Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda. Hujjatning eng muhim jihati unda maqsad aniq. Davlat dasturi loyihasi asosiy mazmuni maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda. Niyat esa ezgu. Har bir yo‘nalishda, har bir o‘zgarishda xalq manfaati ustuvor.
Nega o‘zi dastur tayyorlanadi? Sababi, oddiy, ya’ni, u amalga oshiriladigan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida ishlab chiqiladi. Ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan dastur loyihasida mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish, xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan katta maqsadlar ilgari surilgan. Davlat dasturi loyihasida milliy taraqqiyotimizning muhim va ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan tibbiyot va ta’lim sohalarida boshlangan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator tashabbuslar jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan.
Bugun qizg‘in muhokama qilinayotgan dastur loyihasidagi barcha vazifalar, reja va tashabbuslar xalqimizning orzu-maqsadlari bilan hamohang bo‘lgani bilan odamlarimizni nihoyatda mamnun etdi.
Yana bir muhim jihati, loyihada partiyamiz Saylovoldi dasturida ilgari surilgan bir qator g‘oyalarga mos keladigan vazifalar bor. Ayniqsa, ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarning belgilanishi partiyamiz, elektoratimiz uchun prinsipial ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.
Masalan, Dastur loyihasiga ko‘ra, respublikamizning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv ta’lim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumta’lim maktab faoliyati tashkil etiladi. Bu jamiyatimizda jismoniy, ijtimoiy-iqtisodiy holati, kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir inson, ayniqsa, bolalar va yoshlar ta’lim-tarbiya olishda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishida muhim ahamiyatga ega, albatta.
Darhaqiqat, nogironligi bo‘lgan bolalar ham sog‘lom bolalar bilan bir xil e’tiborda o‘qiy olishi kerak. Tahlillarga ko‘ra, agar maktablarda inklyuziv ta’lim bilan qamrab olish uchun sharoit yaratilsa, nogironligi bor 16 yoshgacha bolalarning 80 foizidan ortig‘i bemalol maktabga bora oladi. Davlat dasturi loyihasida bu yo‘nalishda belgilangan vazifalar ijrosi qanchadan-qancha o‘g‘il-qizning ko‘ngliga yorug‘lik olib kiradi, ular ham jamiyatning teng huquqli a’zosi ekanligini his qiladi, shu tariqa hayotga qarashi o‘zgaradi. Shunda nogironligi bor bola tengdoshlaridan o‘zini ayro his qilmaydi, o‘ziga nisbatan ishonchi oshadi, intilishi kuchayadi.
Ma’lumki, partiyamiz dasturiy g‘oyalarida kam ta’minlangan, ehtiyojmand fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi ustuvorlik kasb etadi. Masalan, Davlat dasturi loyihasida joriy yilning o‘zida 3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilinishining o‘zi ham ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bunday oilalarda o‘sayotgan minglab yoshlarning ta’limi, yorug‘ kelajagi uchun muhim poydevor yaratilishini bildiradi, ularning kelajakka ishonchini oshiradi.
Konstitutsiyamizga ko‘ra, O‘zbekiston ijtimoiy davlatdir. Davlat dasturi loyihasida bu borada ko‘plab tashabbuslar borligi xalqimizni nihoyatda mamnun etmoqda. Eng muhimi, ushbu hujjat mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat izchil davom etishining yana bir yaqqol ifodasidir.
Muqaddas O‘RAZALIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 15.1.2025, №2