Nogironlar jamiyati va Ko‘zi ojizlar jamiyatining hududiy bo‘linmalari, Muruvvat va Saxovat uylari, ijtimoiy obyektlar, “Nuroniy” jamg‘armasi — bu Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Anvar Nurmatov Andijonda borib ko‘rishni maqsad qilgan obyektlarning bir qismi. Rejaga muvofiq, deputat dastlab viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi xodimlari bilan uchrashdi. Ulardan viloyatda istiqomat qiluvchi ko‘zi ojiz fuqarolarning talab va istaklari haqida so‘radi.
Qayd etildiki, ko‘zi ojiz fuqarolar jamoat transportida yurgan davrda o‘z bekatiga kelganini bilmay qiynaladi. Shu sababli jamoat transportlari va bekatlarni audio yozuvlar bilan ta’minlash lozim. Shuningdek, viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi Cho‘lpon nomidagi istirohat bog‘ida joylashgani sababli kutubxonaga ham shu nomni berish borasida taklif bildirildi.
Aniqlanishicha, kutubxonaga viloyatning turli tuman va shaharlaridan kitobxonlar keladi. Shunga qaramay, xodimlar ularning safini yanada kengaytirish istagida. Buning uchun turli tadbirlar tashkil etish va ularga kelib-ketish uchun ko‘zi ojiz kitobxonlarni transport bilan ta’minlash masalasida yordam so‘raldi.
Suhbat davomida brayl alifbosida qo‘llanma va kitoblar chop etishga mo‘ljallangan maxsus qog‘oz olishga mablag‘ ajratilishi hamda ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida ko‘zi ojizlar uchun kutubxona tashkil etish, yuqori qavatlarini ko‘zi ojiz fuqarolarga yashash uchun imtiyozli ravishda sotib olish imkonini berish kabi takliflar bildirildi.
Deputat har bir muassasada saylovchilar bilan samimiy suhbatlar qurib, ularning ehtiyojlarini o‘rganmoqda.