O‘zXDP Farg‘ona viloyat kengashi tomonidan ushbu shior ostida tadbir o‘tkazildi. Chindan ham, armiya, vatan sarhadlarining posbonlari millatimiz, mamlakatimiz tayanchidir. Viloyatdagi kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 33 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni sharafiga qaratildi. Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyat kengashi hamkorligidagi tadbirdan maqsad yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iborat.
Vatan himoyasi sharafli kasb ekani va bu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatayotganlar hamisha e’tirofga munosibligi qayd etildi. Yurt himoyasi oiladan, mahalladan, ishlayotgan va o‘qiyotgan jamoamizdan boshlanishi, qachon kichik qo‘rg‘onlarimiz tinch bo‘lsa, mamlakatda osoyishtalik barqaror bo‘lishi ta’kidlandi. Yurt posbonlariga samimiy tilaklar, ezgu niyatlar bildirildi.
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutidagi uchrashuvda ushbu kunning haqiqiy egalari Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi rahbariyati tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu jarayonda faol ishtirok etib, o‘zining O‘zbekiston XDP xayrixohligini bildirgan hamda tashabbus ko‘rsatgan bir guruh yoshlarga ham esdalik sovg‘alari taqdim etildi.