«Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir».
Ha, davlat rahbari ta’kidlaganidek, deputat bu xalq xizmatchisi. Xalq kim? Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir.
Qachonki, oilada, mahallada tinchlik, osoyishtalik va halovat bo‘lsa, o‘sha jamiyat ham, mamlakat ham rivojlanadi. Xalqning irodasi, kuchi esa uning turmush tarzi, orzu-maqsadlariga erishish yo‘lidagi intilishlarida namoyon bo‘ladi. Buning uchun xalq orasidan saylangan vakillar o‘zlariga bildirilgan ishonchni yuksak minbarlarda turib oqlashi, aholi manfaatlarini himoyalashi lozim.
Xususan, qonun ijodkorligi jarayonida mahalliy Kengashlar hamda aholi ishtirokini ta’minlash zarur. Qachonki takliflar quyidan olinsa, shundagina ular hayotiy, manfaatli va samarali bo‘ladi.
Bu haftada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida qonun loyihalari ana shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi. Quyi palata majlisida ham muhokamalar ayni ruhda davom etdi.
Iste’molchilarning huquqlari ortyaptimi?
3 yil oldin, ya’ni, 2022-yilning yanvar oyida «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bilan bog‘liq qonun imzolangan edi. Unga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etilishi belgilandi. Mazkur ma’lumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin ekani qayd etildi.
Yana qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar borki, ularning barchasi iste’molchilar huquqlari himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Biroq qonunchilikda yangiliklarga ehtiyoj hosil bo‘lmoqda.
Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Avvalroq O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilingan loyihaga ko‘ra, sotuvchi iste’molchiga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatning bajarilmagan qismiga penya to‘lashi nazarda tutilmoqda. Bunda penya summasi yetkazib berilmagan tovarlar bahosidan ortiq bo‘lmasligi, penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan sotuvchi tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatidagi zararni qoplashdan ozod etilmasligi belgilanyapti.
Bundan tashqari, sotuvchi tovarlarni iste’molchiga topshirishning kechikishi iste’molchining aybi bilan sodir bo‘lganligini isbotlasa, penya to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Munozaralar davomida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani, ularda deputatlar tomonidan berilgan barcha takliflar chuqur tahlil qilingani qayd etildi. Asosli deb topilgan takliflar hujjat matnida aks ettirilib, loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilgani va maromiga yetkazilgani ta’kidlandi. Bu borada fraksiya a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Jumladan, Anvarxon Temirov ancha tashabbuslar ilgari surilganiga qaramasdan, amaldagi qonunlarda sotuvchilar tomonidan jismoniy shaxs bo‘lgan iste’molchilarga tovarlarni kelishilgan muddatlarda yetkazib bermaganlik uchun javobgarlik hali ham mavjud emasligini ta’kidladi.
Shuningdek, deputat Zuhra Shodiyeva so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda aldov va firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarni «chuv tushirish» holatlari avj olganligini, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasida mutasaddi tashkilotlarning harakatga kelishi sekin-astalik bilan ketayotganini aytib o‘tdi.
Deputatlarning aytishicha, taklif etilayotgan hujjat aholining qonuniy manfaatlarini iste’molchi sifatidagi huquqlarini himoyalash va oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda tovarlarni iste’molchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Inson omili hisobga olinmagan islohot tezda barbod bo‘ladi
Tadbirkorlikni rivojlantirish bu mamlakatni, unda istiqomat qiluvchi aholini rivojlantirish yo‘lidagi muhim omillardan sanaladi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda sohada izchil islohotlar olib borilyapti, qonuniy huquqlar mustahkamlanmoqda. Bo‘lib o‘tgan palata majlisida ham soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etildiki, tadbirkorlik sohasidagi islohotlar aholi manfaatlariga xizmat qiladi. Chunki bu orqali yangi ish o‘rni yaratiladi, odamlarning daromadi oshadi. Bu esa jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Biroq soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, soliq ma’muriyatchiligidagi kamchiliklar budjet daromadlari barqarorligini ta’minlashga, raqobat muhitini rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada qonunchilikka qo‘shimchalar kiritishga ehtiyoj tug‘ilmoqda.
Shundan kelib chiqib, yangi qonun loyihasi bilan soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy normalar aks ettirilmoqda. Deputatlar sudga qadar va sud muhokamasi davomida yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod qilishga doir qo‘shimchani ma’qulladi. Bundan tashqari, vakolatli organlarning tergovga qadar tekshiruv harakatlarini amalga oshirish hamda ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi me’yor ham o‘rinli ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar asosiy masala soliqlar olish yoki oshirish emasligini ta’kidladi. Xususan, Imomnazar Tursunov bu yerda har bir tadbirkorning iqtisodiy erkinligini ta’minlash orqali ularning qonuniy faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratib berish mexanizmlarini kuchaytirishga ko‘proq urg‘u berish kerakligini ta’kidladi. Zero, «inson omili hisobga olinmagan islohot tezda barbod bo‘ladi», — dedi Imomnazar Tursunov o‘z so‘zi yakunida.
Muhokamalar va fikr-mulohazalardan so‘ng loyiha konseptual jihatdan ma’qullandi.
Fraksiya yig‘ilishida, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I.Ergashevning «Meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish, kimyoviy vositalarni (pestitsidlarni) ro‘yxatga olish va savdosini tartibga solish hamda zararli hasharotlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axborotini eshitish haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Deputatlar eshituvning zarurati haqida fikr bildirar ekan, unda ko‘riladigan masalalarga e’tibor qaratdi. Jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini himoyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 5.2.2025, №5