Partiyaning dasturidagi maqsad va vazifalarga hamohang bo‘lgan hujjatlar muhokama qilindi

 

Jamiyatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholini ijtimoiy himoya qilish — O‘zbekistonda bu borada qator qonun hujjatlari, shuningdek, uzoq muddatli strategik ahamiyatga ega dasturlar, “yo‘l xarita”lari ishlab chiqilayotgani alohida e’tiborga molikdir.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham o‘z Saylovoldi dasturida ayni ushbu yo‘nalishdagi maqsad va vazifalarni belgilab olganki, bu ham har bir inson farovonligi uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirish, aholining turmush darajasini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2024-yilda bajarilishi yuzasidan hukumat hisoboti O‘zbekiston XDP fraksiya yig‘ilishida atroflicha ko‘rib chiqildi.

Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov Davlat dasturining ijtimoiy yo‘naltirilgani, ehtiyojmand qatlam vakillarining huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi. Qayd etildiki, davlat budjetining jami xarajatlari 311 trln so‘mni tashkil etib, shundan xarajatlarning 50 foizi yoki 152 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan. Natijada partiya dasturining ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 50 mingga yaqin yigit-qizning kontrakt to‘lovlari, 15 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan yoshlarga davolanish xarajatlari hamda 400 mingdan ortiq ijtimoiy yordamga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, I va II guruh nogironi yoki qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi bor xotin-qizlarga moddiy yordamlar ko‘rsatish uchun sarflanadi. Ularning mingdan ortig‘ini uy-joylari ta’mirlab berilishi kabi bir qator amaliy tadbirlar ham amalga oshiriladi. Deputatlar bu masalalarni e’tirof etdi va ijrosi barcha uchun manfaatli bo‘lishiga oid fikrlar bildirildi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan navbatda masala, ya’ni Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risida hisoboti ham deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi.

Fraksiya a’zolari hisobot davrida, Ombudsman instituti tomonidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash, inson huquqlarini kafolatlovchi qonunchilik bazasini mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganligi aytib o‘tishdi.

Shu bilan birga, deputat Zokirjon Zohidov amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, keyingi faoliyatida quyidagilarga ya’ni, e’tibor berishni alohida tavsiya sifatida ham ko‘rsatib o‘tdi.

Xususan, murojaatlar bo‘yicha ko‘plab ma’lumotlar berilgan bo‘lsada, hisobot davrida ularning qanchasi hal etilgani, qanchasi yechimini kutayotgani va qanchasi ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risida aniq raqamlar berilmagan. Bu borada murojaatlarining ko‘pligini hisobga olib, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari va sohaga tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadga muvofiq ekani aytildi.

Deputatga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash va qonun buzilish holatlarini bartaraf etishda, mintaqaviy vakillarning o‘rni katta. Bu borada mintaqaviy vakillarning lavozim majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqish va yuridik ma’lumotga ega kadrlar bilan ta’minlash chorasini ko‘rish maqsadga muvofiq.

Ombudsmanning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilda murojaatlar soni 2023-yilga nisbatan oshgan va 23422 tani tashkil qilgan. Tajribadan kelib chiqib 2025-yilda yangi reja va maqsadlar belgilab olingan. Xususan, tegishli vazirlik va idoralar bilan memorandum imzolanishi va ana shu asosida yangicha yondashuv asosida faoliyat olib borish rejalashtirilmoqda. Birgina misol, Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda xotin-qizlarning murojaatlarini tahlil etish hamda mas’ul vazirlik va idoralar hamkorligida normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan aniq va asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish maqsad qilingan. Joriy yilda shu va shunga mos ravishda o‘nlab yangicha yondashuv asosidagi chora-tadbirlar yuzasidan alohida axborot taqdim etildi.

Fraksiya a’zolari Inson huquqlari bo‘yicha vakilning axborotini tasdiqlab, ovoz berdi.

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish