Mamlakatimizda «Inson qadri uchun» g‘oyasi islohotlarimizning bosh tamoyili hisoblanadi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ham «Inson-jamiyat-davlat» tamoyili o‘z aksini topgan. Bu esa, amalga oshirayotgan barcha islohotlarimiz birinchi navbatda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan e’tiborlidir. Zero, islohotlarimizning maqsadi yurtimizda yashayotgan barcha fuqarolarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishdir.
Aynan shuning uchun ham ma’naviy barkamol insonni tarbiyalash, ta’lim-tarbiyani yuksaltirish, Yangi O‘zbekiston g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan avlodni voyaga yetkazish davlatimizning eng muhim vazifalaridan biri bo‘layapti.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarni jinoiy tajovuzlardan himoya qilish bilan bog‘liq qonunchilikni takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, insonning erkinligiga qarshi qaratilgan eng og‘ir jinoyatlardan biri odam savdosi. XXI asrning global muammosi, deb atalayotgan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlardan jahon hamjamiyatida jiddiy tashvish va xavotirda. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarayotgan, fan-texnika taraqqiyoti kuchaygan bir davrda bu jinoyatga qarshi kurashish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
U inson huquq va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzgan holda erkak, ayol va bolalarni o‘z qurboniga aylantiradi. Jismoniy va ruhiy jihatdan azob berib, xuquqlarini cheklaydi, birovlarning qo‘lida qul bo‘lishga mahkum etadi. Oqibatda odamlar umriga zomin bo‘lishdek eng og‘ir va jirkanch oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Aksariyat hollarda bu jinoyat bilan shug‘ullanuvchilar insonni aldash, qo‘rqitish yoki katta pul topish, yaxshi sharoitda yashash imkoniyati haqida yolg‘on va’dalar berib, ularni noqonuniy yo‘llar bilan xorijiy davlatlarga olib chiqib ketishadi. Odam savdosining qurbonlari esa asosan ayollar va bolalar bo‘layotganligi achinarlidir. Mehnat migratsiyasi, axborot almashinuvining kuchayishi, huquqiy bilimning yetarli emasligi, oson pul topishga umid qiluvchi, yot ta’sirlarga tez beriluvchan fuqarolar jinoyatchilar to‘riga oson ilinadilar.
Yurtimizda odam savdosiga qarshi kurashish, bu jinoyat jabrdiydalarini himoyalash va reabilitatsiya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tegishli qonun, qaror va farmonlar odam savdosining oldini olishga, bu jinoyatning halokatli ta’siridan himoya qilishga qaratilayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiyasi qayta tashkil qilinib, mazkur komissiya o‘z faoliyatini samarali ravishda amalga oshirmoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashishda davlat tashkilotlari bilan birga, nodavlat, notijorat tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlarning hamkorligi kuchaymoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan «30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni» deb e’lon qilinganligi ham odam savdosiga qarshi kurashish dunyo miqyosida juda muhim masala ekanini ko‘rsatadi.
Qashqadaryo viloyatida o‘tgan yili odam savdosi bilan bog‘liq jami 96 ta ariza va shikoyatlar kelib tushdi. Ularning 7 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 89 tasi bo‘yicha profilaktik tadbirlari olib borildi.
Odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan 9 nafar fuqaro respublika reabilitatsiya Markaziga yuborilgan.
Jinoyatchilikka qarshi kurashishda javobgarlik muqarrarligi ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu sohada qonunchilik asoslari takomillashtirilayotganligini ko‘ramiz.
Jumladan, 2024-yilning 20-dekabr kuni Oliy Majlis Senati tomonidan «Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma’qullanganligi ham bu masalaning o‘ta dolzarbligidan dalolat.
Mazkur Qonunda eng og‘ir jazo sifatida Jinoyat kodeksining 135-moddasining uchinchi qismi sanksiyasida o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. (Amalda esa mazkur moddaning uchinchi qismida sakkiz yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.)
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasining 2-qismiga og‘irlashtiruvchi holatlar qatoriga fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida odam savdosi jinoyati sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi malakalovchi belgining kiritilishi ham jinoiy qilmishning og‘irligiga muvofiq jazoning kuchaytirilayotganligini anglatadi.
Jazo choralarining kuchaytirilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishda, aybdor shaxslarga nisbatan murosasiz kurashishda hamda javobgarlik muqarrarligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Komila Karomova,
Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi
Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari, senator.