Mahalliy Kengashlar katta kuch va salohiyatga ega. Biz ularning imkoniyatlaridan unumli foydalansak, yutuqlarimiz salmog‘i oshadi, hududlar taraqqiyotiga xizmat qiladigan tashabbuslarimiz kengayadi, joylarda aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolar bartaraf etiladi.
Xo‘sh, mahalliy Kengashlardagi O‘zXDP guruhlari faoliyatini yanada kuchaytirish uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz talab etiladi? Bu borada qanday vazifalar oldimizda turibdi?
Bilamizki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida deputatlar faoliyatini yaxshilash, mahalliy Kengashlar nufuzini oshirish, vakolatlarini kengaytirish kabi dolzarb vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqib, bugun xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda O‘zXDP guruhlaridagi muhit va kayfiyat ham yangilanmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
E’tibor qilsak, keyingi paytlarda mamlakatimizda islohotlarning markaziy nuqtasiga chiqayotgan muhim sohalarda deputatlik nazorati olib borildi va ular sessiyalar kun tartibiga kiritildi. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida mahalliy Kengashlardagi O‘zXDP guruhlari tashabbusi bilan 562 ta masala sessiya kun tartibiga olib chiqildi. 612 ta masala doimiy komissiyada, 686 ta masala esa deputatlik guruhi yig‘ilishida muhokama etildi.
Fuqarolarni o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalar qay darajada samara va natija berayotgani deputatlik nazoratini olib borish davomida yanada yaqqol ko‘rinadi. Qonunlar, qarorlar, dastur va boshqa muhim hujjatlarning ijrosini, ya’ni, ro‘yobini bilish uchun ko‘proq odamlar orasida bo‘lish, har bir mahallaga, har bir xonadonga kirib borish kerak. Muhimi – mana shu ishni sidqidildan bajarishda.
Albatta, deputatlik nazoratini olib borish jarayonida deputatlarimiz, faollarimiz ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini erkin bildirmoqda va himoya qilmoqda. Bularning barchasi partiyalarning elektorati oldidagi mas’uliyatini oshirishi aniq.
Dasturlar ijrosi qat’iy nazoratda
Bilamizki, hududlarni har jihatdan rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish maqsadida davlat va mahalliy dasturlar qabul qilinadi. Albatta, ularni hayotga tatbiq etish, belgilangan har bir vazifani sidqidildan va o‘z vaqtida bajarish muhim ahamiyatga ega. Gap davlat va jamiyat manfaati, odamlarimizning buguni va kelajagi haqida ketganda bunga befarq qarashga haqimiz yo‘q.
Xo‘sh, dasturlar ijrosini kim nazorat qiladi? Albatta, deputatlar.
To‘g‘ri, bunday vakolatga parlament quyi va yuqori palatasi ham, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari ham bevosita vakolatli. Ammo mahalliy Kengash deputatlarining bu jarayondagi hissasi nihoyatda katta. Chunki ular bevosita aholi orasida faoliyat yuritadi, ular bilan yelkama-yelka turadi, odamlarning dard-u tashvishini hammadan ko‘ra yaxshiroq biladi. Qisqa qilib aytganda, ular har kuni real hayot bilan yuzma-yuz keladi. Shuning uchun joylardagi haqiqiy ahvoldan xabardor bo‘lish, muammolarni aniqlash va ularni hal qilish, bu borada asosli takliflar bilan chiqishda xalq vakilining o‘rni nihoyatda katta. Dasturlar ijrosini nazorat qilishda ularning kuchi va salohiyatidan foydalanish eng to‘g‘ri va samarali yo‘ldir.
Ma’lumki, mahalliy Kengashlar 15 dan ortiq masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega. Aytaylik, aholi bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish ham bevosita mahalliy Kengashlar zimmasidagi vakolatlardan biri. Shundan kelib chiqib, O‘zXDP deputatlari tomonidan bandlik bilan bog‘liq yuzga yaqin masala o‘rganildi. Deputatlik nazorati davomida ma’lum bo‘lgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha asosli takliflar tayyorlanib, sessiyalar muhokamasiga kiritildi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ijtimoiy ro‘yxatlarga kiradigan har bir oila, ayol, yosh bo‘ladimi, barcha-barchasi o‘sha hududdagi mahalliy Kengash deputatlari tomonidan ochiq o‘rganilib, Kengashda muhokama qilinishi va haqiqatan muhtojlarga yordam ko‘rsatilishi kerak. Shundan kelib chiqib, deputatlarimiz tomonidan ayni sohaga aloqador 130 dan ortiq masala o‘rganildi.
Albatta, deputat saylovchilari oldida mas’uliyatni his qilgan holda faol ishlasa, vaqtida berilgan va’dalarining ustidan chiqsa, jonkuyarlik, fidoyilik ko‘rsatsa, xalqda unga nisbatan ishonch uyg‘onadi, obro‘-hurmati oshadi. Biz ham ana shu mezon asosida ishlashimiz davr talabidir. Agar Kengashlar uyg‘oq bo‘lsa, hududlar rivojlanadi. Deputatlar faol ekan, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topiladi.
Dolzarb masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglanmoqda
To‘g‘risini aytsak, bugun mahalliy Kengashlar ilgariga qaraganda ancha faollashgan. Kengashlarda bir qator dolzarb masalalar bo‘yicha hisobotlar tinglanmoqda, qarorlar muhokama uchun taqdim etilmoqda. Yig‘ilishlar ancha munozarali, savol-javoblar bilan qizg‘in kechmoqda.
Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida ijro hokimiyati vakillari hisobotlari 526 marta eshitildi. Lekin shunisi ham borki, faqat sessiyalarda hisobot berish, qaror qabul qilish bilan ish bitmaydi. Albatta, ularning ijrosi nazoratga olinishi, bir masalaning yechimi uchun oxirigacha kurashish kerak bo‘ladi. Albatta, bu yo‘lda to‘xtab qolish kerak emas, har doim o‘zgarishlar, yangilanishlar tomon yurish zarur.
Unutmaylik, real hayotdan va xalq ehtiyojlaridan uzilib qolmay harakat qilgan deputat aslo kam bo‘lmaydi.
Jahongir OLIMOV,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i.
«O‘zbekiston ovozi», 25.12.2024, №52