«Uy-joyning yagona hayotiy sikli»: ushbu tamoyilning afzalligi va qulayliklari haqida...
«Uy-joyning yagona hayotiy sikli»: ushbu tamoyilning afzalligi va qulayliklari haqida...

 

Bilamizki, uy-joy insonning eng muhim ehtiyojlari qatorida yuqori o‘rinlarda turadi. Uy nafaqat bir kishining, balki butun oilaning xotirjamligi, bolalarning unib-o‘sishi uchun qulay sharoit degani.

Uyimiz bo‘lsagina ro‘zg‘orimiz but, ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi. Inson mo‘jazgina boshpana sohibi bo‘lsa ham hayotdan rozi yashaydi. Odam o‘z uyidan tashqarida halovat topmaydi. Demak, fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini hal qilish kechiktirib bo‘lmaydigan masala.

Endilikda O‘zbekistonda uy-joy qurilishida «Yagona hayotiy sikl» tamoyili joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab quruvchilar ulushdorlar mablag‘ini faqat notarial tasdiqlangan shartnomalar orqali jalb qilishi mumkin. Qurilish ishlarining kamida 30 foizi developerlarning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirilishi kerak.

2025-yil 27-yanvar kuni Prezidentimizning «Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar ko‘chmas mulklarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi.

Tahlillarga ko‘ra, qurilishda ulushli ishtirok etishdan kelib chiqqan nizolar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, 2024-yil sudlarda 271 ta bunday ishlar ko‘rib chiqilgan. 2024-yilda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasiga 1,7 mingga yaqin shikoyat kelib tushgan va 2023-yilga nisbatan 130 foizga oshgan. 1,3 ming odamga uy-joy qurilishi kechikkani yuzasidan 16 mlrd so‘m penya undirib berilgan.

15,5 ming xonadonli 226 ta ko‘p kvartirali uylar noqonuniy qurilib, sotuvga qo‘yilgan. Masalan, Navoiy shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uydagi 148 ta xonadon va 14 ta savdo do‘koni 425 kishiga, ya’ni, har biri 2–3 odamga sotilgan. Qibraydagi «Limonariya» hududida qishloq xo‘jaligi yeriga 190 ta kottej noqonuniy qurilib, odamlarga sotilgan. Ulushli ishtirok etish uchun pul kiritgan fuqarolar shu kabi holatlar sabab ham uysiz, ham pulsiz qolgani ko‘p kuzatildi.

Ana shunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida bir qator yangi tartib joriy etilmoqda.

Jumladan, 2025-yil 1-iyuldan boshlab qurilishga mablag‘ jalb qilishning yangi mexanizmi – «eskrou» hisobvarag‘ida deponentlash tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bu tizim ilk bor 1970-yillarda AQShda joriy qilingan. Keyinchalik Avstriya, Italiya, BAA, Chexiya, Latviya kabi davlatlarda, 2019-yil 1-iyuldan esa Rossiya Federatsiyasida ham to‘liq joriy etilgan.

 

Shuningdek, farmonga muvofiq, joriy yil 1-iyuldan quyidagilar amalga oshiriladi:

  • obyektlarni qurishda qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar tomonidan ulushdorlarning pul mablag‘larini qurilishga ulush kiritish asosida jalb qilish faqat notarial tasdiqlangan va kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan obyekt qurilishida ulush kiritish asosida ishtirok etish shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi;
  • ulushli shartnoma bo‘yicha mablag‘lar ulushdor tomonidan vakolatli tijorat bankida quruvchi, ulushdor va tegishli tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida ochilgan «eskrou» hisobvarag‘iga ularning hisobini yuritish uchun joylashtiriladi va deponentlanadi;
  • ulushdorlarning uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari va quruvchining majburiyatlari yuzasidan «eskrou» hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, mablag‘larni xatlash yoki hisobdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • birinchi bosqichda quruvchi tomonidan obyektni qurish ishlari umumiy hajmining kamida 30 foizi o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgandan so‘ng tijorat banki tomonidan quruvchiga maqsadli kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

 

Xo‘sh, «Eskrou» tizimining asosiy shartlari qanday?

Bundan tashqari, ushbu farmon asosida qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish joriy yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha «eskrou» hisobvaraqlari orqali hamda hozirda amalda bo‘lgan ulushli ishtirok etish tartibida to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilish mexanizmi bo‘yicha parallel ravishda taraflarning tanloviga ko‘ra, shuningdek, mablag‘larni jalb qilish 2026-yil 1-yanvardan faqat «eskrou» hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.

Foydalanishga topshirilmagan obyektga quruvchi ulushdorlarning mablag‘larini faqat notarial tasdiqlangan va kadastrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ulushli shartnoma bo‘yicha jalb qiladi. Ulushli shartnoma bo‘yicha talab qilish huquqlari boshqa shaxsga o‘tkazishga (sotishga), ulushdorning merosi tarkibiga kiritishga va garov predmeti sifatida qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Ulushli shartnoma bo‘yicha mablag‘lar vakolatli tijorat bankida ochilgan «eskrou» hisobvarag‘iga ularning hisobini yuritish uchun joylashtiriladi va deponentlanadi. Ulushdor va quruvchining uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari yuzasidan «eskrou»dagi mablag‘larni xatlash yoki hisobdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Obyektni qurish ishlarini moliyalashtirish quruvchining o‘z mablag‘lari (birinchi bosqichda 30%) va banklar tomonidan loyihaviy moliyalashtirish mexanizmi orqali amalga oshiriladi. Quruvchilarga ajratiladigan kreditlarning foiz stavkasi «eskrou»dagi mablag‘lar hajmidan kelib chiqib, belgilanadi va «eskrou»da mablag‘lar ko‘payishi natijasida kredit foiz stavkasi pasayib boradi.

Qurilgan obyekt foydalanishga topshirilganidan so‘ng «eskrou»dagi mablag‘lar bank tomonidan quruvchining qurilish uchun ajratilgan kreditini so‘ndirish uchun va qolgan qismi quruvchiga o‘tkazib beriladi. Quruvchi uylarni dalolatnomaga asosan ulushdorlarga topshiradi va ulushdorning uyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Qurilishi o‘z vaqtida tugallanmagan taqdirda har bir kechikkan kun uchun jarimalar joriy qilinadi va shartnoma yuzasidan muddatlar faqat ulushdorning roziligini olgan holda uzaytiriladi. Obyektni foydalanishga topshirish muddati olti oydan oshsa, ulushdor shartnomani bir tomonlama bekor qilib, «eskrou»dagi mablag‘larini olib ketishi mumkin. Mazkur tartibga javob bermaydigan boshqa shartnomalarni tuzish orqali foydalanishga topshirilmagan obyekt qurilishiga ulushdorlarning pulini jalb qilish taqiqlanmoqda.

Albatta, «eskrou» tizimi – davr talabi. Bu uy-joy xaridorlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. 2025-yil 1-iyuldan 2025-yil 31-dekabrga qadar amaldagi tizim bilan «eskrou» tizimi parallel ravishda, taraflarning tanloviga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab faqat «eskrou» hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, endilikda fuqarolarning uy-joy bilan bog‘liq huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlari keskin kamayadi. Qurilish bozoridan «g‘irrom» va mayda quruvchilar chiqib ketib, faqat yirik va salohiyatli quruvchilar qoladi, ulushli uy-joy qurilishi bozori «soya»dan chiqariladi. Ulushdorlarning mablag‘larini maqsadsiz ishlatish natijasida quruvchining og‘ir moliyaviy ahvolga tushishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bank qurilish ishlarining har bir bosqichini tekshirib, keyingi bosqichga pul ajratadi, bu esa o‘z navbatida, muammoli obyektlarning keskin kamayishiga xizmat qiladi. Yangi tartib orqali ulushli shartnoma bo‘yicha talab qilish huquqi aktiv sifatida tan olinadi va uning kadastr organlarida rasmiy hisobi yuritiladi.

 

Shokirjon AHMEDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

«O‘zbekiston ovozi», 5.2.2025, №5

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish