Turkmanistonda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi yuqori samaradorlik bilan o‘tdi. Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport, energetika, suv resurslari, ekologiya va texnologik taraqqiyot sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti Maslahat uchrashuvidagi nutqida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan bir qator hayotiy takliflarni ilgari surdi. Jumladan, transport-logistika, sanoat, energetika va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik tashabbuslari yagona Markaziy Osiyo uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi tabiiy. Bu jarayon iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda ijtimoiy hayotga ham katta ta’sir o‘tkazadi. Ya’ni, yirik loyihalar nafaqat savdo hajmi va investitsiyalar ko‘payishiga, balki aholi bandligi, kasbiy malakasi va daromadlari o‘sishiga ham olib keladi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi nuqtai nazaridan mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati, avvalo, uning insonlar hayotiga bevosita ta’siri bilan belgilanadi. Davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishi yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish hamda fuqarolar uchun munosib turmush sharoitlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston tomoni ilgari surgan “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” tamoyili Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz. Bu yondashuv odatiy savdo-sotiqdan tashqari, qo‘shma korxonalar tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutadi.
Eng muhimi, bunday hamkorlik aholi daromadlarini oshirish va mintaqaviy bozorlarda raqobatbardoshlikni kuchaytirish uchun zamin yaratadi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hamda sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda Kooperatsiya dasturini qabul qilish va uni ikki mamlakat hududlari darajasida ham amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Ikki tomon Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bitimni imzolagani yuqori ijtimoiy ahamiyatga egadir.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi nafaqat davlatlararo iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish, balki mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash uchun ham keng imkoniyatdir.
Ulug‘bek Inoyatov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari.