Mahkumlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning jazoni ijro etishga hamda mahkumlar bilan muomalada bo‘lishga taalluqli prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirish. Bu so‘nggi yillarda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda tatbiq etilayotgan asosiy tamoyillardan sanaladi. Muhimi, bu orqali milliy qonunchiligimizga ilg‘or xorijiy tajribani singdirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, turmush qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini rag‘batlantirishga qaratilgan me’yorlar kiritish zarurati mavjud.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan qonun loyihalaridan biri ayni ushbu masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan. Ya’ni, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi loyihasida mahkumlarning jazo o‘tash muddatini o‘zini o‘zi tarbiyalash yo‘li bilan tuzalish yo‘liga o‘tganini tasdiqlovchi harakatlarni amalga oshirishi yengillik hamda imtiyozlarga sabab bo‘lishi mumkin, deydi qonun tashabbuskorlari.
Shuningdek, quyi palataga kiritilgan yangi qonun loyihasi bilan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish masalasini hal qilish vaqtida hisobga olinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Deputatlar mahkumning kitob o‘qishiga oid savollar bilan murojaat qildi. Xususan, Zuhra Shodiyeva bitta kitobni o‘qib chiqish jazo muddatini qanchaga qisqartirishi mumkinligi haqida so‘radi.
Tashabbuskorlarga ko‘ra, bu o‘qilgan kitobning hajmi, mazmuniga ham bog‘liq. Shuningdek, xorijiy tajriba inobatga olinadi. Masalan, bir mahkum ikki soatda qancha sahifa o‘qishiga qarab ham aniqlashtirilishi mumkin. Belgilangan tartib-qoidaga muvofiq bitta kitobni o‘qib, o‘zlashtirish jazoni ijro etish muddatini 3 kungacha kamaytirishga asos bo‘ladi.
Fraksiya a’zolari kitoblar fondi, adabiyotlar qaysi tillarda ekani, ularning mazmuniga tegishli masalalarda ham izoh so‘radi. Mahkumlarning kitobga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish, ularni o‘zini-o‘zi tarbiyalashga rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi konsepsiyasi ma’qullandi.
Fraksiya yig‘ilishda, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Mas’ullar ushbu o‘zgartishlarning avvalo o‘tgan davrda qabul qilingan 20 dan ortiq qonun, 70 ga yaqin farmon va qarorga muvofiq, Milliy gvardiya faoliyatiga oid qonunchilik bazasining rivojlanib borayotganini qayd etdi. Shuningdek, tashkiliy-shtat tadbirlariga bilan tarkibiy va hududiy bo‘linmalar faoliyati inson, jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida takomillashtirilib, turli soha va tarmoqlarda yangicha vazifalarning belgilanishi Milliy gvardiyaning vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etishi ta’kidlandi.
Loyihaga ko‘ra, jamoat tartibini saqlash va ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish chog‘ida foydalanish uchun Milliy gvardiya zamonaviy maxsus vositalar bilan ta’minlash asosida mamlakatda barqarorlikni ta’minlashda yangicha huquqiy asoslar shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.
Deputatlar bir qator masalalarda aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildi. Xususan, Milliy gvardiyaning vakolatlari qaysi hududlardan boshlanib, qayerda tugashining chegarasi, tizim xizmatchisiga beriladigan maxsus vositalarning inson salomatligi hamda hayotiga ta’siriga qay darajada ekaniga oid masalalarda izoh so‘raldi.
Mas’ullar har bir savolga atroflicha javob berdi. Fikr-mulohazalar hamda takliflar asosida qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.