Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida iste’molchilar huquq va erkinlarini ta’minlash – global darajadagi iqtisodiy islohotlarning muhim belgilaridan biri sanaladi. Mamlakatimizda ham bu boradagi barcha huquqiy asosni takomillashtirish masalasi boshqaruv sohasidagi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Zero, har bir iste’molchi bu – butun bir xalqning bir bo‘lagidir. Ammo axborotlashuv, zamonaviylashuv bilan bog‘liq jarayonlarda iste’molchilarga mahsulot yetkazib berishning yangi, innovatsion, shu bilan birga, hali tartibga solinmagan ko‘rinishlari yuzaga kelmoqda.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida ayni shu yo‘nalishlarni qamrab olgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Fraksiya a’zolari loyihani jiddiy muhokama qildi.
Jumladan, Anvarxon Temirov bu borada ancha tashabbus ilgari surilganiga qaramasdan, amaldagi qonunlarda sotuvchilar tomonidan jismoniy shaxs bo‘lgan iste’molchilarga tovarlarni kelishilgan muddatlarda yetkazib bermaganlik uchun javobgarlik hali ham mavjud emasligini ta’kidladi.
Shuningdek, deputat Zuhra Shodiyeva so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda aldov va firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning “chuv tushirish” holatlari avj olganligini, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasida mutasaddi tashkilotlarning harakatga kelishi sekin astalik bilan ketayotganini aytib o‘tdi.
Navbatda muhokama etilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonuni loyihasi ham deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi.
Mutasaddilarning fikricha, ushbu loyiha soliq sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularning oldini olish, jinoyat ishlari doirasida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishni nazarda tutadi. Deputatlar ushbu qonun loyihasini muhokama qilar ekan, asosiy masala soliqlarni olish yoki oshirishga emasligini ta’kidladi.
Xususan, Imomnazar Tursunov bu yerda har bir tadbirkorning iqtisodiy erkinligini ta’minlash orqali ularning qonuniy faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratib berish mexanizmlarini kuchaytirishga ko‘proq urg‘u berish kerakligini ta’kidladi. Zero, “har bir islohotda inson omilini hisobga olmas ekan, bunday islohotlar tezda barbod bo‘ladi”, — dedi Imomnazar Tursunov o‘z so‘zi yakunida.
Fraksiya a’zolari kun tartibida muhokama qilingan barcha qonunlar loyihalari yuzasidan o‘z fikr mulohazalarini bildirar ekan, har qanday qonun hujjati, avvalo, fuqarolarning yashash sharoitini yanada yaxshilashga, ularning turmush-tarzini ijobiy tomonga o‘zgartirishga xizmat qilishi lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Fraksiya a’zolari loyihani konseptual jihatdan ma’qulladi.