Endi fuqarolar yig‘inlari raislari 5 yilga saylanishi mumkin

 

Mahalla raisi — bir necha ming kishi yashaydigan hududga rahbarlik qiladigan shaxs. Mahalla raisligi esa odamlar taqdiri, buguni va ertasi, quvonch-u tashvishlaridan boxabar bo‘lish, demakdir. Zero, yurtimizdagi eng kichik bo‘g‘in sanalgan mahallalar butun bir jamiyatni, mamlakatni tashkil etadi. Shu ma’noda mazkur tizimdagi islohotlar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar muhim sanaladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ushbu tizimga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Bilamizki, amaldagi tartibga ko‘ra fuqarolar yig‘ini raislari 3 yil muddatga saylanadi. Ammo bu davr fuqarolar yig‘ini raislariga o‘z bilim va boshqaruv qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishga yetarlicha imkoniyat bermaydi. Shundan kelib chiqib, yangi saylangan fuqarolar yig‘ini raisi to‘liq 5 yil muddatga saylanishini belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, loyiha bilan fuqarolar yig‘ini raisi sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va tartibini takomillashtirish maqsad qilingan.

Xususan, fuqarolar yig‘ini sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va tartibini belgilovchi vakolatlarni Respublika ko‘maklashuvchi komissiyalaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ko‘maklashuvchi komissiyalariga berilishi belgilanmoqda. Bugun davr ham, amaliyot ham fuqarolar yig‘ini raisi sayloviga oid qonunchilikni takomillashtirishni talab etmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda bo‘shab qolgan o‘rinlarga yangi saylov o‘tkazish orqali fuqarolar yig‘ini raisini besh yil muddatga saylash tartibi belgilash nazarda tutilmoqda. Oliy Majlis Senati Kengashining fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlarni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga o‘tkazish taklif qilingan.

Qonun loyihasini muhokama qilar ekan deputatlar amaldagi tartib eskirib qolganini va yangilik joriy etish yaxshi samara berishi mumkinligini ta’kidladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasining fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga o‘tkazilishi tizimdagi o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. O‘zgarishlarning tatbiq etilishi fuqarolar yig‘ini vakolatlarini yanada kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyatini hamda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Muhimi, mazkur jarayonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarining saylovni tashkil etish va o‘tkazish borasida mas’uliyati oshadi.

Deputatlar ushbu jihatlarni inobatga olgan holda o‘z takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirdi. Kelgusi o‘qishgacha qo‘shimchalar ustida ishlashga kelishilgan holda loyiha konseptual jihatdan ma’qullandi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish