
Odamlar bilan muloqot qilib, ularga samimiy xizmat qilish, qo‘ldan kelgancha amaliy yordam berish, qo‘llab-quvvatlashga biz deputatlar burchlimiz.
Hech bir odamga deputatlik maqomi shunchaki berilmaydi. Uning mohiyatini his qilgan odam bu anchagina mas’uliyatli va zalvorli ekanini yaxshi biladi. Shu bois el ichiga kiradi, saylovchilar bilan uchrashadi, ularni tinglaydi, muammolarga mas’ullar e’tiborini qaratadi. Deputat o‘ziga saylovchilardan tushgan murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi, ularni hal etish choralarini ko‘radi.
Xalq vakili odamlarning murojaatlariga asoslanib, ularda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tegishli organlarga so‘rov bilan chiqadi. Deputatning ana shu birgina xati bilan uzoq vaqt davomida yechimini kutayotgan masalalarga mutasaddilar va nihoyat e’tibor qaratishadi. Davlatimiz rahbari aytgan oddiy odamlarni rozi qilish, inson qadri ustunligi tushunchalari ana shu quyi bo‘g‘in rahbariyati, mutasaddilari ko‘proq ahamiyat qiladigan masaladir.
O‘tgan yilning dekabr oyida xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputatlari davlat idoralari rahbarlariga 20 ta deputatlik so‘rovi jo‘natdi. Ularning 9 tasi ijobiy hal etildi.
Albatta, mas’uliyatni his qilayotgan, majburiyatini unutmayotgan deputatlarimiz juda ko‘p. Ular o‘zlariga berilgan vakolatlardan samarali foydalanyapti. Ammo deputatlik so‘roviga bepisand qarayotgan davlat tashkilotlari, idoralari vakillari ham borligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Akmal Umaraliyev,
O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi,
xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari.
«O‘zbekiston ovozi», 5.2.2025, №5