Inson salomatligini asrash islohotlarning muhim indikatori hisoblanadi

 

Bugungi kunda aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi va endemik buqoq kasalligining oldini olish borasidagi ishlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, aholi orasida endemik buqoqdan kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va osh tuzini yodlash bo‘yicha talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida tashabbuskorlar yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi bilan bog‘liq qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritish masalasini muhokama qildi.

Unga ko‘ra, aholi orasida endemik buqoq kasalligining oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlarini to‘laqonli amalga oshirish, aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan sifatli hamda xavfsiz osh tuzi bilan to‘liq ta’minlash nazarda tutilgan. Shuningdek, bolalar, o‘smirlar va reproduktiv yoshdagi ayollar orasida yod tanqisligi natijasida kelib chiqadigan kasalliklar profilaktikasini talab darajasida tashkil etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalalari qamrab olingan.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar bir qator savollar bilan mas’ullarga murojaat qildi.

Xususan, deputat Zokirjon Zohidov mamlakatimizda yod mahsuloti bilan ta’minlanganlik darajasini qanday nazorat qilinayotgani bilan qiziqdi. Deputat hududlarda yod tanqisligi (ayniqsa, ayollar va bolalar) darajasi ortib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Mutaxassislar ushbu masalani o‘rganish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida aholi salomatligini monitoring qilish markazi tashkil etilayotganini bildirdi. Mazkur tuzilma hududlarda aholi salomatligi darajasini aniqlashga qaratilgan amaliy tadbirlarni tashkil qilishga mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, yig‘ilishda qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish masalasi fraksiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqildi.

Muhokama davomida deputat Shokirjon Ahmedov so‘nggi paytlarda uy-joy qurish tendensiyasi “avj” olgani, bunda texnik parametrlarga, xususan, tozalik, qurilish asboblari texnika xavfsizligi me’yorlariga amal qilinmayotganidan xavotirda ekanini bildirdi. Buning natijasida, qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganligi uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilash zaruratini yuzaga keltirayotgani alohida ta’kidlandi.

Fraksiya a’zolari kun tartibida muhokama qilingan barcha qonunlar loyihalari yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirdi. Tashabbuskorlar taklif etayotgan har qanday qonun hujjatlari avvalo, insonlarning yashash sharoitini yanada yaxshilashga, turmush sifatini oshirishga qaratilishi zarur ekanini ta’kidladi.

Fraksiya a’zolari loyihani konseptual jihatdan ma’qulladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish