Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi guruhi a’zolari poytaxt aholisining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini oshirish, adolatli jamiyat barpo etish va har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida faoliyat olib bormoqda. Xususan, deputatlar ijtimoiy himoya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish bilan ta’minlash va shahar infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida aniq natijalarga erishish uchun doim harakatda.
Sir emaski, partiyamiz dasturida ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslangan holda kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash g‘oyalari o‘rin olgan. Shundan kelib chiqib, Yashnobod tumanida “Mehr-shafqat” xayriya tadbiri tashkil etildi. Unda 200 dan ortiq oilaga oziq-ovqat va maishiy buyumlar yetkazib berildi. Bu kabi xayrli tashabbuslar partiyamiz uchun faqat bir marta amalga oshiriladigan aksiya emas, balki doimiy ravishda davom etadigan ezgu ishlarning bir qismi hisoblanadi.
Shu bilan birga, partiya ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratadi. Masalan, deputatlar maktab va bog‘chalarda ta’lim sifatini oshirish, tibbiy xizmatlarni fuqarolar uchun yanada qulay va samarali qilish bo‘yicha aniq taklif hamda tashabbuslar bilan chiqmoqda.
Jumladan, deputatlar tashabbusi bilan Chilonzor tumanidagi 215-maktabga zamonaviy kompyuter sinflari joriy qilindi, bu esa mingdan ortiq o‘quvchining axborot texnologiyalarini chuqurroq o‘zlashtirishiga imkon yaratdi. Shuningdek, Toshkentdagi poliklinikalarda tibbiy xizmat sifatini oshirish uchun muammolar o‘rganilib, navbatlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Partiyamiz poytaxtda jamoat transportini takomillashtirish, ekologik toza hududlarni ko‘paytirish va yashil maydonlarni yaratish yo‘nalishida faol ish olib bormoqda. Birgina 2024 yilda Mirobod tumanida partiyadan saylangan deputatlar tashabbusi bilan “Yashil Toshkent” loyihasi amalga oshirildi. Natijada 10 000 tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilib, yangi dam olish hududlari tashkil etildi. Bu loyiha shahar ekologiyasini yaxshilashga qaratilgan amaliy qadamlardan biridir.
Yana bir masala fuqarolarning muammolarini tinglash, ularga amaliy yordam berish va ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi amaliy ishlardir. Hududlarda sayyor qabullar o‘tkazilib, aholi murojaatlari o‘rganilmoqda. Muhimi, ularni tegishli tashkilotlarga yetkazib, tezkor hal etilishiga erishib kelinyapti.
Xususan, Yunusobod tumanida ichimlik suvi ta’minotidagi muammolarni hal etish uchun deputatlar tegishli tashkilotlar bilan faol hamkorlik olib bordi va qisqa muddat ichida yangi suv quvurlari o‘rnatildi. Bu esa minglab aholining hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qildi.
Partiyamizning poytaxtdagi deputatlari aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ish o‘rinlarini yaratish, ta’lim va tibbiyot sohalarini rivojlantirish kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda davom etadi. Biz xalq bilan, xalq uchun ishlashda qat’iymiz va kelajakda ham shu maqsadlar yo‘lida sa’y-harakatlarimizni kuchaytirishda davom etamiz.
Umid Sattarov,
O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi bo‘lim boshlig‘i.