Kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy etiladi
Kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy etiladi

 

Mamlakatimizda kambag‘allik ko‘p yillar davomida yopiq mavzu bo‘lib keldi. Bu ibora o‘rniga “kam ta’minlanganlik”, degan tushunchadan foydalandik. Keyingi sakkiz yildagi ochiqlik siyosati tufayli haqiqat yuzaga chiqdi.

2016-yildan boshlab xalq bilan ishlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi, inson qadri va manfaatlari islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi. Jamiyatda kambag‘allik borligi tan olinib, uni qisqartirish bo‘yicha aniq tizim amaliyotga tatbiq etildi.

Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlarning pirovard maqsadi kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga qaratildi. Xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash, odamlarni rozi qilish yo‘lida katta vazifalarni amalga oshirishga kirishildi.

Aholini ijtimoiy himoya dasturlari bilan qamrashni kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqish, kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.

O‘tgan qisqa davrda kambag‘allikni qisqartirish sohasida o‘ziga xos milliy dastur ishlab chiqildi. Bugun u izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotir. O‘z vaqtida ko‘rilayotgan zarur choralar tufayli yurtimizda kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizga kamaytirildi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori odamlarning bandligini ta’minlash, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Binobarin, hujjatga asosan 2025-yilda aholini daromadli mehnat bilan ta'minlash dasturi doirasida 5,2 million fuqaroning bandligi ta’minlash belgilandi. Ya’ni, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, faoliyatini kengaytirish hisobiga 1 mln. 470 ming nafar ishsiz fuqarolarni mavjud bo'sh ish o‘rinlariga joylashtirish orqali 430, har bir mahallada o‘rtacha 40 tadan jami 377,6 mingta mikroloyihalarni amalga oshirish evaziga esa 755 ming ish o'rni yaratiladi.

“Mahalla loyihasi” doirasida soddalashtirilgan tartibda loyihalarni moliyalashtirish uchun yangi kredit mahsulotlarini joriy qilish orqali 250, hududlarda “drayver” loyihalarni ishga tushirish evaziga 122, mikrosanoat markazlarini barpo etish loyihalari doirasida 21, aholiga yer maydonlarini ijaraga berish, jumladan, “kompaniya – kooperativ – dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida kooperativlar tashkil etish evaziga 300 ming nafar fuqaro daromadli mehnat bilan ta’minlanadi.

Aholi tomorqasidan samarali foydalanishni tashkil etish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash orqali 1 mln. 169, investitsiya loyihalari asosida 290, qurilish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish evaziga esa 169 ming nafar aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Ayonki, kambag‘allikni kredit berish yoki pul tarqatish bilan qisqartirib bo‘lmaydi. Shuning uchun mamlakatda kambag‘al oilalar a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha 2025-yil 1-maygacha vaucher tizimi joriy qilinadi. 1 fevraldan esa kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.

Mazkur tizim dastlab 1-fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi. Mahallalarda kambag‘al oila a’zolarining ishlash ishtiyoqini va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan “Farovon hayotga ilk qadam”, “Ishonch” loyihalari va “Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi amalga oshiriladi.

Hujjat bilan 2025-yilda aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi va uning doirasida maqsadli ko‘rsatkichlar ham tasdiqlandi. Dasturning amalga oshirilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 126 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bu o‘z navbatida, ming-minglab yangi ish o‘rinlari yaratish, biznes muhitini yaxshilash, asosiysi, odamlarning turmush sharoitini yanada yaxshilash, real daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, qarorda belgilangan vazifalardan ko‘rinib turibdiki, kambag‘allikni kamaytirish yo‘lida davlatimiz rahbari iqtisodiy o‘sishning imkon qadar inklyuzivligini ta’minlash, iqtisodiyotdagi yutuqlar xalq orasida teng taqsimlanishiga va bundan aholining zaif qatlamlari bahramand bo‘lishiga erishishni maqsad qilgan. Faqat shu yo‘l samarali natijalarga olib keladi.

 

Anvar NURMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish