Bugun mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning zamirida xalqimiz ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak, degan qat’iy talabning yotgani bejiz emas. Prezidentimizning qaysi bir ma’ruza va nutqlariga e’tibor bermang, ularning asosini, rahbarlarning xalqimizga xizmat qilishdek eng muhim vazifasi haqidagi xulosalar tashkil etadi.
Ha, bugun Yangi O‘zbekistonda odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish, hayotini o‘zgartirish, shahar va qishloqlarda birdek zamonaviy shart-sharoitlarni barpo etish, rivojlangan ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘shilish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, bir so‘z bilan aytganda, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish bosh maqsad qilib belgilandi. Ana shu maqsadga erishish uchun mamlakat rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid bir nechta me’yoriy hujjatlar, qator qonunlar qabul qilindi, amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, ko‘plab dastur hamda loyihalar ilgari surildi.
Keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan Davlat dasturi loyihasida ham atrof-muhitni asrash, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish orqali aynan xalqimizning farovonligini oshirish, iqtisodiy-ijtimoiy sharoitlarini yanada yaxshilashga doir aniq maqsad va vazifalar belgilab berilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Davlat dasturida 275 ta chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar uchun ajratilayotgan salmoqli mablag‘larning o‘zi ham joriy yilda yurtimizda qanchalik katta hajmdagi ishlar bajarilishini ko‘rsatadi.
Chora-tadbir va vazifalar ko‘lami juda ham salmoqli. Shunday bo‘lsa-da, Davlat dasturining keng xalq ommasi muhokamasiga qo‘yilishi, mamlakatimizda keyingi yillarda davlat boshqaruvidagi ochiqlik siyosati yanada mustahkamlanayotganining namunasidir. Albatta, berilayotgan bu imkoniyatlardan fuqarolar to‘laqonli foydalanishining ahamiyati beqiyos. Zero, odamlar hayotining munosib darajasini ta’minlashda davlat organlarining roli va mas’uliyatini kuchaytirish, aholi muammolari bilan ishlashning yangi samarali mexanizmlarini joriy etish, ularni bezovta qilayotgan hayotiy muammolarni o‘z vaqtida hal etishda fuqarolarning ham faolligi nihoyatda zarur. Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etish, mavjud muammolar yechimi sari qo‘yilgan dastlabki qadamdir.
E’tiborli jihati, loyihada taqdim etilgan masalalar partiyamiz Saylovoldi dasturidagi maqsad va vazifalar bilan uyg‘un ekanidir. Bu bejiz emas, albatta. Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat, ijtimoiy sohani rivojlantirish esa, uning bosh maqsadlaridan biridir. Davlat dasturi loyihasining ikkinchi yo‘nalishi mazkur sohaga bag‘ishlangan. Unda, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishni yanada rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va sohani takomillashtirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar belgilab olinganini ko‘rish mumkin. Yaqin-yaqingacha nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilayotganlarga ayniqsa, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalariga tegishli imtiyozlar berish borasida muammolarni ko‘pchilik yaxshi biladi. Davlat dasturida ularning ham ijtimoiy himoyasi uchun bir qator vazifalarning belgilanganining o‘zi qanchadan qancha oilalarga xotirjamlik hissini olib kiradi.
Umuman, Davlat dasturida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalar mamlakatimizda islohotlar insonparvarlik tamoyili asosida olib borilayotganining yana bir yaqqol misolidir.
Olim RAVSHANOV,
O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi.
«O‘zbekiston ovozi», 15.1.2025, №2