Endi qonun loyihalarini tasdiqdan o‘tkazish oson bo‘lmaydi
Endi qonun loyihalarini tasdiqdan o‘tkazish oson bo‘lmaydi

 

Gap shundaki, kecha bo‘lib o‘tgan quyi palata majlisi hamda undan oldingi partiya fraksiyalari yig‘ilishlari bahs-munozaralar bilan kechdi.

Deputatlar qonun loyihalaridagi har bir kichik detalni ham e’tibordan chetda qoldirmay, taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga izoh hamda tushuntirishlar so‘ramoqda.

Bundan anglashiladiki, quyi palata, Prezident ta’biri bilan aytganda, g‘oyalar generatori, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoni vazifasini bajarish yo‘lidan bormoqda.

 

Qonunlarning muhimligini kim belgilaydi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar qonun tashabbuskorlariga shu mazmundagi savol bilan murojaat qildi. Gap shundaki, qonun loyihalarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish va ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritishga doir qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmaydigan qonun loyihalarini mustasno etuvchi norma aks ettirilgan. Shuningdek, eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega qonun loyihasini ishlab chiqishdan oldin uning tayyorlanishi haqidagi axborot jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi bilan bog‘liq tamoyil ham yangi me’yor sifatida taklif etilmoqda.

Deputatlar eng muhim yoki jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaydigan qonun loyihalari qaysi mezonlar asosida aniqlanishi haqida so‘radi.

Qonun tashabbuskorlari Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq nizom ishlab chiqilgani va unda jamoatchilik muhokamalaridan o‘tkazilmaydigan qonun loyihalarining ro‘yxati tasdiqlanganini qayd etdi. Nizomga ko‘ra, birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarni joriy qilish yoki karantin talablarini belgilash bilan bog‘liq bo‘lgan, shuningdek, xalqaro shartnomaga qo‘shilish masalasiga oid qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilayotganda, uning loyihasini tayyorlashda fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy hamjamiyat bilan maslahatlashuvlarni kengaytirish masalasi qo‘yilganini ta’kidladi. Lekin qonun loyihasida bu me’yor aks etmaganiga e’tibor qaratdi va bu boradagi me’yorni loyihaga kiritish kerak, degan taklifni ilgari surdi.

Loyiha moddama-modda ko‘rib chiqilgach, ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

 

O‘zbekiston XDP tashabbusi bilan

Xabaringiz bor, O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar va ularni amalga oshirish bilan bog‘liq muhim qadamlar belgilangan. Masalan, dasturdagi 12-qadamda partiya ehtiyojmand aholi qatlamining kundalik zarur tovar va xizmatlardan foydalanishini ta’minlash uchun kurashadi, deb qayd etilgan. Shu bilan birga, partiyamiz banklar taklif etayotgan kredit mexanizmlari ham ijtimoiy adolat prinsipiga muvofiq bo‘lishi kerak, degan tashabbusni ilgari surgan.

Xususan, ipoteka krediti to‘lovi bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgani sababli garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni auksionda sotishdan oldin kredit olgan shaxsga uch oy muddat berish taklif etilgan. Bu orqali ko‘chmas mulk egasiga uni uch tomonlama oldi-sotdi shartnomasi asosida o‘ziga qulay narxda sotish imkonini berish va murakkab vaziyatga tushib qolgan kreditor ahvolini yaxshilash maqsadi ko‘zda tutilgan. Mazkur tashabbus shu kunlarda quyi palatada muhokama qilinayotgan navbatdagi qonun loyihasida o‘z ifodasini topgan.

Ma’lumki, kredit tashkilotlarining muammoli kreditlarini so‘ndirishda undiruvni garovdagi mol-mulkka qaratish, uni realizatsiya qilish va shu bilan bog‘liq munosabatlar bir qator qonun hamda qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinadi. Amaliyotda qarzdor tomonidan kredit (ipoteka) shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar o‘z vaqtida va (yoki) lozim darajada bajarilmaganda kreditorning garov bilan ta’minlangan talablarini qondirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun sud tartibida va suddan tashqari tartibda undiruvni garov narsasiga qaratiladi. Garovga oluvchining garov narsasiga bo‘lgan huquqlari ustuvorligini ta’minlashda bir qator muammolar va qonun hujjatlari o‘rtasida o‘zaro nomuvofiqliklar mavjud.

Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘tgan yilda oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq, sotuvchi shartlashilgan muddatda buyurtma berilgan mahsulotlarini yetkazib berish majburiyatlarini bajarmagani yoki chala bajargani bilan bog‘liq murojaatlar soni ortgan. Bu ham qonunchilikka qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishga asos bo‘luvchi omillardan biri sanaladi.

Tabiiyki, bu bo‘shliqlar turli muammolarni yuzaga keltirmoqda. Natijada ishonchsizlik, norozilik kayfiyati paydo bo‘lyapti. Taklif etilayotgan loyiha bilan esa tegishli qonunlarda kreditorlarning garovdagi mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, kreditorlar talablarini suddan tashqari tartibda qondirish tizimini rivojlantirish, majburiyatlarni garovdagi mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirish va yana qator o‘zgartirishlar kiritish loyihaning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Qonun loyihasi bilan garovdagi mulkni bozor qiymatida savdoga chiqarish me’yori ko‘rsatib o‘tilmoqda. Qaytmagan qarzdorlik summasi garov qiymatining 15 foizidan kam bo‘lganda, undiruvni mulkka qaratmaslik ham taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur loyiha bilan undiruvni garovdagi mulkka qaratish va undiruv qaratilgan mol-mulkni realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish masalalari qamrab olingan.

Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilar ekan, saylovchilar manfaatlaridan kelib chiqib, asosli savollarni o‘rtaga tashladilar. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ham deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirgan edi.

Masalan, Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Sharofiddin Nazarov loyihadagi ayrim moddalarga e’tibor qaratdi. Ta’kidlandiki, garovga qo‘yilgan mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotuv narxi garovga qo‘yuvchi va garovga oluvchi o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi. Ular o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lgan taqdirda mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda sotuv narxi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Deputatga ko‘ra, amaldagi tartibda kelishmovchilik bo‘lgan taqdirda mol-mulkni bank tomonidan jalb qilingan baholovchi tashkilot baholagan va narxni pasaytirib yuborgan holatlar ham yo‘q emas. Ana shunday holatlarning oldini olish uchun esa bozor qiymatidan kelib chiqib baholash me’yori qonuniy mustahkamlanishi taklif etilmoqda. Ushbu me’yor kelgusida tadbirkorlar va iste’molchilar huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi.

Fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov esa elektron savdo rivojlanib ketgani, ishlab chiqaruvchi boshqa-yu uning sotuvchisi boshqa ekanini ta’kidladi. Deputatga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi bergan tovarni elektron tizim orqali sotadi va bu jarayonda muddati kech qolsa, ishlab chiqaruvchiga yuklama bo‘lishi mumkin. Taklif etilayotgan qonun loyihasi faqatgina iste’molchilarning shartnoma asosida munosabatlarini tartibga solishni nazarda tutadi. Vaholanki, noshartnomaviy holatlar ham bo‘lishi mumkin. Deputat ayni shunday vaziyatlarga kim javobgar bo‘lishi ko‘rsatilmagani, umuman, og‘zaki asosga ega bo‘lgan holatlarni tartibga solish zarurligini ta’kidladi.

Tashabbuskorlar elektron tijorat masalalarida qonunchilik talablari belgilanganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, onlayn savdo platformalarida ommaviy ofertalar joylashtiriladi va bu ommaviy shartnoma sifatida qabul qilinadi. Agar ishlab chiqaruvchining aybi bilan kechiktirilgan taqdirda ham sotuvchiga nisbatan chora ko‘riladi. Negaki, sotuvchi tadbirkorlik subyekti sifatida butun riskni o‘z bo‘yniga olib, iste’molchi bilan shartnoma qiladi. Kelgusida penya yoki jarima hisoblansa, ishlab chiqaruvchi bilan qonunchilikka muvofiq o‘zaro munosabatlarini tartibga solishi mumkin.

Muhokamalar va savol-javoblardan so‘ng ushbu qonun loyihasining konsepsiyasi ma’qullandi.

 

Xalqaro standartlar asosida

Mahkumlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning jazoni ijro etishga hamda mahkumlar bilan muomalada bo‘lishga taalluqli prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirish. Bu so‘nggi yillarda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda tatbiq etilayotgan asosiy tamoyillardan sanaladi. Muhimi, bu orqali milliy qonunchiligimizga ilg‘or xorijiy tajribani singdirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, turmush qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini rag‘batlantirishga qaratilgan me’yorlar kiritish zarurati mavjud.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida hamda XDP fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ushbu masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan. Unda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish masalasini hal qilish vaqtida hisobga olinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar o‘z ifodasini topgan.

Deputatlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Xususan, Zuhra Shodiyeva bitta kitobni o‘qib chiqish jazo muddatini qanchaga qisqartirishi mumkinligi haqida so‘radi.

Mas’ullarga ko‘ra, jazoni o‘tash muassasalarida mahkumlar faqatgina kitob o‘qish bilan band bo‘lmaydi. Ularning kun tartibi bo‘lib, shundan ikki soati ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga ajratiladi. Demak, mahkum shu ikki soat ichida kitob o‘qiydi va bu jarayonda har kimning qobiliyati har xil bo‘lib, yagona tartib belgilanmagan. Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida xorijiy tajriba o‘rganilgan. Ana shundan kelib chiqib, taklif etilayotgan konsepsiyaga ko‘ra, bitta kitobni o‘qib, o‘zlashtirish jazoni ijro etish muddatini 3 kungacha kamaytirishga asos bo‘ladi.

Fraksiya a’zolari jazoni o‘tash muassasalaridagi kitoblar fondi, adabiyotlar qaysi tillarda ekani, ularning mazmuniga tegishli masalalarda ham izoh so‘radi. Mahkumlarning o‘zini o‘zi tarbiyalashini rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi konsepsiyasi ma’qullandi.

 

Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi fuqaroga murojaat etganida o‘zini tanishtiradi

Quyi palata majlisida Milliy gvardiya faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, loyiha bilan mamlakat mudofaasi va xavfsizligi, jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va qo‘riqlash faoliyati sohasida davlat siyosatining asoslarini belgilovchi qonunchilikni takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Milliy gvardiya organlarining asosiy vazifalari kompleks tizimlashtirilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) fuqaroga murojaat etganida o‘zini tanishtirish tartibi taklif etilmoqda. Bundan tashqari, jamoat tartibini saqlash va ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish chog‘ida foydalanish uchun Milliy gvardiya xodimlarini zamonaviy maxsus vositalar bilan ta’minlash yuzasidan huquqiy asoslarni shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlar bir qator masalalarda aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildi. Xususan, Milliy gvardiyaning vakolatlari qaysi hududlardan boshlanib, qayerda tugashining chegarasi, tizim xizmatchisiga beriladigan maxsus vositalarning inson salomatligi hamda hayotiga qay darajada ta’sir qilishiga oid masalalarda izoh so‘raldi.

Xususan, deputat Irina Tokareva Milliy gvardiya xodimlariga berilishi nazarda tutilgan teleskopik tayoqcha haqida savol berdi. Deputat zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan vositaning texnik xususiyatlari bilan qiziqdi.

Har bir savolga tashabbuskorlar tomonidan atroflicha javob qaytarildi. Fikr-mulohazalar hamda takliflar asosida qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 22.1.2025, №3

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish