizgacha (306 tadan 183 taga) maqbullashtirildi. 183 ta ta’lim yo‘nalishi va 546 ta mutaxassislik bo‘yicha malaka talablari, 1 278 ta o‘quv reja va 4 mingdan ortiq o‘quv dastur (sillabus)lari tasdiqlandi. Shu bilan birga, 7 ta oliygohdagi 39 ta ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Kecha va bugun
Keling, bir necha yil avvaliga nazar solaylik yoki o‘zimiz, uka-singillarimiz o‘qishga kirish uchun qanchalar qiynalganini eslaylik. Ayniqsa, O‘zbekistonda yuqori demografik o‘sish kuzatilgan, biroq oliy ta’lim qamrovi o‘zgarishsiz qolayotgan davrlarni tasavvur qiling.
O‘shanda OTMlarga o‘qishga kirish juda murakkab, kimlar uchun hattoki imkonsiz orzuga aylanib qolgan edi. Kvotalar kam bo‘lgani sababli qabul imtihonlarini murakkablashtirish, maktab darsliklariga mutlaqo begona bo‘lgan mavzularda savollar tuzish avjiga chiqdi. Ana shu kabi muammolar tufayli ba’zi uddaburon mutasaddilarning natijalarga ta’sir qilish imkoni yuzaga keldi. Oxir-oqibat imkoni borlar bolasini imtihonga tayyorlash barobarida katta pul yoki katta “tanka” topish payiga, yoshlar esa umidsizlikka tushib qoldi.
Davlatimiz rahbari ushbu holatlarni hisobga olib, zudlik bilan oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish chorasini ko‘rdi. Maqsad imtihonlarni oshkora va shaffof tarzda o‘tkazish orqali chinakam bilimli yoshlarni oliy ta’limga qamrab olishdan iborat edi.
Bugun hamma teng. Jumladan, abituriyentlar binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari yordamida tekshirilyapti. Oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish uchun test sinovlari ochiq maydonli binolarda o‘tkazilmoqda va bularning barchasi onlayn kuzatuv orqali nazorat qilinyapti. Bolaning ota-onasi, yaqinlari, umuman, imtihonni kuzatish istagida bo‘lganlar uchun jarayonlar katta monitorlarda, internet tarmog‘i va televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilmoqda.
Bularning barchasi texnik jihatlar bo‘lsa, abituriyentlarning bilimi, zakovatidan kelib chiqib, qo‘shimcha imkoniyatlar ham yo‘lga qo‘yildi. Misol uchun, ularga oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi berildi. Talaba bo‘lish istagidagi har bir yigit-qiz o‘z bilim doirasini, imkoniyatlarini yaxshi biladi. Ana shu asosida imtihon yo‘nalishi to‘g‘ri kelgan 5 ta OTMga hujjat topshirishi mumkin. Bu esa imkoniyatlarni ham 5 karra oshiradi.
Yodingizda bo‘lsa, bir necha yil oldin 1 avgust kuni hamma imtihonga shoshar edi. Ko‘chalar tirband, shaharlarga qatnaydigan jamoat transportlarida joy yo‘q, yo‘nalishsiz taksilarning narxi osmonga ko‘tarilgan, uzoqdan kelganlar uchun esa tunab qolishga joy topish muammo bo‘lardi. Odamlarning sarson bo‘lgani yetmagandek, juda katta pul sarflashiga ham to‘g‘ri kelgan. Bugun esa vaziyat boshqacha. Imtihon hamma uchun bir kunda bo‘lishi shart emas. Natijalar esa 15-20 kunlab kuttirmaydi. Xullas, odamlarning vaqti ham, naqdi ham tejaladigan tizim ishlayapti.
Yanada adolatli bo‘lishi uchun...
Sohani yanada adolatli qilish maqsadida navbatdagi muhim qadam tashlandi. Ya’ni, “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2024-2025-o‘quv yili qabulidan boshlab, davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etildi.
Shuningdek, davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik berilmoqda. O‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi OTMiga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat berildi. Endi qaysi soha bo‘yicha qancha mutaxassis kerakligi, ularning darajasi haqida yanada aniq xulosa yuzaga keladi.
Tabiiyki, bu jarayonda bo‘lg‘usi talabalarning bilim darajasi ham muhim sanaladi. Ya’ni, davlat granti kvotalarining OTMlar kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshiriladi. Endi davlat granti o‘rinlari eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar tanlovi asosida belgilanadi va 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti shaklida ajratish yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi. Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan ballidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.
Asosiysi, maqsad faqat oliy ta’lim egalarini ko‘paytirish bilangina cheklanmaydi. Mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Chunki taraqqiyotga intilayotgan davlatlar birinchi navbatda inson kapitaliga sarmoya yo‘naltiradi. Zero, aynan inson kapitalining qay darajada rivojlangani mamlakatning istiqbolini belgilovchi muhim omildir.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 25.12.2024, №52