Maqsad – elektorat manfaatlarini ilgari surish
Maqsad – elektorat manfaatlarini ilgari surish

 

Yurtimizda mavjud siyosiy partiyalarning har biri o‘z g‘oya va tashabbuslari, saylovoldi dasturi hamda uni amalga osh irishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi asosida faoliyat olib boradi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi esa o‘z dasturiy maqsadlarini avvalo, ijtimoiy himoya, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat g‘oyalari ustiga qurgan.

Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi ham belgilangan vazifalar ijrosida elektorat manfaatlarini ilgari surishga alohida ahamiyat qaratadi. Asosiysi, qonunchilikka qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishda partiya tashabbuslarini parlamentda ifodalaydi. O‘tgan haftadagi palata majlisida ham ayni shunday holat kuzatildi. O‘zbekiston XDP fraksiyasi qonun loyihalari bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib bordi.

 

Partiyaning yana bir tashabbusi amalga oshmoqda

O‘tgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Suv kodeksi loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Avvalroq mazkur loyiha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ham muhokama qilingan edi.

Avvalo aytish kerakki, mazkur loyiha partiya tashabbuslaridan biri bo‘lib, 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan. Ya’ni, dasturda partiya shaharlar va aholi punktlarining tarixiy qiyofasini saqlash, tabiiy resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha o‘z sa’y-harakatlarini kuchaytirishi belgilangan. Xususan, 6-qadamda mamlakatni xavfsiz va ekologik barqaror hududga aylantirishning muhim shartlari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, suvdan foydalanish va muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uchun Suv kodeksini qabul qilish taklifi ilgari surilgan. Mazkur hujjatda suv resurslaridan foydalanishda bozor tamoyillarini joriy etish, suv xo‘jaligini tartibga solish va moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash kerakligi ta’kidlangan.

Ayni paytda quyi palatada muhokama qilinayotgan qonun loyihasi partiya tashabbusining amaliy ifodasidir. Ushbu hujjat hajm jihatdan ancha katta bo‘lib, uning ustida ishlash, taklif va tavsiyalarni o‘rganib chiqish uchun ancha vaqt talab etildi. Shunga ko‘ra, dastlab avvalgi o‘qishda ko‘zda tutilgan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Loyiha moddama-modda muhokama qilinar ekan, deputatlar aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildi.

Masalan, suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil bo‘yi mintaqalari, sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari o‘lchamlari bilan bog‘liq masala qanday tartibga solinishi haqida savol berildi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, avval bu boradagi me’yorlar qonunosti hujjatlar bilan tartibga solingan. Mazkur masalaning qonun darajasiga olib chiqilishiga sabab qurilish ishlarini amalga oshirishda belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlashdan iborat.

Fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov suvni asrash, undan tejamkorlik bilan foydalanish masalasi bugun davlat siyosatining ijtimoiy sohadagi muhim va asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanishini ta’kidladi. Deputatga ko‘ra, XDPning Saylovoldi dasturida ham hududlarda aholini ijtimoiy himoya qilish, ularning salomatligi, ayniqsa, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha alohida maqsad va vazifalar belgilangan. Shuningdek, deputat loyihaning ijobiy imkoniyatlari bilan bir qatorda, to‘ldirilishi, e’tibor berilishi zarur jihatlari haqida fikrlarini aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, suv obyektlari va havzalarining muhofaza zonasidan qanday holatda foydalanish mumkin. Lekin qurilish bilan bog‘liq holatda qat’iy talablar belgilanadi. Misol uchun, qurilish sohil bo‘ylab 4-5 metr masofada joylashgan bo‘lishi va u yerda kanalning suv o‘tkazish qobiliyatidan kelib chiqib eng minimal yo‘lak qolishi zarur. Agar vaqtinchalik, yengil konstruksiya asosida qurilgan obyektlar bo‘lsa, uning joylashuvi mezonlar asosida qo‘rib chiqiladi. Qurilishi taqiqlangan zonaga tushgan obyektlar davlat ehtiyojlari uchun olinadigan yer sifatida qayd etiladi va mulkiy zarar qoplab beriladi. Biroq xavf tug‘diruvchi har qanday obyekt bartaraf etiladi.

Qonun loyihasi quyi palata majlisida atroflicha ko‘rib chiqilib, ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

 

Milliy Gvardiya xodimi sizni diqqat bilan eshitishi shart

Palata majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan yana bir qonun loyihasi tahririy o‘zgartirishlar bilan deputatlarga taqdim etildi.

Unga ko‘ra, Milliy gvardiya organi harbiy xizmatchisi (xodimi) fuqaroga murojaat etganida qanday talablarga rioya etishi bilan bog‘liq me’yor ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatiga oid qonunchilikka muvofiqlashtirilgan. Ya’ni, fuqaroga murojaat qilgan xodim yoki xizmatchi o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, shundan so‘ng murojaat qilishining sababi va maqsadini ma’lum qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Shuningdek, fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qo‘llanilgan taqdirda, bunday choralar qo‘llanilishining sababini hamda asoslarini, fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirishi shart.

Bu tartib Milliy gvardiya organi harbiy xizmatchisi (xodimi) o‘ziga fuqaro murojaat etgan taqdirda ham amal qiladi. Shunga qo‘shimcha ravishda fuqaroni diqqat bilan eshitishi, o‘z vakolatlari doirasida tegishli choralar ko‘rishi yoxud qo‘yilgan masalani hal etish kimning vakolatiga kirishini tushuntirishi ham talab etiladi.

Deputatlar olib tashlangan me’yor va moddalar hamda qo‘shimcha sifatida taklif etilayotgan o‘zgarishlarni muhokama qildi. Loyiha ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

 

Aholi salomatligi yo‘lida

Bugungi kunda aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi va endemik bo‘qoq kasalligining oldini olish borasidagi ishlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, aholi orasida endemik bo‘qoqdan kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va osh tuzini yodlash bo‘yicha talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Quyi palatada ko‘rib chiqilgan yana bir qonun loyihasi mazkur masalalarning qonuniy yechimiga qaratilgan. Ya’ni, majlisda yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi bilan bog‘liq qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritish masalasi muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, aholi orasida endemik bo‘qoq kasalligining oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlarini to‘laqonli amalga oshirish, aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan sifatli hamda xavfsiz osh tuzi bilan to‘liq ta’minlash nazarda tutilgan. Shuningdek, bolalar, o‘smirlar va reproduktiv yoshdagi ayollar orasida yod tanqisligi natijasida kelib chiqadigan kasalliklar profilaktikasini talab darajasida tashkil etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalalari qamrab olingan.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar bir qator savollar bilan mas’ullarga murojaat qildi.

Xususan, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Zokirjon Zohidov mamlakatimizda yod mahsuloti bilan ta’minlanganlik darajasi qanday nazorat qilinayotgani bilan qiziqdi. Deputat hududlarda yod tanqisligi (ayniqsa, ayollar va bolalar) darajasi ortib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Mutaxassislar ushbu masalani o‘rganish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida aholi salomatligini monitoring qilish markazi tashkil etilayotganini bildirdi. Mazkur tuzilma hududlarda aholi salomatligi darajasini aniqlashga qaratilgan amaliy tadbirlarni tashkil qilishga mas’ul bo‘ladi.

Fraksiyaning yana bir a’zosi, deputat Sayyora Imomova oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ayniqsa, fuqarolar orasida yod tanqisligining oldini olishga qaratilgan amaliy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ta’kidladi. Mazkur masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qayd etildiki, fuqarolar salomatligi, ayniqsa, sog‘lom avlodni shakllantirish masalalari har bir demokratik davlat va jamiyatga birdek xos tendensiya hisoblanadi. XDPning asosiy va muhim yo‘nalishlari aynan aholi salomatligini saqlash bilan bog‘liq bo‘lib, bunda turli sohalar qamrab olingan. Jumladan, mamlakatda osh tuzi ishlab chiqarishga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish, yodlashtirilmagan osh tuzini ishlab chiqaruvchilarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash tashabbusi ilgari surilgan. Yod tanqisligi sababli kelib chiqadigan kasalliklardan aholini himoyalash borasidagi o‘zgarishlar muhim. Ayniqsa, bu Orol dengizining qurishi natijasida yod yetishmovchiligi kuzatilayotgan Qoraqalpog‘iston uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

Deputatlar bugungi ekologik vaziyatni hisobga olib, barchaga birdek manfaatli bo‘ladigan takliflarni bildirdi. Loyiha birinchi o‘qishda ma’qullandi.

 

Temir yo‘l transportlari hasharotlarsiz harakatlanishga majbur

Quyi palatadagi majlisda yana bir qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Bahs-munozaralar, takliflar asosida loyiha birinchi o‘qishda tasdiqlandi.

Gap shundaki, transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil, temir yo‘l, daryo transportlarida yo‘lovchi va yuklarni tashishga qo‘yiladigan talablarga rioya qilishda mas’uliyatni oshirish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, qonunbuzarlarga nisbatan ta’sir choralarini belgilash, tashuvchilar faoliyati uchun raqobat muhitini hamda qulay shart-sharoitlarni yaratish, qonunchilik bazasini muvofiqlashtirish maqsad qilingan.

10 ga yaqin modda va shunga mos ravishda qator me’yorlar taklif etilayotgan loyihada Transport nazorati inspeksiyasiga qo‘shimcha vazifa hamda vakolatlar yuklash ham nazarda tutilgan.

Masalan, avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish yuklatilmoqda.

Bundan tashqari, Transport nazorati inspeksiyasiga o‘z vazifalarini amalga oshirishi uchun avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashish, temir yo‘l, ichki suv va shahar elektr transporti hamda yo‘l xo‘jaligi sohasida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo choralarini qo‘llash vakolati berilishi qayd etilgan.

Deputat ushbu me’yorlar yuzasidan tushuntirish so‘radi. Ya’ni, inspeksiya yuklamasi ortishi, unga qo‘shimcha vakolatlar berilishidan maqsad nima ekani, bularning natijasida aholi qanchalar manfaatdor bo‘lishi kutilayotganiga oid savol berildi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, bu avvalo tashish xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Misol uchun, temir yo‘lda tashish xizmatiga nisbatan e’tirozlar ko‘p. Xususan, poyezd vagonlarida isitish yoki sovutish tizimi ishlamasligi, tozalik bilan bog‘liq kamchiliklar, turli hasharotlar borligi haqida murojaatlar bo‘lgan. Tashuvchi bu masalalarni bartaraf qilingani haqida ma’lumot taqdim etgan, ammo inspeksiya bu bo‘yicha hech bir ta’sir chorasini ko‘ra olmagan.

Nazoratchi organ sifatida esa inspeksiya shu va boshqa muammolarning oldini olishga mas’ul hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, yo‘lovchilar hamda yuklarni xavfsiz tashishni ta’minlash uchun qonuniy asosga ehtiyoj bor.

Transportda tashuvlar sohasini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribalari shuni ko‘rsatadiki, yo‘lovchi va yuk tashish qoidalarini buzish holatlariga yo‘l qo‘ygan tashuvchi va haydovchiga ta’sirchan chora ko‘rilishi kelgusida yo‘nalish talablari va tariflariga amal qilinishiga, haydovchilarning mas’uliyati oshishiga, yo‘l transport hodisalarining kamayishiga olib kelgan.

Uzoq davom etgan muhokamalardan so‘ng loyiha birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Shuningdek, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama davomida deputat Shokirjon Ahmedov so‘nggi paytlarda uy-joy qurish tendensiyasi “avj” olgani, bunda texnik parametrlarga, xususan, tozalik, qurilish asboblari texnika xavfsizligi me’yorlariga amal qilinmayotganidan xavotirda ekanini bildirdi. Buning natijasida, qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganligi uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilash zarurati yuzaga kelayotganiga urg‘u berdi.

Deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, tashabbuskorlar taklif etayotgan har qanday qonun hujjatlari avvalo, insonlarning yashash sharoitini yanada yaxshilashga, turmush sifatini oshirishga qaratilishi zarur ekanini ta’kidladi. Loyiha konseptual jihatdan ma’qullandi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 29.1.2025, №4

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish