Poytaxtimizda joylashgan ijtimoiy soha obyektlari, mahallalarda ham deputatlar va saylovchilar muloqotlari tashkil qilinmoqda. Misol uchun, XDP fraksiyasi a’zosi Irina Tokareva Yunusobod tumanida joylashgan 87-alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabda bo‘ldi. U yerdagi sharoit va haqiqiy holat o‘rganildi. Partiya dasturida ko‘rsatilgan ta’limni rivojlantirish sohasidagi muammolarni hal etish masalalarida maktab ma’muriyati bilan muloqot o‘tkazildi. Xususan, maktabning ichki qismida ta’mirlash ishlarini tashkil qilish, isitish tizimini yaxshilash bo‘yicha fikr almashildi. Masalaning yechimi bo‘yicha kelishib olindi.
Shu bilan birga, deputat Yunusobod tumanidagi “Hamkorobod” mahallasida yashovchi aholi vakillari bilan uchrashib, xizmat ko‘rsatish sifatini o‘rgandi. Xususan, kommunal va boshqa xizmatlar ko‘rsatish holati bilan tanishdi.
Ta’kidlandiki, aholi duch kelayotgan asosiy muammolardan biri bu kanalizatsiya tizimining mavjud emasligida. Bu esa sanitariya qoidalariga to‘liq amal qilishga xalal beradi. Shuningdek, mahallada davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga ehtiyoj bor. Fuqarolar mahalla ahlini birdek tashvishga solayotgan masalalarda deputatdan yordam so‘radi.
Bildirilgan murojaatlar yuzasidan mas’ullarga deputatlik so‘rovini yuborishga kelishib olindi.