2024-yil ham ortda qoldi. Bu Mustaqil O‘zbekiston davlatchiligining 33 yilligi degani. Yil yurtimiz hayotida yirik tarixiy voqeliklarga boy bo‘ldi.
Fakt. 2024-yil yakuniga kelib O‘zbekiston aholisi 37 millionlik dovondan oshdi.
Vaziyatga real baho beradigan bo‘lsak, endi 37 millionlik nufusga ega mamlakatni “kichik”, deyish mumkin emasligini dunyo hamjamiyati ham allaqachon tan olib bo‘lgan. O‘zbekiston katta mamlakatga aylandi. Bu keyingi yillarda xalqaro maydonda bizga bo‘lgan munosabatning shiddat bilan ijobiy tomonga o‘zgarib borganida ham yaqqol ko‘rinmoqda. Xalqaro maydondagi bugungi nufuzimizni belgilab beruvchi eng muhim omil ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borilayotganidir.
Barqaror demografik o‘sish o‘z-o‘zidan davlat oldiga katta mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda. Albatta, birinchi navbatda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, YAIMning yillik o‘sishini yanada ko‘paytirish lozim.
Iqtisodiy o‘sish deganda, hammamizning tasavvurimizda bozor tamoyillari gavdalanadi. Tan olish lozimki, bu borada ham o‘tgan yilda katta qadamlar tashlandi. Islohotlarning muhim elementi shunda bo‘lmoqdaki, milliy iqtisodiyotimiz jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashmoqda.
Davlatimiz rahbari 2024-yil 20-dekabr kuni o‘tgan tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari yakuniy bosqichga kirayotganini ta’kidladi.
JST qanday tashkilot va u O‘zbekistonga nima beradi?
Tashkilot 1995-yil 1-yanvardan o‘z faoliyatini boshlagan. U davlatlararo ko‘p tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi yagona universal xalqaro tuzilma hisoblanadi.
Asosiy vazifasi global iqtisodiyotning shaffofligini tartibga solish, davlatlararo savdo-sotiq munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular o‘rtasida tenglik o‘rnatish, a’zo mamlakatlarda barqaror taraqqiyotni ta’minlash va insonlar turmushini yaxshilash hisoblanadi.
Bugungi kunda dunyodagi ushbu eng yirik iqtisodiy tashkilotga 166 davlat a’zo bo‘lib, ular hissasiga jahon savdosi va jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 97 foizi to‘g‘ri keladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, JST global platforma sanalib, unda har bir a’zo davlatning manfaatlari hisobga olinadi. Shuning uchun kuchli, o‘zining iqtisodiyotiga ishongan davlatlar tezroq bu tashkilotga kirishga harakat qiladi.
Shu sababdan O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi aholining turmush tarzini yaxshilash, milliy mahsulotlarimizni jahon bozorlarida sotish, mamlakatimizda investitsion muhitni yaxshilash va investitsiya oqimini oshirish hamda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishga zamin yaratadi.
Qaysi bosqichdamiz?
Prezidentimiz 2024-yil 3-iyun kuni “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmonni imzoladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Farmon JSTga kirish yo‘lida tashlangan katta qadam bo‘ldi. Sababi, unda monopolist kompaniyalarning ekskluziv huquqlari va kamsituvchi normalarni bekor qilish, subsidiyalar va preferensiyalar berish tizimini JST qoidalaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish, investitsion muhitni yaxshilash choralari nazarda tutilgan.
2024-yil yakuniga ko‘ra, 22 davlat bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralar tugallangan. E’tiborlisi, jahon savdosida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan va iqtisodiy jihatdan dunyo liderlari bo‘lgan AQSh, Xitoy va Yaponiya bilan kelishuvga erishilgan. Endigi bosqichda Yevropa Ittifoqi a’zolari, Buyuk Britaniya va Rossiya kabi davlatlar bilan muzokaralar davom etmoqda.
JSTga a’zolik O‘zbekistonning doimiy kun tartibida turgan masala, bu siyosatda ham, strategiyada ham aks etib turibdi.
Ahmad QURBONOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 8.1.2025, №1