Davlatimiz rahbari tomonidan har yili yangi yilga nom berish an’anaga aylangan. 2025-yilga ham nom berilishi va shunga mos ravishda Davlat dasturi ishlab chiqilishi xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirishga xizmat qilmoqda. Keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” Davlat dasturi loyihasidagi barcha vazifa-tashabbuslar yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi fikrlarni ifodalamoqda.
Davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha bosh hujjat, eng avvalo, inson uchun, uning huquq va manfaatlari himoyasi uchun yo‘naltirilgandir. Mulohaza qilinsa, atrof-muhitni asrash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish birinchi navbatda insonni asrash va unga har tomonlama qulay shart-sharoit yaratishni anglatadi.
Alohida ta’kidlash kerakki, Davlat dasturi loyihasidagi aksariyat vazifalar turmush tarzini yanada yaxshilash, ijtimoiy masalalarni samarali hal etish bilan chambarchas bog‘liq. Shu nuqtai nazardan farmon va Davlat dasturi loyihasi O‘zbekiston XDP dasturiy maqsadlari bilan hamohangdir.
Shuningdek, dastur loyihasida ustuvor yondashuvlar resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish orqali 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, inflatsiyani 5 foiz, budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishishga asos bo‘ladi.
Bunda, 2025-yilda “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini joriy qilish, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish borasida Parij bitimining talablaridan kelib chiqib, O‘zbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishiga moslashish, “yashil” texnologiyalar transfertini inobatga olgan holda global miqyosda mamlakatimizni kelgusi 5 yilda issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha Milliy miqyosda belgilangan hissa (NDC) e’lon qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, bugun xalqimiz tomonidan eng ko‘p muhokama qilinayotgan qator masalalarga ilmiy va qonuniy yechim ham qayd etilmoqda. Jumladan, umumiy quvvati 3,5 Gigavatt bo‘lgan 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyacini ishga tushirish, umumiy quvvati 160 megavattli yirik gidroelektrostansiyalarni barpo etish orqali jami elektr energiyasi generatsiyasidagi ulushni 26 foizga yetkazilishi belgilanmoqda. 2025-yilda yangi quriladigan bino-inshootlar va uy-joylar energiya samaradorligidan kelib chiqib, “Yashil” bino sertifikati joriy etilishi belgilangani esa aholini yashash tarzini yangi bosqichga olib chiqadi.
Keyingi yillarda kam daromadli oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash islohotlarning juda muhim strategik yo‘nalishiga aylandi. Joriy yilda ham bu borada dolzarb vazifalar belgilanayotganini alohida qayd etish joiz. Jumladan, 100 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berish orqali 200 ming nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zlanmoqda.
Yuqorida keltirilgan va boshqa ko‘plab vazifa-tashabbuslarga asoslangan holda, Davlat dasturi loyihasi yurtimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat izchil davom etishining o‘ziga xos kafolati bo‘lmoqda. Qisqa qilib aytganda, yangi Davlat dasturi loyihasi, ya’ni, yashil transformatsiyani amalga oshirish kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishda muhim omil, deb hisoblayman.
Anvarjon NURMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 15.1.2025, №2