2025 yilgi Davlat dasturiga deputatning takliflari
2025 yilgi Davlat dasturiga deputatning takliflari

 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihalari ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025-yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan. Loyiha 2025-yil 22-yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkazilishi ayni muddaodir. Ko‘pdan ko‘p fikr va taklif chiqadi.

Partiyamizning saylovoldi dasturida 10-qadam vazifalari qatoriga 9-sinfdan keyingi ta’limni tanlov asosida olish ta’limga yoki kasbga yo‘naltirish tizimini yo‘lga qo‘yish, bunda oliy ta’limga ishtiyoqi bo‘lmagan yoshlarga ularning ixtiyoriga ko‘ra muayyan kasbni yoki xorijiy tilni chuqurlashtirib o‘rgatish” ham kiradi.

2025-yilga Davlat dasturida shunday vazifa qo‘yilgan. Unga ko‘ra, band bo‘lmagan shaxslar, kambag‘al oilalarning ishsiz a’zolari va yoshlarni amaliy monomarkaz, davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali ularning bandligiga ko‘maklashish kerak.

Bu vazifani bajarish uchun amaliy tadbirlar rejasida ham ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, ish bilan band bo‘lmagan, shu jumladan, ishsiz xotin-qizlar hamda yoshlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, xalqaro standartlar asosida kasbga o‘qitish markazlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish rejalashtirilmoqda. Kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor va “usta-shogird” maktablari ulushini 20 foizga yetkazish choralarini ko‘rish ham belgilanmoqda.

Albatta bu takliflar ko‘pchilik qatori meni ham quvontirdi. Ayni shu masalada, ya’ni ishsizlarni o‘qitish, kasb-hunarga o‘rgatish yo‘nalishida mahalliy sharoitdan kelib chiqib, ehtiyoji katta bo‘lgan kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga yo‘naltirish kerak. Hamma joyda har xil mutaxassis yetishmaydi. Demak, bir xil bo‘lmagan, hudud ehtiyojidan kelib chiqqan yo‘nalishlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xalqaro standartlar asosida barcha kasbga o‘qitish markazlari o‘qituvchilarining malakasini oshirilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor va “usta-shogird” maktablari ulushini 35 foizga yetkazish choralarini ko‘rish orqali tizimli muammolarga yechim topish mumkin, deb o‘ylayman.

 

Esonboy BOBOYEV,

Sirdaryo viloyati Oqoltin kasb-hunar maktabi direktori,

tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Davlat dasturiga takliflar Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish