So‘nggi yillarda mamlakatda qurilish sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, barcha bosqichlarda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan qisqa davrda sohaga doir ko‘plab Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Yangi tahrirda qabul qilingan Shaharsozlik kodeksi esa ushbu sohada butunlay yangi davrni boshlab berdi.
Ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi ham yil sayin oshib bormoqda. Masalan, oxirgi yetti-sakkiz yilda yurtimizda qariyb 100 milliard dollarlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Shu davrda qurilish materiallari sanoatiga 9 milliard dollar sarmoya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushirildi va 94 ming doimiy ish o‘rni yaratildi.
O‘tgan qisqa davrda mazkur yo‘nalishda katta natijalar, ulkan yutuqlarga erishildi. Ammo shunga qaramay, ayrim muammolar ham borki, bu aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, oxirgi vaqtlarda OAVda yangi qurilayotgan uy-joylar sotuvida xaridorlarni aldash holatlari bo‘yicha turli xabarlarni tez-tez o‘qib, eshitib qolamiz.
Fuqarolarimiz ayrim nopok qurilish korxonalarining va’dalariga ishonib, hali qurilishi boshlanmagan uy-joylar uchun shartnoma tuzib, oldindan katta miqdorda to‘lov qilib qo‘ymoqda. Ayrim qurilish korxonalarining pullarni maqsadsiz sarflashi, talon-toroj qilishi yoki ularni bankrotga uchrashi oqibatida, ishonuvcha fuqarolar mablag‘laridan ajralib qolyapti.
Kuni kecha Prezidentimiz uy-joy qurilishida aholi mablag‘larini kafolatlash tizimiga oid taqdimot bilan tanishish davomida shunday muammolar tahlil qilinib, uzoq muddatga mo‘ljallangan aniq, maqsadli vazifalar belgilab berildi.
Aytish joizki, keyingi yillarda har bir fuqaro o‘z uyiga ega bo‘lsin, degan maqsadda arzon uy-joylar va ko‘p kvartirali uylar qurish keskin jadallashdi. Masalan, birgina joriy yilda 100 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshiriladi. Kelgusi yilda esa 120 mingta qurilishi rejalashtirilgan.
Biroq bugun talab ko‘pligidan foydalanib, bu sohada insofsiz biznes qilayotganlar ham, afsuski, uchrab turibdi. Xususan, to‘lov tizimi tartibga solinmagani, raqamlashtirish va ochiq-oshkoralik yo‘qligi bunga yo‘l ochib berayapti. Yangi uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini bank orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga berayotgani uchun bu mablag‘lar “soya”da qolayapti.
Albatta, bunday holatlarda xorijiy davlatlarda tajribadan o‘tgan “escrow” tizimi yaxshi samara beradi. Chunki unga ko‘ra, buyurtmachi va tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan, har bir qurilish inshooti bo‘yicha “escrow” hisobvarag‘i ochiladi va ko‘chmas mulk uchun kelishilgan mablag‘lar bu hisobvaraq orqali amalga oshiriladi.
Taqdimot davomida aytib o‘tilganidek, unda yig‘iladigan mablag‘lar asosida tijorat banklari buyurtmachiga pasaytirilgan foizda kredit beradi. Qurilish bitgach esa xaridorning hisobvarag‘idagi pul developer tashkilotga o‘tkaziladi. Agar quruvchi o‘z majburiyatini bajarmasa, bu pul egasiga qaytarib beriladi. “Еscrow” hisobvarag‘ida turgan mablag‘larga undiruv qaratilmaydi.
Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, bu borada huquqiy asos yaratish, mazkur tizimni qurilishga aloqador vazirlik va idoralarda integratsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ushbu vazifalar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Boisi bugungi kunda yangi qurilayotgan uy-joylar sotuvida eskrou hisob-raqamlar tizimining samarali ishlashi uchun mamlakatimiz qonunchiligida yetarli asoslar mavjud emas. Demak, ushbu yo‘nalishda alohida qonun qabul qilinishi maqsadga muvofiqdir.
Partiyamiz Saylovoldi dasturida “turar-joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratish maqsadida eskrou to‘lov tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qilish” ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi guruhi va ekspertlar tomonidan “Uy-joy qurilishida fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish va ularning moliyaviy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, bugungi kunda mutaxassislar tomonidan muhokama qilinmoqda.
Ushbu hujjat uy-joy qurilishidagi fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish, hissadorlarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash, qurilish sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, qurilish jarayonida shaffoflik va ishonchlilikni oshirish, quruvchilarning mas’uliyatini kuchaytirish hamda ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgani bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.
Prezident belgilab bergan vazifalardan kelib chiqib, partiyamiz va fraksiyamiz a’zolari bilan birgalikda sohani chuqur tahlil qilish, mazkur masalada yuqori natijalarga erishgan xorijiy davlatlar tajribasi va qonunchiligini har tomonlama o‘rganamiz. Eng avvalo, qonun loyihasini parlamentga kiritish uchun tayyorlash jarayonida fuqarolar, keng jamoatchilik va quruvchi tashkilotlar, moliyaviy tashkilotlar takliflarini ham hisobga olamiz.
Binobarin, davlatimiz rahbarining yangi tizimni qurilishga aloqador vazirlik va idoralarda integratsiya qilish haqidagi ko‘rsatmalari asosida qilinadigan ishlarni qonun ijodkorligi jarayonida hisobga olish, mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar bilan bamaslahat faoliyat yuritishimiz zarur.
Ishonchim komilki, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, shubhasiz, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy qilinayotgan uy-joy sotib olish uchun eskrov hisoblarining kafolatlangan yangi tizimi uchun mustahkam huquqiy asos yaratib beradi. Eng muhimi, qurilish jarayonining shaffofligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.