Fraksiya yig‘ilishining kun tartibiga “Barcha yangi tug‘ilgan bolalar uchun depozitlarni ochish bo‘yicha loyiha taqdimoti to‘g‘risida”gi hamda partiya fraksiyasining 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan masalalar kiritildi.
“O‘zbekiston – ijtimoiy davlat”. Bu inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat Bosh Qonunimizning birinchi moddasida qat’iy belgilab qo‘yildi. Ushbu tamoyilning amaldagi isboti uchun qator chora-tadbirlar ham yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, ijtimoiy davlat maqomini mustahkamlash uchun, yangi tug‘ilgan bolani tarbiyalashda ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish va ularni bolalarga uzoq muddatli sarmoya kiritishga yanada faol jalb qilishni rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlarni izlab topish zarurati tug‘iladi.
Bunday qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlaridan biri sifatida 47-sonli “Sanoat” saylov okrugidan deputat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari Rustam Saparbayev tomonidan ishlab chiqilgan “Barcha yangi tug‘ilgan bolalar uchun bolalar depozitini ochish bo‘yicha loyihasi” taqdimot qilindi.
Ushbu loyiha bola voyaga yetganida shaxs sifatida shakllanish, iqtidorini rivojlantirish uchun erkin moliyaviy resurslarga ega bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi. Barcha yangi tug‘ilgan bolalar uchun “bolalar depozitini” ochish, mazkur depozitni ota-onalar, vasiylar yoki boshqa homiylar tomonidan qonun asosida bosqichma-bosqich to‘ldirish imkoniyati bilan ta’minlash va 18 yoshga to‘lganda foizlari bilan to‘lovni olish huquqini beradi.
Shuningdek, aholida uzoq muddatli investitsion tafakkurni bosqichma-bosqich shakllantirish, bu esa davlatdan yordam mablag‘larini talab qilish va ijtimoiy yordamga qaramlik hissini kamaytiradi. O‘z navbatida, aholining jamg‘armalarini yanada investitsiyalash va kapitalni o‘stirish hisobidan uni ko‘paytirishga moyillikni oshiradi. Muhimi, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan o‘zgarishlar “o‘lik pul” ko‘rinishidagi jamg‘armalar hajmini qisqartirishga xizmat qiladi.
Loyihaga ko'ra, “bolalar depozitining” egasiga kelgusida voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarning ota-onalariga g'amxo'rlik qilish uchun konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarish imkoniyati yaratiladi. Natijada mamlakatning “ijtimoiy davlat” sifatidagi imidji o'sadi. Bundan tashqari, uzoq muddatda davlatning qo'shimcha budjet xarajatlari qo‘rinishidagi davlatning ijtimoiy yuki kamayadi. Tabiiyki, “bolalar depoziti”ning egasi 18 yoshga to'lgandan so'ng ta’lim olishni davom ettirish, uy-joy-maishiy masalalarni hal qilish, to'plangan mablag'larni keyinchalik investitsiya qilish yoki ulardan boshqa shaxsiy qonuniy maqsadlar uchun foydalanish kabi asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun bo'sh moliyaviy resurslarga ega bo‘ladi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan loyihada yana qator masalalar qamrab olingan. Qayd etilishicha, kelgusida ota-onalarning yuki kamayadi va yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlar uchun pul xarajatlarini moliyalashtirish manbalarini izlashga ehtiyoj qolmaydi, mos ravishda qo‘shimcha qarz yuki bo‘lmaydi. Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar ulushini pasayishi esa ularning oilaviy munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, bolalarda vatan uchun faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
Yig‘ilish ishtirokchilari loyihani muhokama qilish chog‘ida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturiga mos bo‘lib, partiya elektorati manfaatlariga xizmat qilishi e’tirof etildi.
Loyiha Konstitutsiyaga, Prezidentimizning ijtimoiy sohada qabul qilinayotgan qaror va farmonlariga, ayniqsa, 2024-yil 23-sentabrdagi farmonida belgilangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi” talablariga to‘liq mos kelishi ta’kidlandi. Zero, mazkur dasturda ilg‘or xalqaro amaliyot asosida har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mitalari va partiya fraksiyasi a’zolari tomonidan loyihaning mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatga mosligini, kelajak avlod ravnaqiga xizmat qilishini hamda masalaning dolzarbligini hisobga olib qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu masalani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi reglamenti talablari asosida tayyorlab, sessiya muhokamasiga olib chiqish uchun vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining 2025-yilga mo‘ljallangan Ish rejasi tasdiqlandi. Fraksiya ish rejasiga partiya Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, elektoratni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni o‘rganish va ularni hal etishga qaratilgan masalalar kiritilgan.
Yig‘ilish kun tartibiga kirtilgan barcha masalalar muhokama qilinib, partiya fraksiyasi oldida turg‘an ustuvor vazifalar belgilab olindi.