Plenum: 2024-yil tahlili, 2025-yildagi ustuvor vazifalar muhokamasi

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya Ustaviga muvofiq, partiya Ijroiya qo‘mitasi va fraksiyasining 2024-yildagi faoliyati natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2025-yil hamda o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan vazifalarni belgilash masalalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etildiki, yurtimizda amalga oshirilib kelinayotgan islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi aholining, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini to‘la ma’noda ifoda etadi. Bularning zamirida xalqimiz ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak, degan qat’iy talab yotgani ham bejiz emas.

Yangi O‘zbekistonda odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish, hayotini o‘zgartirish, shahar va qishloqlarda birdek zamonaviy shart-sharoitlarni barpo etish, rivojlangan ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘shilish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, bir so‘z bilan aytganda, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish bosh maqsad qilib belgilandi.

Ana shu maqsadlarga erishish uchun ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid bir nechta me’yoriy hujjatlar, qator qonunlar qabul qilindi, amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, ko‘plab dastur hamda loyihalar ilgari surildi. Xususan, 2024-yil 27-oktabrda Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga ochiqlik va raqobat ruhida o‘tgan saylovlar yangilangan Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etish yo‘lida g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Saylovlar natijalariga ko‘ra, yurtimizda konstitutsiyaviy huquq va vakolatlari kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi vakillik tizimi shakllandi.

2024-yilgi natijalar haqida gap ketar ekan O‘zbekiston XDP faoliyatida asosiy e’tibor o‘z dasturiy vazifalarini amalga oshirilishiga qaratilganiga urg‘u berildi. Ta’kidlanishicha, partiya fraksiyasi 2 ta qonun loyihasini ishlab chiqdi, 6 ta qonun loyihasiga ham tashabbuskor bo‘ldi. Fraksiya tashabbusi bilan 2 marta hukumat soati, 3 marta parlament eshituvi o‘tkazildi. 2 ta parlament, 49 ta deputat so‘rovi yuborildi. Shuningdek, fraksiya yig‘ilishlarida 6 marta hukumat a’zolarining axboroti va 4 marta mansabdor shaxslarning hisoboti eshitildi.

Qolaversa, 30 ga yaqin qonun loyihasining joylardagi muhokamasi tashkil etildi. Saylovchilar bilan uchrashuv, sayyor qabullarda fraksiya a’zolariga 1468 ta murojaat kelib tushdi.

Plenumda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari faoliyati ham tahlil qilindi. Unga ko‘ra, fuqarolarning turmush farovonligi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan 800 dan ortiq muhim masalalarni qamrab olgan amaliy Harakat dasturi asosida faoliyat tashkil etilgan. Shundan kelib chiqib, 686 ta masala partiya guruhlarida muhokama qilindi. 612 ta masala doimiy komissiya yig‘ilishiga va 562 ta masala sessiya kun tartibiga olib chiqildi, partiya elektorati manfaatlariga doir tegishli qarorlar qabul qilinishiga erishildi. Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha tizimli parlament va deputatlar nazorati amalga oshirilishi natijasida 116 ta masala doimiy komissiya, 93 tasi esa sessiyaga kiritildi. Aholi bandligini ta’minlash borasida doimiy komissiyada 128 ta masala ko‘rilgan bo‘lsa, ularning 127 tasi sessiyada muhokama qilindi.

Hududlardagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan 2 833 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, shundan 2 042 tasi ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, 526 marotaba joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotlari eshitildi.

Partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarining mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish va tushuntirish, partiyaning jamiyatdagi ijobiy imijini yaratish maqsadida o‘tkazilgan 17 mingdan ortiq targ‘ibot, tashviqot tadbirlari tashkil etildi. Barcha amaliy ishlar natijasida 155 mingdan ziyod fuqaro partiya a’zoligiga qabul qilindi.

Plenumda 2025-yildagi reja va maqsadlarni amalga oshirish uchun barcha darajadagi partiya tashkilotlari, deputatlar, faollari belni mahkam bog‘lab, bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda, islohotlar kuzatuvchisi emas, balki faol ishtirokchisi bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Bu borada e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Avvalo, 2025-yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi keng muhokamasida partiya kengashlari va deputatlik korpusi faol ishtirok etishi hamda targ‘ibot ishlarini olib borishi lozim. Parlamentning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil yo‘nalishlardagi faoliyatini yanada kuchaytirish, ayniqsa, qonunlar ijrosini quyidan boshlab nazorat qilishga qaratilgan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning barcha mexanizmlaridan samarali foydalanishga e’tibor qaratish kerak.

Qolaversa, deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati va partiyaning aholi o‘rtasidagi targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish talab etiladi. Bunda, avvalambor, deputatlar faoliyati va amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida saylovchilarni muntazam xabardor qilib borish hamda o‘rganishlar orqali muammolarni tezkorlik bilan yechish choralarini ko‘rish lozim.

Bundan tashqari, ijtimoiy va iqtisodiy sohadagi muammolarni hal qilish bo‘yicha “mahallabay” va “fuqarobay” shaklida olib borilayotgan ishlarni tashkil qilishda partiya tashkilotlari va deputatlarning ishtirokini samarali ta’minlash zarur. Shu bilan birga, partiya elektoratining asosiy ijtimoiy guruhlarini tizimli va to‘la qamrab olinishini ta’minlash, partiyaning siyosiy pozitsiyasi va dasturiy maqsadlarini tushuntirish orqali ijtimoiy-siyosiy tadbirlar auditoriyasini yanada kengaytirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Yana bir muhim jihati, partiyaning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan boshlang‘ich tashkilotlar bilan ishlash chora-tadbirlariga yangi sur’at berish, ya’ni BPTlar bilan aloqalarni mustahkamlash, qonun va boshqa normativ hujjatlarga takliflarni quyidan, aynan boshlang‘ich tashkilotlardan olish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi tushuntirildi.

Eng asosiysi, har qanday masalani “reja, ijro, tahlil va yechim” bo‘yicha uzviylikda olib borish eng maqbul hamda samarali yo‘l ekani ta’kidlandi.

Plenumda kun tartibidagi masalalar yuzasidan hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi vazifalar bilan bog‘liq plenum qarorlari qabul qilindi.

 

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi

Axborot xizmati.

 

 

 

 

 

Teglar

Plenum Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish