Bugungi kunda aholi tomonidan uy-joylarga talab ko‘pligidan foydalanib, bu sohada insofsiz biznes qilayotganlar xam yo‘q deb bo‘lmaydi.
Ushbu yo‘nalishda to‘lov tizimi tartibga solinmagani, raqamlashtirish va ochiq-oshkoralik qonunchilik bilan tartibga solinmagani bunga yo‘l ochib bermoqda.
Yangi uylarni olmoqchi bo‘lgan fuqarolar pullarini bank orqali emas, aksincha to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchilarga berayotgani uchun ham ayrim hollarda muammolar yuzaga kelmoqda.
Agar raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, aholi va quruvchilar o‘rtasida yuzaga kelib, sudda ko‘rilayotgan nizoli holatlar soni yildan-yilga o‘sib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. 2020-yilda 5 ta, 2021-yilda 29 ta, 2022-yilda 76 ta va 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich 93 tani tashkil etgan.
Aksariyat xollarda esa uylarni topshirish muddatlari kechikib, fuqarolarimiz to‘lagan pullar muzlab turibdi.
Mamlakatimiz aholisi dunyoda shiddat bilan o‘sib borayotgan davlatlar qatoridan joy olganligi hech kimga sir emas. E’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda aholimiz soni 37 milliondan oshib, shu yilning o‘zida 215 ming yangi oila paydo bo‘ldi. Statistik tahlillarga ko‘ra 2040-yilga borib yurtimiz aholisi soni 50 millionga yetishi hisob-kitob qilinmoqda. Ushbu ko‘rsatkich albatta yurtimiz aholisini uy-joylarga bo‘lgan talabini oshishini anglatadi.
Shu bilan birga joriy yilda 100 ming xonadonli, kelgusi yilda esa 120 ming xonadonli ko‘p-qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan.
So‘nggi yillarda Davlatimiz rahbari boshchiligidagi islohotlar asosida mamlakatimizning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Yirik investitsiya oqimi kirib kelmoqda. Yurtimiz tom ma’noda qurilish maydoniga aylandi. Ko‘plab turar-joy binolari qad rostlamoqda.
Ammo bu sohada tizim yetarli emasligi, qonunchilikda bo‘shliqlar mavjudligi sababli faqatgina quruvchilarning manfaatlariga xizmat qilayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Hozirgi kunda ko‘plab xorijiy mamlakatlarda “Escrow” tizimi tajribadan o‘tgan bo‘lib, unga ko‘ra buyurtmachi va tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan har bir qurilish inshooti bo‘yicha “Escrow” hisob-varag‘i ochiladi.
Ko‘chmas mulk uchun kelishilgan mablag‘lar ushbu hisobvaraq orqali amalga oshiriladi. Unda yig‘iladigan mablag‘lar asosida tijorat banklari buyurtmachilarga pasaytirilgan foizlarda kredit taqdim etadi. Qurilish bitgach xaridorning hisobvarag‘idagi pul developer tashkilotiga o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, amaliyotda ba’zi quruvchi tashkilotlar tomonidan ularga ishonib topshirilgan mablag‘larni suiiste’mol qilish holatlari ham uchrab turibdi. Bu fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Oqibatda, ular idorama-idora yurib sarson bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu esa insonlarni og‘ir vaziyatda qoldiryapti. Shuning uchun ham joriy etilishi belgilanayotgan ushbu “Escrow” tizimi har ikki tomonning huquqlarini himoya qilishni nazarda tutadi.
“Escrow” maxsus bank hisob raqami orqali amalga oshiriladigan tizimdir. Bu yerda bank xaridor va quruvchi o‘rtasida vositachi bo‘ladi.
Xaridor pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchiga emas, balki bankdagi eskrou hisob raqamiga to‘laydi. Qurilish yakunlanib, uy-joy xaridorga topshirilganidan keyingina pul quruvchiga o‘tadi. Agar quruvchi o‘z majburiyatlarini bajarmasa, pul to‘liq xaridorga qaytariladi.
Bu jarayonda banklarning roli muhim ahamiyatga ega.
“Escrow” hisob raqamida to‘plangan mablag‘lar asosida banklar quruvchiga resurs ajratadi. Bu pulning samarali boshqarilishini ta’minlaydi va qurilishning o‘z vaqtida tugallanishiga yordam beradi. Bunday tizim xaridorning ham, quruvchining ham huquqlarini himoya qiladi.
Shokirjon AHMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
XDP Fraksiyasi a’zosi.