Odam savdosi uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Odam savdosi uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

 

Mamlakatimizda «Inson qadri uchun» g‘oyasini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish islohotlarimizning bosh maqsadi hisoblanadi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ham «inson-jamiyat-davlat» tamoyili o‘z aksini topgan. Zero, bizning barcha sohalardagi islohotlarimiz eng avvalo yurtimizda yashayotgan fuqarolarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan.

Aynan shuning uchun ham ma’naviy barkamol insonni tarbiyalash, ta’lim-tarbiyani yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonning bunyodkori bo‘ladigan avlodni voyaga yetkazish davlatimizning eng muhim vazifalaridan biri bo‘layapti.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish bilan bog‘liq qonunchilikni takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumki, insonning erkinligiga qarshi qaratilgan eng og‘ir jinoyatlardan biri bu odam savdosidir. XXI asrning global muammosi deb atalayotgan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar jahon hamjamiyatida jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Odam savdosi transmilliy jinoyat bo‘lib, davlat, yosh, millat tanlamaydi. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarayotgan, fan-texnika taraqqiyoti kuchaygan bir davrda bu jinoyatga qarshi kurashish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

U inson huquq va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzgan holda erkak, ayol va bolalarni o‘z qurboniga aylantiradi. Jismoniy va ruhiy jihatdan azob berib, huquqlarini cheklaydi, birovlarning qo‘lida qul bo‘lishga mahkum etadi. Bir so‘z bilan aytganda, odamlarning umriga zomin bo‘ladi.

Aksariyat hollarda bu jinoyat bilan shug‘ullanuvchilar insonni aldab, qo‘rqitib, katta pul topish, yaxshi sharoitda yashash imkoniyati haqida yolg‘on va’dalar berib, ularni noqonuniy yo‘llar bilan xorijiy davlatlarga olib chiqib ketishadi. Odam savdosining qurbonlari esa asosan ayollar va bolalar bo‘layotganligi achinarlidir. Mehnat migratsiyasi, axborot almashinuvining kuchayishi, huquqiy bilimning yetarli emasligi, oson pul topishga umid qiluvchi, yot ta’sirlarga tez beriluvchan fuqarolar jinoyatchilar to‘riga oson ilinadilar.

Yurtimizda odam savdosiga qarshi kurashish, bu jinoyat jabrdiydalarini himoyalash va reabilitatsiya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tegishli qonun, qaror va farmonlar odam savdosining oldini olishga, bu jinoyatning halokatli ta’siridan himoya qilishga qaratilayapti.

Odamlardan noqonuniy foydalanishga, ularning migratsiyasi va savdosiga qarshi kurashga oid chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-dekabrdagi «Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiyasi qayta tashkil qilinib, mazkur komissiya o‘z faoliyatini samarali ravishda amalga oshirmoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashishda davlat tashkilotlari bilan birga, nodavlat, notijorat tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlarning hamkorligi kuchaymoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan «30-iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni» deb e’lon qilinganligi ham odam savdosiga qarshi kurashish dunyo miqyosida dolzarb masala ekanligini ko‘rsatadi.

Qashqadaryo viloyatida o‘tgan yili odam savdosi bilan bog‘liq jami 96 ta ariza va shikoyatlar tegishli tashkilotlarga kelib tushgan. Ularning 7 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 89 tasi bo‘yicha profilaktik tadbirlar olib borilgan.

Odam savdosidan jabrlangan, deb taxmin qilinayotgan 9 nafar fuqaro Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markaziga yuborilgan.

Jinoyatchilikka qarshi kurashishda javobgarlik muqarrarligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ham bu sohaga oid qonunchilik takomillashtirilib borilmoqda.

Jumladan, 2024-yilning 20-dekabr kuni Oliy Majlis Senati tomonidan «Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma’qullanganligi ham bu masalaning o‘ta dolzarbligidan dalolat beradi.

Mazkur Qonunda eng og‘ir jazo sifatida Jinoyat kodeksining 135-moddasining uchinchi qismi sanksiyasida o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. (Amalda esa mazkur moddaning uchinchi qismida sakkiz yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.)

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasining 2-qismiga og‘irlashtiruvchi holatlar qatoriga fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida odam savdosi jinoyati sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi malakalovchi belgining kiritilishi ham jinoiy qilmishning og‘irligiga muvofiq jazoning kuchaytirilayotganligini anglatadi.

Jazo choralarining kuchaytirilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishda, aybdor shaxslarga nisbatan murosasiz kurashishda hamda javobgarlik muqarrarligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Komila KAROMOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 15.1.2025, №2

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish