“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi maqsadi bilan tanishib chiqar ekanman, O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan birgalikda “yashil transformatsiya”ni amalga oshirish, ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini ta’minlash borasidagi tashabbuslar e’tiborimni tortdi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish, aholining yashash sifatini yaxshilash hamda iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish bilan bog‘liq vazifalar o‘ta dolzarbdir.
Yana bir muhim jihati, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konvensiyaning Kioto protokoli va Parij bitimi doirasida mamlakatning global hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarish albatta O‘zbekiston mavqeini oshirishga olib keladi.
Davlat dasturi loyihasida 2025-yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar va maqsadli ko‘rsatkichlarida ijtimoiy sohaga e’tibor ortganini ko‘rish mumkin. Bu esa Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgarishlar ishga tushganidan dalolatdir.
Birgina ta’lim sohasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jamg‘armasini shakllantirishga — 120 milliard, ta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘arma maqsadiga 250 milliard, 1500 nafar chet ellik o‘qituvchini taklif etish uchun esa 250 milliard so‘m yo‘naltirilishi esa davlat siyosatida ijtimoiy sohaning asosiy yo‘nalishi hamon ta’lim sohasi ekanini anglatadi.
2025-yilda sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat dasturlariga 2,79 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan, bu 2024-yilga nisbatan 19,2 foiz yoki 450,8 milliard so‘mga ko‘proq. Albatta bu mablag‘larning ko‘p miqdori ayollar va bolalar sog‘lig‘ini ta’minlashga yo‘naltirilishiga ishonamiz. Buni ayollarni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimini yaratish va elektron bazasini (ro‘yxati) shakllantirish bilan bog‘liq vazifalar belgilanganidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida innovatsion yondashuvlar ham munosib o‘rin olgani quvonarli. Jumladan, uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun ta’limning mazkur yo‘nalishi bo‘yicha elektron va video darsliklar yaratilishi o‘quvchilarga yengillik hamda qulaylik yaratiladi. “Raqamli kutubxona” tizimining kitoblarga buyurtma berish modulini joriy etilishi esa ularning bilim va ko‘niklarini oshirishga xizmat qiladi.
O‘ylaymizki, ayni paytda qizg‘in muhokama qilinayotgan Davlat dasturi loyihasi aholi va turli soha vakillari, siyosatshunoslar, ekspertlar takliflari asosida yanada mukammal holatga keltiriladi. Dasturning qabul qilinishi va ijrosini ta’minlanishida deputatlarning mas’uliyati hamda qat’iyatliligining ham o‘rni katta. Biz deputatlar o‘z saylovchilarimiz manfaatlarini himoya qilishdek mas’uliyatni zimmamizga olgan ekanmiz, bu yo‘lda bor bilim va ko‘nikmalarimizni ishga solishimiz shart, deb hisoblayman.
Umida NISHONBEKOVA,
Yangihayot tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi rahbari.