Qonunlar ma’lum bir doira emas, hamma uchun tushunarli va manfaatli bo‘lishi kerak

 

Sir emaski, sog‘liqni saqlash sohasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokorlar yoki tibbiyot brigadalari tomonidan aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlar bepul asosda ko‘rsatilmoqda. Shuningdek tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Biroq qonunchilikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan qo‘shimcha xizmat turlarini pulli asosda ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ularga berilgan malaka toifasi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi tartibni belgilash zarurati yuzaga kelmoqda. Buning uchun ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozim. Bugun bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida ayni shu masala ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov mazkur qonun bilan mos ravishda “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi va “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilishi ko‘zda tutilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar Konstitutsiya va boshqa me’yoriy hujjatlarda aks ettirilgan inson huquqlariga zid kelmasligini ta’kidladi. Ushbu soha vakillari o‘rtasida qonunning asl maqsadini to‘g‘ri tushuntirish lozimligi qayd etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi navbatdagi yig‘ilishida tashabbuskorlar tomonidan kiritilgan qonun loyihalari qatorida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni” loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. Fraksiya a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tushuntirish so‘radi, taklif va munosabatini bildirdi.

Xususan, deputat Shokirjon Ahmedov taklif etilayotgan me’yorlarning aholi hayotidagi ahamiyatini e’tirof etdi. Biroq uning natijadorligi odamlarning xabardorligiga bevosita bog‘liqligini ta’kidladi. Aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarni kuchaytirish zarurligiga alohida urg‘u berildi. Chunki qonun xalq uchun ishlab chiqiladi va ularga foydali bo‘lishi lozim.

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” qonunlarga xo‘jalik jamiyatlarida xo‘jalik jamiyatlarining ijro organi, kuzatuv kengashining fidutsiar majburiyatlarini hamda majoritar aksiyadorlarining yoxud ishtirokchilarining umumiy majburiyatlari bo‘yicha javobgarlikni aniqlashtirish.

Bugungi fraksiya yig‘ilishida ayni ushbu masalalarda qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Qonun tashabbuskorlari loyihaning konsepsiyasini fraksiya a’zolariga tushuntirib berdi.

Deputatlarni loyihadagi yangi so‘zlar bilan kirib kelayotgan tushunchalarning mazmuni qiziqtirdi. Xususan, fidutsiar tushunchasi xalqqa tushunarli so‘zlar bilan ifodalanishi kerakligi ta’kidlandi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, bu tushuncha Prezident qaror, farmonlari, hukumat hujjatlarida keltirilgan. Biroq mazkur tushuncha qonunchilikka yangilik sifatida kiritilmoqda. Shu ma’nodan qonun tashabbuskorlari fidutsiar atamasining ma’nosini izohlashga harakat qildi.

Biroq fraksiya a’zolari bu masalaga deputatlar oldida emas, qonunda oydinlik kiritish kerakligini qayd etdi. Asosiy tushunchalar sifatida ushbu so‘zning izohlanishi keyinchalik undan foydalanuvchilar uchun qiyinchiliklarni yuzaga keltirmasligiga urg‘u berildi.

Tashabbuskorlar fraksiya taklifini keyingi o‘qishgacha o‘zgarish sifatida loyihaga kiritishini bildirdi.

Muhokamalardan so‘ng loyiha konseptual ma’qullandi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish