XDP faollari hududlarda:
Huquqlar bor, lekin ularni amalda qo‘llash mexanizmlari yetarli emas
XDP faollari hududlarda:<br>Huquqlar bor, lekin ularni amalda qo‘llash mexanizmlari yetarli emas

 

O‘tgan davr mobaynida nogironligi bo‘lgan insonlarni boshqa fuqarolar bilan teng ravishda o‘z huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatini beruvchi qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik yanada takomillashtirildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan yaqindan ishlash, ularga moddiy yordam ko‘rsatish, ularni madaniy va sport tadbirlarida ishtirok etishlari uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar e’tirofga loyiqdir.

Ammo shunga qaramay, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida Buxoro viloyatida e’tibor markazidan chetda qolayotgan bir qator muammolar borligidan ko‘z yumolmaymiz.

Masalan, eng katta muammolardan biri bu viloyatda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun reabilitatsiya markazi mavjud emasligida. Hattoki, viloyatdagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida va boshqa davolash-profilaktika muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni maqsadli reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan bo‘limlar ham yo‘q.

Ma’lum bo‘ldiki, hozir viloyatida 54 713 nafar nogironligi bo‘lgan insonlar bor. Shundan deyarli teng yarmi reabilitatsiya potensiali yuqori bo‘lgan shaxslarni tashkil etadi. Lekin, viloyatda reabilitatsiya tizimi mavjud bo‘lmaganligi sababli, 11021 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ko‘rikdan o‘tkazilib, boshqa viloyatlarga yuborilib, shulardan bor-yo‘g‘i 216 nafari to‘liq reabilitatsiya va 248 nafari qisman reabilitatsiya qilingan, xolos.

Bundan tashqari, viloyat infratuzilmasi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘liq moslashtirilmagan. Ishchi guruhi tomonidan o‘rganish vaqtida barcha obyektlarda ko‘zi ojizlar uchun taktil yo‘laklar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Ko‘pgina obyektlarning kirish qismida to‘siqlar mavjud yoki eshiklar tor va tor panduslar nogironlar aravachasidan foydalanadigan odamlarning bino ichiga kirishiga imkon bermasligi, ko‘pgina madaniy obyektlar, mehmonxonalar va diniy majmualarda panduslar, taktil yo‘laklar, liftlar va moslashtirilgan hojatxonalar yo‘qligi, avtoturargohlarda nogironlar uchun maxsus joylar yetishmasligi, kirish joylari ko‘pincha zinapoyalardan iborat bo‘lib, nogironlar aravachasida harakatlanishni qiyinlashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Biz muammolarni shunchaki, o‘z holiga tashlab qo‘ymoqchi emasmiz. Ushbu masala elektoratimiz manfaatlari bilan bog‘liq, bunga befarq qarashga haqimiz yo‘q. Viloyatda o‘rganilgan muammolardan kelib chiqib, partiyamiz ishchi guruhi tomonidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Avvalo, partiyamiz fraksiyasi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish masalasini har tomonlama o‘rganish va o‘rganish yakunlarini fraksiya majlisida soha vakillari bilan birgalikda muhokama qilish belgilandi. Viloyat infratuzilmasini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirish masalasini mahalliy Kengashlar sessiyalarida mas’ul tashkilotlar ishtirokida ko‘rib chiqish va tegishli qarorni qabul qilish rejalashtirildi. Sessiya qarori ijrosi ustidan partiya tomonidan deputatlik va jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, viloyatda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tashkil etilgan Muruvvat uylarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash masalasini ham sessiyalarda muhokama qilish ko‘zda tutilmoqda.

 

Abror Qurbonov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 29.1.2025, №4

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish